2-§.Yozma nutqning uslubiy chegarlangan leksikasi kitob, jurnal, gazeta va shuning kabilarda qo‘llanadigan, umuman, yozma asarlar uchun xarakterli bo‘lgan so‘zlarning nisbatan turg‘un, barqaror, uslubiy bo‘yog‘i bo‘lgan yoki bo‘lmagan so‘zlarni taqozo etadi. Jumladan, rasmiy uslubga, poetik leksikaga, xalq dostonlariga, ommabop uslubga oid so‘zlar ma’lum darajada qo‘shimcha bo‘yoqqa ega bo‘ladi. Shu bois mazkur uslublarga xos so‘zlar og‘zaki nutqqa oid so‘zlardan ajralib turadi. Masalan, saylamoq, majburiyat, modda, farmon, jarima, izoh, isbot, mazkur, shaxsan; cheksiz, buyuk, asl, dargoh; ijozat, burch, bevosita, tabrik, boshchilik, erishmoq; zangori, ajoyib, sokin, mayin, chehra, jamol, ishq; dilovar, ajdar, dev, zo‘ravon; kapital, ozodlik, ilg‘or, qoloq, , qardoshlik, do‘stlik, tinchlik va boshqalar.
Ammo ilmiy - texnik terminlar, tarixiy so‘zlar, kasb-hunarga oid so‘zlar, asosan, his-hayajonsiz bo‘ladi. Hatto avval his-hayajonli bo‘lgan so‘z ham termin tusiga kirishi bilan his-hayajon bo‘yog‘ini yo‘qotadi. Buning o‘rniga "kitobiylik" bo‘yog‘i paydo bo‘ladi. Masalan, kichik tilcha, qorincha, miya, umurtqa kabi anatomiya sohasiga oid so‘zlar, til, lab, bo‘g‘iz bo‘shlig‘i, tovush paychasi kabi tilshunoslikka oid terminlar shular jumlasidandir. Ana shu "ilmiylik", "kitobiylik", "maxsuslik" xususiyati ilmiy - texnik terminlarni va kasb-hunar so‘zlarini uslubiy jihatdan umumiste’moldagi boshqa so‘zlardan farqlanishiga va qo‘llanish doirasining cheklanishiga olib keladi.
Dostları ilə paylaş: |