9-mavzu: Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining tashkil etilishi va faoliyati
Reja:
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat jamoatchilik Kengashining tashkil etilishi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika Ma’naviyat va ma’rifat” kengashini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmoni va undan kelib chiqadigan vazifalar
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Markazini qayta tashkil etilishi
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlangan ma'naviy-ma'rifiy ishlar ko'lami yil sayin kengayib takomillashib bordi. Bu borada mamlakatimiz rahbari Farmoni asosida 1994 yildan rasmiy tashkilotlar tuzilgan bo'lsa, qilingan ishlar umumlashtirilib, tajribalar boyitilib, zamon talabi bo'yicha qo'shimcha o'zgarishlar kiritilib borildi.
Har 2-3 yilda hukumat qarorlari chiqarilib ma'naviy-ma'rifiy ishlar takomillashtirildi va uning mohiyati aholining barcha qatlamlariga yetkazildi, xalqimiz ruhiy-ma'naviy kamoloti o'tish davriga moslanib bordi.
1999 yil 3 sentyabrida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Kengashini qo'llabquvvatlash to'g'risida” gi Farmoni e'lon qilindi. Unda “mamlakat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish jarayonida aholining ijtimoiy siyosiy faolligini oshirib borishda yuksak ma'naviyat va ma'rifatli milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur egallagan, demokratik tamoyillar hamda fuqarolik jamiyati asoslarini har tomonlama o'zlashtirgan, shaxsiy va umummilliy manfaatlarini o'zaro uyg'un ko'ra oladigan erkin shaxs va ongli avlod tarbiyalash” Kengashning asosiy vazifasi sifatida belgilab qo'yildi.
Kengash o'z atrofiga 60 ga yaqin tashkilotni birlashtirib, ularning ma'naviy ma'rifiy va mafkuraviy targ'ibot yo'nalishidagi faoliyatlarini muvofiqlashtirib kelmoqda. Kengashning faoliyati bevosita o'sib kelayotgan yangi avlodni milliy istiqlol ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda tom ma'nodagi fidoyilik va vatanparvarlik muhitini yaratish, vatandoshlarimizni bunyodkorlik ishlariga safarbar etish, ularni yot g'oyalardan himoya qilish kabi ezgu maqsadlarga yo'naltirilgan.
Kengash jamoatchilikka dunyoda bugungi kunda sodir bo'layotgan voqealar, mavjud ziddiyatlar, mustaqillik va milliy qadriyatlarimizga, betakror urfodatlarimizga tahdid solayotgan oqimlar va ta'sirlar, jumladan, xalqaro terrorizmning asl mohiyatini ochib berishda alohida faollik ko'rsatmoqda.
Ma'lumki, hozirgi davrda turli mafkura va ta'limotlar o'rtasidagi ziddiyatlar tobora kuchayib, inson ongi va tafakkurini zabt etish qurolli to'qnashuvlarga olib bormoqda. Jumladan, xalqaro terrorizm va aqidaparastlikning boshqa ko'rinishlari asrimiz vabosi sifatida ko'plab begunoh odamlarning hayotiga zomin bo'lmoqda. Fahsh, jangarilik, zo'ravonlik, milliy mahdudlik, informatsion xurujlar yoshlarimiz ongiga tajovuz qilmoqda. Ulardan ko'zlangan asosiy maqsad g'ayriinsoniy tubanlikni targ'ib qilish, milliy qadriyatlarimizni obro'sizlantirishdir. Ana shunday global tahdidlarni bartaraf etish, qadriyatlarimizni asrabavaylash, globallashuv jarayonida o'zligimizni asrab qolishni to'la ta'minlash ham Kengashning asosiy vazifasi hisoblanadi. Uni amalga oshirish uchun jamiyatimizdagi barcha sog'lom kuchlarni birlashtirishimiz kerak.
Zero bugun xalqlarning taqdiri jangohlarda emas, balki mafkuraviy, ma'naviy ma'rifiy kurash maydonlarida hal bo'lmoqda.
