6. Axborot berish funksiyasi. Raqamli texnologiyalar tezkor
rivojlanayotgan mavjud sharoitda axborot barcha sohalarda yetakchi omil sifatida
ko‘zga tashlanmoqda. Ta’limda ham nafaqat bugungi kunda, balki barcha
davrlarda ham axborotga egalik muhim ahamiyatga ega. Binobarin, axborotlar
ta’limning mavjud holatini baholash, istiqbolini bashoratlash, ta’lim jarayoniga
nisbatan yangicha yondashuvlarni qaror toptirish imkoniyatini ta’minlaydi. Bunda,
eng muhimi, axborotlarning xolis bo‘lishi, ularni zarur vaziyatlarga tezkor qo‘lga
kiritish imkoniyatining mavjudligidir. Pedagogik nazorat jarayonida qo‘lga
kiritilgan har bir axborot (ma’lumot) u xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin muhim
ahamiyatga ega. Chunki ular asl vaziyatni to‘g‘ri talqin qilish va istiqbolli
rivojlanish yo‘nalishlarini oqilona belgilashga xizmat qiladi.
7. Qiyoslash funksiyasi. Pedagogik nazoratda boshlang‘ich, oraliq va yakuniy
nazorat natijalarini o‘zaro qiyosiy o‘rganish, tahlil qilish ahamiyatli hisoblanadi.
Ayniqsa, boshlang‘ich va yakuniy nazorat natijalarini o‘zaro qiyosiy o‘rganish
o‘qituvchi faoliyati samaradorligini belgilashga yordam beradi. Zero, boshlang‘ich
nazoratda qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar asosida pedagogik faoliyatning zarur
yo‘nalishlarini belgilash, mavjud muammolarni bartaraf qilish hamda ijobiy
omillar ta’siri kuchaytirishga harakatilgan amaliy harakatning samarasi yakuniy
nazorat natijalarida o‘z aksini topadi.
8. Bashoratlash funksiyasi. Nafaqat pedagogik nazoratda, balki yaxlit ta’lim
jarayoni va tizimida ham bashoratlash o‘ziga xos o‘rin tutadi. Mavjud vaziyat, uni
tavsiflovchi ko‘rsatkichlarni inobatga olgan holda o‘qitish hamda tarbiya
jarayonida istiqbolni belgilash o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish, ularni har
tomonlama yetuk shaxs sifatida tarbiyalashdan iborat pedagogik vazifaning
to‘laqonli bajarilishini ta’minlaydi.