III. Ma’lumotlarni vizual shaklda taqdim etish. Ma’lumotni tahlil qilishda
olingan ma’lumotlarni vizual – tasvir (jadval, tasvir, rasm, sxema, diagramma,
gistogramma) ko‘rinishida ixcham holda taqdim etish ularning tushunarli, aniq
ifodalanishini ta’minlash bilan birga boshqalar tomonidan oson, tez tushunilishiga
yordam beradi. Shu sababli pedagogik tashxislashni amalga oshirayotgan
o‘qituvchi yoki mutaxassis, ilmiy tadqiqotni olib borayotgan magistr yoki
tadqiqotchi ma’lumotlarni vizual ko‘rinishda taqdim etish malakasini o‘zlashtira
olishi zarur. Shuningdek, ular zmonaviy AKT va ularning funksional
imkoniyatlaridan yetarlicha xabardor bo‘lishlari kerak. Binobarin, zamonaviy
sharoitda ma’lumotlarni vizual ko‘rinishda taqdim etish AKT, xususan,
kompyuter texnologiyasi yordamida amalga oshrilmoqda.
1. Ma’lumotlarni jadval yordamida ifodalash usuli. Bu usul tushunarli
matn bilan birga sifat va miqdor ko‘rsatkichlarni taqdim etish imkonini beradi.
Odatda jadvalning nomining o‘ziyoq undan foydalanuvchilarga unda keltiriladigan
raqamlar qatori va jadvalning ichki sarlavhalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib
beradigan mezon yoki ko‘rsatkichlar (o‘lchanayotgan holat, joy, vaqt, o‘lchov
birliklari va hokazolar)ga ma’lumot taqdim eta olishi kerak.
2. Ma’lumotlarni matrisa orqali ifodalash usuli. Bu usul har qanday
funksional va mantiqiy aloqalarga ega bo‘lgan satr va qatorlar (ustunlar) bo‘lgan
jadval. Natijada matrisa pedagogik jarayonning turli omillari orasidagi aloqaning
bor yoki yo‘qligini ochib beradi.
3. Ma’lumotlarni grafik ko‘rinishida ifodalash usuli. Grafik shaklda
ma’lumotlarni taqdim qilish jadvallardan ham aniqroq, eksperimental
ma’lumotlarning o‘zgarish jarayonini yaqqol ko‘rsatib beradi. Graflar
to‘rtburchaklar koordinatali tizimda qurilgan bo‘lib, unda “X” o‘qida namunaning
qiymati, “Y” o‘qi bo‘ylab qiymat, xususiyat tartibi va hodisaning chastotasi
belgilanadi.