ODOB VA NAFOSAT TARBIYASI Donolardan biri go‘zallik axloq-odobning tug‘ishgan singlisidir, degan edi. Darhaqiqat, bu juda to‘g‘ri ta’rif. Odatda odob va nafosat tarbiyasi o‘zaro chambarchas bog‘liq holda amalga oshiriladi. Chunki nafosat tarbiyasining natijasi axloq-odobda, chiroyli xattiharakat, go‘zal munosabatda va hayotga, kelajakka, insonlarga, tabiatga muhabbatda ko‘rinadi. Xalqimiz: „Kamtarlik ham husn“, deydi. Mana shu birgina iborada chuqur ma’no bor. Nafosat tarbiyasi tufayli yoshlarda kamtarlik xislati tarkib topadi. Bu xislat kishilarning eng go‘zal, eng chiroyli belgisidir. „Kishining chiroyi yuzida“, deydi xalqimiz. Bir go‘zal tabassum kishilarga misoli quyosh bo‘lib, qalblarga iliq nur taratadi. Kishi biror asarni o‘qib, chehrasi yorishib ketadi. Yoki yoqimli biror kuy, ashula tinglasa, boshi mayin tebranadi, biror go‘zal rasm, manzarali tasvirga boqib undan ko‘z uzolmay qoladi, qalbi quvonchlarga to‘ladi. Xunuk xatti-harakatdan nafratlana bilish tuyg‘usini ham nafosat tarbiyasi paydo qiladi. Bunda badiiy asarning roli muhimdir. Masalan, „Zumrad va Qimmat“ ertagidagi Qimmatning xulqatvori, qiliqlari, xatti-harakati o‘quvchi qalbida nafrat uyg‘otadi. Zumradning tevarak-atrofga munosabati, mehnatsevarligi, kamtarligi, sezgirligi, shirin so‘zligi kabi xislatlari esa, aksincha, qalblarda qoniqish, quvonch, iliqlik, tabassum, unga xayrixohlik paydo qiladi. Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, ayrim yoshlar go‘zallikni tor ma’noda tushunadi. Ya’ni chiroyni ko‘pincha husn-jamolda deb bilishadi. Bu bir tomonlama tushunchadir. Har tomonlama to‘liq ma’nodagi chiroy esa, husn-jamol qalb go‘zalligida, ma’noli so‘zdadir. Xalqimiz ham „Chiroy xusn-u jamolda emas, fazl-u kamolda“, deb bejiz aytmagan! Go‘zallik tarbiyasida shu narsaga erishish kerakki, tashqi qiyofani haddan tashqari bezayvermasdan, asosan ma’naviy olamini bezash uchun intilish lozim. Shunday ekan, bolada juda yoshlikdanoq odob go‘zalligiga erishishimiz zarurdir. Buning uchun o‘qituvchilarimiz go‘zallik ilmi bilan qurollangan bo‘lishlari muhimdir. Bundan maqsad yoshlarga go‘zallik asosida tarbiya berishdir. Estetik, ya’ni go‘zallik tarbiyasini singdirishning ahamiyati katta. Bunday tarbiya, avvalo, yoshlarni turmushdagi go‘zallik va xunuklikni tushunish, his etish orqali ma’lum bir kayfiyatni shakllantiradi, ularda go‘zallikdan zavqlanish, xunuk qiliq, xattiharakatlardan nafratlana olish qobiliyatini paydo qiladi, kishilarni ma’naviy fazilatli bo‘lishga yetaklaydi. Estetik hissiyot, odob insonni oliyjanob qiladi, uni yuksaklikka chorlaydi. Ana shu tuyg‘u rivojlangan bo‘lsagina kishilarda chinakam mehr, samimiyat, oliyjanoblik, kamtarlik kabi fazilatlar va go‘zallikka tashnalik hosil bo‘ladi. Estetik tuyg‘u: kechinmalar didni o‘stiradi, zehnlilikni kuchaytiradi. Didi, zehni o‘tkir kishining so‘zi bilan qilgan ishlari o‘zaro monand bo‘ladi, u intizomlilikda