8-§. O‘zak va affikslarning qo‘shilish tartibi. Affikslarning o‘zakka qo‘shilish tartibi ham o‘ziga xoslikka ega. Xususan, so‘z tarkibida ma’noli qismlar joylashishining odatdagi tartibi asosan, o‘zak yoki negiz+ so‘z yasovchi+shakl yasovchi+so‘z o‘zgartuvchi shaklida bo‘ladi. Masalan: qishloq+dosh+lar+imiz, qo‘riqla+di+k. O‘zakka so‘z yasovchi qo‘shimcha qo‘shilishi bilan negiz hosil bo‘ladi. Masalan: ter+im, quri+q, tinch+i (moq) kabilar negizdir. Agar so‘z tarkibida birdan ortiq so‘z yasovchi qo‘shimcha ishtirok etsa, u holda negizning chegarasi oxirgi so‘z yasovchi qo‘shimcha bilan belgilanadi. Masalan: bil+im+don+lik yasalmasida bilimdonlik negizdir. Demak, odatdagi tartibga ko‘ra shakl yasovchi va so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalar so‘zning o‘zak qismiga (bil+di+m) yoki negiziga (bil+im+lar+dan // bil+im+don +lig+i+ni) qo‘shilishi mumkin.
Ba’zan, affiks morfemalarning odatdagi tartibida o‘zgarishlar yuz berishi ham mumkin. Bunday o‘zgarishlar ko‘pincha uslubiy talablar yoki sheva ta’sirida yuzaga keladi: aka+m+lar - aka+lar+i+im, ko‘r+di+ng+lar - ko‘r+di+lar+ing. Ayrim hollarda yasovchi qo‘shimcha shakl yasovchi va so‘z o‘zgartuvchidan keyin qo‘shilib yangi ma’noli so‘z hosil qilishi mumkin: uka+lar+im+cha (bo‘lolmaysan), tort+in+choq, kuy+in+chak (kishi) kabi. Bunday holat affiks shaklidagi yuklamalar va qo‘shimchalarning o‘zakka qo‘shilishida ham kuzatiladi. Masalan, bola+m+gina so‘zida –gina urg‘usiz bo‘lib, ajratish ma’nosini anglatadi, mazkur yuklama bilan shakldosh bo‘lgan otlardagi erkalash qo‘shimchasi –gina esa o‘zakka odatdagi tartibda qo‘shiladi: bola+gina+m. Qo‘shimcha shaklidagi yuklamalar, odatda, barcha turdagi affiks morfemalardan keyin qo‘shiladi: kitob+mi, kitob+dan-chi, kitob+lar+da+gina, bog‘+cha+lar+dan+a kabi. Biroq, -mi yuklamasi fe’llarga qo‘shilganda odatdagi tartib o‘zgarishi mumkin: ko‘r+gan+di+ng+mi// ko‘r+gan+mi+di+ng.
Dostları ilə paylaş: |