11-§. Qo‘sh unli va undoshlarning qo‘llanishi. O‘zbek tilida so‘z tarkibida tovushlarning qo‘shaloq qo‘llanishi asosan o‘zlashma so‘zlar ta’sirida paydo bo‘lgan hodisadir. Chunki o‘zbek tilidagi so‘zlar tarkibida tovushlar aksariyat hollarda unli+undosh yoki aksincha undosh+unli tarzida joylashadi. Xususan, o‘zbek adabiy tilida bir xil unlilarning yonma-yon kelishi, asosan, so‘z o‘zlashtirish orqali vujudga kelgan bo‘lib, so‘zning quyidagi o‘rinlarida uchratish mumkin:
1.So‘z o‘rtasida: manfaat, badiiy, murojaat, taajjub; 2. So‘z oxirida: mudofaa, matbaa, mutolaa.
Har xil unlilarning yonma-yon kelishi ham tilimizdagi o‘zlashma so‘zlarga xos bo‘lib, so‘zning barcha o‘rinlarida uchraydi: oila, aorta, qoida, jamoat, jamoa, qanoat kabi.
Adabiy tilda har xil va bir xil unlilarning yonma-yon ishlatilishiga nisbatan undoshlarning ana shunday qo‘llanishi kengroq tarqalgan. Masalan, bir xil undoshlarning yonma-yon kelishi o‘z va o‘zlashma so‘zlarda so‘z o‘rtasida kuzatiladi: sakkiz, ikki, ellik, chappa, to‘qqiz, o‘ttiz, sodda, mudarris, Muzaffar, Izzat, gijja, hamma kabilar. So‘z oxirida esa bu hodisa faqat o‘zlashma so‘zlarda uchraydi: progress, kilovatt, gramm, matall kabi.
Har xil undoshlarning yonma-yon kelishi: stol, spravka, shtrix, traktor kabi o‘zlashmalarda so‘z boshida; qavart, yugurt, muzey, do‘st, qand, past, baland, baxt kabi o‘z va o‘zlashma so‘zlarda esa so‘z oxirida uchraydi.
Dostları ilə paylaş: |