-gach (-kach, -qach) affiksi: Kelgach, ekkach, chiqqach. Ravishdoshning bu turi qo‘yidagi vazifalarda qo‘llanadi: 1) payt ma’nosini bildiradi va payt ergash gapning kesimi vazifasida kelib, bosh gapdagi harakatning o‘zi bildirgan harakatdan keyin bajarilishini ifodalaydi: U yechinib ko‘rpaga kirgach, Ikromjonga nimadir demoqchi bo‘lib boshini ko‘tardi. (S.Ahm.) 2) sabab ma’nosini bildiradi va sabab ergash gapning kesimi vazifasida keladi: Ko‘ksimda o‘ynadi bir onda sevinch, mahallam oldiga kelgach tramvay.(O.) 3) -gach affiksi yordamida yasalgan ravishdoshning bo‘lishsiz shakli –ma orqali yasalib, asosan, sabab ma’nosini ifodalashda qo‘llanadi: Hadeganda eshik ochilavermagach, xavotir oldik. Ushbu ma’no chiqish kelishigidagi sifatdoshning keyin so‘zi bilan birikuvi vositasida ham ifodalanadi: kelgach - kelgandan keyin, aytavermagach - aytavermagandan keyin.