Bevosita Kengash tuzish munosabati bilan barcha Oliy va o'rta maxsus hamda Xalq ta'limi vazirliklari tizimida ma'naviyat ishlari bo'yicha prorektor va direktor o'rinbosari lavozimlari joriy qilindi. Ular yoshlarimizni fidoyilik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga salmoqli hissa qo'shmoqda.
Kengash o'z oldiga “Jaholatga qarshi ma'rifat” g'oyasiga tayangan holda xalqimiz ongi va qalbini mustabid o'tmish asoratlari-ma'naviy mutelik va qo'rquv, mustaqil fikrsizlik, ko'r-ko'rona sajdabozlik, g'oyaviy muvozanatsizlik singari illatlardan forig' etish, hur tafakkur va erkin turmush tarziga xos ko'nikmalar bilan quvvatlantirish, ayni paytda ozodligimiz, taraqqiyotimizga tahdid soluvchi tashqi va ichki g'anilarning turli niqobdagi g'arazli niyatlaridan o'z vaqtida ogohlantirib va muhofaza etib, har bir fuqaroda o'z irodasiga, halqining kuch-quvvatiga, Vatanning yorqin kelajagiga komil ishonch, sobit iymon tuyg'usini kamol toptirishni maqsad qilib qo'yadi.
Keng jamoatchilikning, peshqadam ziyolilarning tajribali, bilimi, salohiyatiga tayangan holda jamiyat har bir a'zosining yurt tinchligi, el saodatiga xizmat qilish, izlanish va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash orqali kuchli davlatdan kuchli jamiyat yaratish tamoyilini muntazam targ'ib va tashviq etishni uyushtirish va ro'yobga chiqarish Kengashning bosh vazifani hisoblandi.
Respublika milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining tashkil etilishi va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar
Vatanimiz mustaqilligining ma'naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an'ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat, istiqlolga sadoqat tuyg'ularini chuqur singdirish masalasi bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada tegishli idora va tashkilotlar, jumladan, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi hamda uning joylardagi bo'limlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, xalqaro maydonda mafkuraviy, g'oyaviy va informatsion kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlarimizning hayotga ongli munosabatini shakllantirish, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga dahldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch-osoyishta hayotimizga xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish vazifasi Ushbu sohadagi ishlarni, jumladan, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining faoliyati va tarkibiy tuzilishini qayta ko'rib chiqishni taqozo etdi.
Mamlakatimizda milliy g'oya targ'iboti va ma'naviy-ma'rifiy ishlarning samaradorligini, ularning hayotiyligi va ta'sirchanligini yanada oshirish maqsadida hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining navbatdagi yig'ilishida bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 25 avgustdagi «Milliy g'oya targ'iboti va ma'naviy-ma'rifiy ishlarning samaradorligini oshirish to'g'risida»gi qarori bilan Milliy g'oya va mafkura Markazi tashkil etilgan, unga asosan:
1. O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashiga raislik qilish, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorgi Kengesi Raisi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlariga esa hududiy kengashlarga rahbarlik qilish vazifasi yuklatildi.
2. Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorgi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari shtatlar jadvaliga qo'shimcha ravishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha yordamchisi shtati (14 ta shtat birligi) kiritildi.
3. Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi huzuridagi Milliy mafkura ilmiy targ'ibot markazi o'rniga Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining ilmiy-amaliy yo'nalishda faoliyat olib boradigan, davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan Milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi.
Ilm-fanimizning hozirgi zamondagi dolzarb vazifalaridan biri – yoshlarni ma'naviy-aholqiy jihatdan tarbiyalash, milliy g'oyani nazariy jihatdan takomillashtirishdan iborat. Talabalar ongiga milliy g'oyani singdirish orqali ularning dunyoqarashini, shaxsiyatini shakllantirish bugunning dolzarb muammolaridir.
