Fe’l mayllari sinonimiyasi. Fe’l mayllarini hosil qiluvchi affikslar nutq talabiga ko‘ra o‘zaro sinonim sifatida ham ishlatiladi:
1. Xabar maylidagi fe’l buyruq-istak mayli manosini ifodalashda ishlatiladi: Qani, yigitlar, ketdik! Kechagi qiliqlaring uchun bugun hech yoqqa chiqmaysan, tushundingmi!
2. Xabar maylidagi fe’l shart mayli vazifasida qo‘llanadi: Va’da berdingmi-bajar. Boshga bir ish tushdimi, yagona yo‘l- uni jasorat bilan yengishdir.
3. Buyruq-istak maylidagi fe’l xabar mayli vazifasida ishlatiladi: Bolani o‘qitish o‘rniga xizmatingizni qildiring, yana urdiring! Sizda insof bormi? (xizmatingizni qildiribsiz, urdiribsiz)
4. Buyruq–istak maylidagi fe’l shart mayli vazifasida qo‘llanadi: Kimlardir mehnat qilsin-u, rohatini siz ko‘rasizmi?! Avval qo‘ng‘iroq chalsin, keyin hammamiz birga tashqariga chiqamiz.
5.Shart maylidagi fe’l xabar mayli ma’nosini ifodalashga xizmat qiladi: Kenjaboyning o‘g‘li yugurib kelsa-yu, to‘ni bilan sumkasini qo‘limga tutqazsa bo‘ladimi? (O.) (qo‘limga tutqazdi).
6. Shart maylidagi fe’l buyruq-istak mayli vazifasida qo‘llanadi: Sabr qilsang, g‘o‘radan halvo pishar (sabr qil, g‘o‘radan halvo pishadi).
Dostları ilə paylaş: |