2. Eski o‘zbek adabiy tili XIV asrdan X1X asrning birinchi yarmi-gacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Milliy adabiy tilining dastlabki namunalari sifatida Xorazmiyning "Muhabbatnoma", Durbekning "Yusuf va Zulayho", Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy kabi mumtoz adabiyot vakillari qalamiga mansub asarlar tilini qayd etish mumkin. Bu davr adabiy tilining rivojida, Alisher Navoiyning hissasi nihoyatda salmoqli-dir. Xususan, Navoiy o‘zining dunyoga mashhur durdona asarlari bilan o‘zbek adabiy tilini stilistik nuqtai nazardan rivojlantirgan bo‘lsa, "Muhokamat-ul lug‘atayn" asari bilan o‘zbek adabiy tilini, uning badiiy uslubini ilmiy - nazariy jihatdan asoslab berdi. Alisher Navoiyning buyuk xizmatlari shunda ham ko‘rinadiki, u ona tilining ichki imkoniyatlaridan keng foydalanish masalasini o‘rtaga qo‘ygan holda, birinchi bo‘lib adabiy tilni boshqarish muammosiga diqqat qaratdi va uni o‘z zamonasi talabi asosida yuqori darajada hal qila oldi. Shu bois Navoiy asoslagan adabiy til uning izdoshlari tomonidan keyingi asrlar davomida ham izchil rivojlantirib borildi. Xususan, Navoiy asarlari yuzasidan «Badoi al-lug‘at», «Sanglox», «Lug‘ati atrakiya», «Abushqa» (eski o‘zbekcha-usmonli turkcha) kabi ko‘plab lug‘atlarning yaratilgani, hamda Navoiydan so‘ng yashagan shoirlar ijodida, hatto mumtoz she’riyat yo‘lida yaratilgan zamonaviy shoirlar ijodida ham ana shu an’ana davom etib kelayotgani shundan dalolat beradi.