Shaxs (o‘quvchi)ning aqliy rivojlanish darajasini tashxislash – u
tomonidan o‘quv fanlarini o‘zlashtirish asosida uning fikrlash qobiliyati, tafakkuri, intellektual salohiyatining muayyan pog‘onaga egaligini, holatini tahlil qilish hamda baholash. Har qanday tashxislashda bo‘lgani kabi o‘quvchining aqliy rivojlanish
darajasini tashxislash aniq maqsadga muvofiq amalga oshiriladi. O‘quvchining
aqliy rivojlanish darajasini tashxislash
maqsadi – uning o‘quv fani (fanlari)ni samarali
o‘zlashtirishda erishayotgan yutuqlari darajasini baholash hamda omillarini aniqlash
yoki o‘quv materialini o‘zlashtirishda u duch kelayotgan qiyinchiliklarni, ularning
sabablarini tahlil qilish orqali fikrlash qobiliyati, tafakkuri, intellektual salohiyatining
muayyan darajasini belgilashdan iborat.
Bu jarayonda quyidagi vazifalar hal qilinadi:
maqsaddan kelib chiqqan holda tashxislashning samarali bo‘lishini
ta’minlovchi metod, vosita hamda texnologiyalarni tanlash;
ular asosida tashxislovchi (nazorat, sinov) materiallarni tayyorlash;
tayyorlangan tashxislovchi (nazorat, sinov) materiallarni o‘quvchi yoki
o‘quvchilar guruhiga taqdim etish;
o‘quvchi yoki o‘quvchilarning tashxislovchi (nazorat, sinov) materiallar
bo‘yicha javoblar natijalarini umumlashtirish;
umumlashtirilgan javoblar natijalarini tahlil qilish va baholash;
baholash natijalari e’lon qilish;
yakuniy natijalarga tayangan holda ta’limning istiqbolli yo‘nalishlarini
belgilash yoki ta’lim sifatini yaxshilashga doir dasturni ishlab chiqish.
Zamonaviy sharoitda shaxsning kreativ fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lishi
uning aqliy salohiyatga egaligini ifodalaydi. Shu sababli mavzuni o‘rganishda
shaxsning kreativ qobiliyatining rivojlanganlik darajasini tashxislovchi metod
va metodikalar xususida so‘z yuritiladi.
Kreativ tafakkurning darajasi fikriy tezlik, vaziyatni har tomonlama tahlil qilish,
yechim sifatida ko‘plab g‘oyalarni ilgari surish, ularni sintezlash, eng maqbul variantni
yechim sifatida tanlash, yechimni bayon qilish, yechim asosida amaliy qiymatga ega
mahsulotni yaratishga qaratilgan fikriy + kinestetik (bevosita bajarilagan)
harakatning samaradorligi bilan aniqlanadi.