4-§. So‘zni morfemalarga ajratishda so‘z tarkibidagi ma’noli qismlarning hozirgi tilda leksik yoki grammatik ma’noni vujudga keltirishi nuqtai nazaridan yondashiladi. Xususan, o‘zak sifatida ajratiladigan qism, bugungi tilda ma’noga ega bo‘lishi, bu ma’no turli qo‘shimchalar asosida shakllangan o‘zakdosh so‘zlar bilan bog‘lana olishi lozim. Masalan: yig‘+im, yig‘+iq, yig‘+ma, yig‘+in+di kabilar. Affiks sifatida ajratiladigan qism esa turli o‘zaklarning leksik va grammatik ma’nolarini shakllantirishda ishtirok eta olish, ya’ni takror qo‘llanish xususiyatiga ega bo‘lishi lozim. Masalan: ter+im, o‘r+im, bos+im kabi. Shu bois ba’zi so‘zlar tarkiban o‘zak va affiks morfemadan iboratdek ko‘rinsa ham, ular qismlarga ajratilganda takrorlanuvchi ma’noga ega bo‘lmasa, bitta ma’noli qism hisoblanadi. Masalan: quloqchin, tirik so‘zlarini quloq+chin, tir+ik kabi ma’noli qismlarga ajratib bo‘lmaydi. Shuningdek, tarixan ikkita ma’noli qismdan iborat bo‘lib, hozirgi paytda ma’noli qismlar tushunarsiz holga kelib qolganda ham bunday so‘zlar bitta morfema sifatida baholanadi: bugun (bu+kun), yuksak (yuk+sa+k), qattiq (qat-iq).