namuna ko‘rsatadi. Yuksak didli inson ichki va tashqi go‘zallikning birligini anglab yetadi. Har bir narsadagi, hodisa va voqealardagi uzviy aloqadorlikni chuqur his qila oladi. Yaxshi did, o‘zini tuta bilish va tarbiyalanganlik bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. O‘zini tuta bilish, odob, xulq-atvordagi tarbiyalanganlik esa suhbat va gaplashishdagi yaxshi did-farosat hisoblanadi. Yaxshi, nozik did kishining yuksak axloqiy sifatlarida ifodalanadi va ularni yanada rivojlantirishga yordam beradi. Inson ma’naviy madaniyatining umumiy darajasi, aqliy, estetik va axloqiy rivojlanishi qancha yuqori bo‘lsa, uning ichki ma’naviy dunyosi tashqi qiyofada shuncha yaqqolroq aks etadi. Zero, ichki go‘zallik tashqi qiyofada ko‘rinadi. Ichki va tashqi go‘zallik birligi — bu axloqiy kamolotning go‘zal ifodalanishidir. Inson go‘zal bo‘lishga, go‘zal ko‘rinishga harakat qiladi—bu tabiiy hol. Ammo uni amalga oshirish axloqiy fazilatga, ya’ni insonning go‘zalligi uning ijodiy, yaratuvchilik faoliyati mazmuniga bog‘liqdir. Agar inson o‘zi sevgan faoliyat bilan band bo‘lar ekan, unda ichki ko‘tarinkilik, oliyjanoblik va ilhombaxsh tuyg‘u paydo bo‘ladi. Insonning ichki va tashqi ma’naviy dunyosi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi qanchalik go‘zal bo‘lmasin, agar undan jamiyatga foyda bo‘lmasa, uni nafosatli deb ayta olmaymiz. Zotan, haqiqiy go‘zallik har bir kishining ijtimoiy-foydali faoliyati darajasi bilan o‘lchanadi. Inson mehnati bilan yaratilgan narsalar faqat moddiy jihatdan foydali bo‘libgina qolmasdan, balki zavq-shavq uyg‘otish manbayi hamdir, chunki ular kishining bahri dilini ochadi, unga ma’naviy oziq beradi. Inson mehnat jarayonida boshqa insonlar bilan muomala qiladi, ularga yaqinlashadi. Natijada aqliy, axloqiy va hissiy kamolotga erisha boshlaydi. Kishilar bilan muomala qilish jarayonida o‘z-o‘zini takomillashtiradi. Insoniy muomala madaniyati kishini donolik va zavq-shavq bilan boyitadigan mo‘jizaviy kuch-qudratga egadir. Zero, kishilar bilan uchrashishdan, ulardagi ma’naviy boylikni bilishdan inson o‘zi uchun bitmas-tuganmas oziq oladi. Xuddi shu insoniy muomala madaniyatida shaxsning hayotni sevishi shakllanadi va yangi inson kamol topadigan ma’naviy muhit mustahkamlanadi. Insoniy muomalaning ichki ahamiyati shundan iboratki, bu jarayonda inson boshqalarning ichki dunyosini tushunadi va his etadi. Bu bilan u tor biqiqlik va xudbinlikdan xolis bo‘ladi, xushmuomalalik gashtidan zavqqa to‘lib, o‘z hayotini ma’naviy boyitadi. Xullas, estetik did, estetik qobiliyat, hissiyot madaniyati birdaniga paydo bo‘lmaydi, tabiatdan tayyor holda berilmaydi. Har qanday insoniy qobiliyat qatorida go‘zallik tuyg‘usi ham tarbiyalash, ham rivojlantirish, ham takomillashtirishga muhtojdir. Bularning hammasida inson go‘zalligi namoyon bo‘ladi. Xalqimiz „Yaxshi husningni yomon xulqing buzadi“, deb bekorga aytmagan.