Madaniy-ma'rifiy tadbirlar yoshlarni ma'naviy-ahloqiy, milliy-ma'naviy ruhda tarbiyalashda katta o'rin tutadi. Madaniy-ma'rifiy tadbirni o'ziga xos muruvvatlarni hisobga olib o'tkazish orqali yoshlarni milliy ma'naviy-ahloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ular ongiga milliy istiqll g'oyasini singdirish borasidagi faoliyatimizda yuqori samaradorlikka erishish mumkin.
Ta'lim tizimida madaniy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil qilish va ularning ma'naviy-ahloqiy tarbiyaga yo'naltirilganligini ta'minlash ta'lim muassasalari rahbarlari, avvalo, o'quv yurti rahbarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosarlarining vazifasidir. Ular o'z faoliyati davomida o'quvchilarning maktab va maktabdan tashqarii faoliyatidan xabardor bo'lishi va ularni nazoratga olishi, madaniy va ma'rifiy tadbirlarga keng jalb qilishning samarali yo'llarini qo'llashi zarurdir.
Ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil etishda quyidagi jihatlarga rioya qilish maqsadga muvofiq:
- ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda yuqori interaktivlikka erishish;
- o'zinio'zi tarbiyalash jarayonini tashkil etish;
- tadbirga kompleks yondashish;
- tadbirning ma'naviy-ahloqiy, milliy, tarbiyaviy ruhda bo'lishi;
- inson va jamiyat manfaatlariga uyg'unligi va hokazo.
Madaniy-ma'rifiy tadbirlarning ma'naviy-ahloqiy tarbiyadagi ahamiyatini tadqiq etish, avvalo, shu atama va unga turdosh bo'lgan «ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar», «madaniy tadbirlar», «badiiy-ommaviy tadbirlar», «ommaviy tadbirlar», «badiiy tadbirlar» singari atamalarning mazmun doirasi va mohiyatini aniqlashni taqozo etadi.
«Madaniy tadbirlar deganda, odatda, marosimlar, tomoshalar, o'yinlar, to'ylar, sayillar, namoyishlar, tantanali kechalar, festivallar, olimpiadalar, dekadalar, yubileylar kabi ko'plab shakllar nazarda tutiladi».
«Madaniy tadbirlarning asosiy ish shakllari quyidagilardan iborat: ma'ruza, ilmiy va ijodiy konferentsiyalar, ilmiy bahslar, seminar, simpozium, munozara, ijodiy uchrashuvlar, dam olish kechalari, mavzuli kechalar, o'tkir zehnlilar bahslashuvlari, teatrlashgan kontser, ommaviy tomosha, marosim, sayil, bayram, festival', karnaval, ko'rik-tanlovlar, sayohat, madaniy sayr, ekskursiyalar, olimpiada, ko'rgazmalar, yarmarka, qiziqarli o'yinlar, badiiy sport tadbirlari, targ'ibot-tashviqot guruhlari chiqishlari, badiiy havaskorlik to'garaklari uyushmalari va hokazolar»1.
Madaniy tadbirlarni o'tkazish bilan shug'ullanadigan muassasalar turli-tuman bo'lib, ulardan har biri muayyan turdagi tadbirlarni o'tkazishga ixtisoslashadi: «Madaniy ishlarni olib boruvchi har bir muassasa o'z mohiyati, xususiyati, imkoniyatlaridan kelib chiqib, o'ziga xos shakl-tadbirlardan foydalanadi. Jumladan, drama teatrlari spektakllardan, professional musiqa-cholg'u ansambllari, kontsertlardan, o'quv muassasalari dars, lektsiya, seminar kabi shakllardan foydalanib, ular orqali o'z faoliyatini olib boradi»2.
Prezidentimizning qarorlari ijrosi samaradorligini oshirishni ta'minlash bo'yicha markazda ishchi guruh tuzildi. Uning tarkibiga Respublika vazirlik va idoralarining 35 nafar rahbar kadrlari kiritildi. 2007 yil fevral - iyun' oylari Respublika ishchi guruh a'zolari va ularga hamrohlik qiluvchi viloyat tashkilotlari raxbarlari, faollari bilan yig'ilish o'tkazilib, vazifalar tushuntirildi.
“Hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy muammolarni o'rganish” dasturi ishlab chiqildi. Dastur ijrosi davomida aholi bilan bevosita suhbat, interv'yu, muloqotlar o'tkazish orqali hududdagi ijtimoiy kayfiyatga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy muammolarni aniqlash, baholash va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Markaz mamlakat aholini milliy g'oya va mafkuraga cheksiz sadoqat, ona diyorga mehr muhabbat, ozod va obod, qudratli Vatan barpo etishdan ulug' va olijanob maqsadga e'tiqod, jasurlik va fidoyilik ruhida tarbiyalashga mo'ljallangan targ'ibot-tashviqot ishlarini olib bordi. Bundan kuzatilgan maqsad kishilarning “ruhiy dunyosini izdan chiqarish maqsadini ko'zdan tutadigan mafkuraviy, g'oyaviy va informatsion xuruj”1 lardan himoya qilish edi.
Respublika milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining maqsad va vazifalari.
Milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat qilib belgilanadi:
1. Milliy g'oya va mafkura masalasi bilan bog'liq dolzarb muammolarni, bugungi murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash; ustuvor yo'nalishlarini aniqlash, ularning aholi turli qatlamlariga ta'sirini o'rganish; milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bo'lgan zararli g'oyalar va mafkuraviy xurujlarning mohiyatini ochib berish.
2. Xalqimizning ko'p asrlik ma'naviyati va milliy qadriyatlari, diniy qarashlari va hayotiy udumlariga, yoshlarimizning ongini zaharlab, ma'naviy jihatdan qaram etishga qaratilgan mafkuraviy xatarlarga qarshi samarali kurash olib borish bo'yicha ilmiy-amaliy dasturlarni ishlab chiqish.
3. Fuqarolarimiz qalbida milliy tafakkur va sog'lom dunyoqarash asoslarini mustahkamlash, ularning ongli yashashga, o'z fikriga ega bo'lishga, turli ma'naviy tajovuzlarga qarshi sobit tura olishga qodir bo'lgan, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga yo'naltirilgan amaliy tavsiyalar tayyorlash. Bu borada ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlarining ta'sirchanligini ta'minlaydigan zamonaviy axborot texnologiyalari va mexanizmlarini, jamiyatimizning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga qaratilgan samarali usul-uslublar ishlab chiqish, davlat va jamoat tashkilotlari uchun tegishli tavsiya va takliflar tayyorlash masalasiga alohida e'tibor qaratish.
4. O'z faoliyati doirasida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalarini, tahliliy materiallarning xulosalarini ommaviy axborot vositalari, jumladan, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining nashr organlari – «Tafakkur» va «Jahon adabiyoti» jurnalari, «Ma'naviyat» nashriyoti orqali muntazam ravishda chop etib, keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat1.
Ta'lim muassasalarida olib boriladigan ishlar.
Ta'lim muassasalarida dars jadvali asosida ijtimoiy-gumanitar fanlar bo'yicha o'tilayotgan mashg'ulotlarda ma'ruza, seminar kabi shakllar bian chegaralanib qolmasdan, dars jarayonida o'tilayotgan mavzularga oid madaniy tadbirlarning boshqa shakllaridan ham foydalanib, masalan, mavzuli kechalar, o'tkir zehnlilar bahslashuvlari, ilmiy bahslar, munozara, ijodiy uchrashuv, quvnoqlar va zukkolar tanlovlari kabi shakllarini aynan o'tilayotgan kurs mavzulariga bog'lab o'tkazilsa, mashg'ulotlarning qiziqarliligi ortishi bilan birga ularning tarbiyaviy samaradorligi ham keskin oshadi. Bu usul talabalarning mavzuga qiziqishlarini sezilarli o'stirish bilan birga Mashg'ulotlarning interfaol bo'lishini ta'minlaydi. Mashg'ulotlarning asosiy qismi shunday usul bilan o'tkaziishi maqsadga muvofiqdir. Bu usul bilan ishlash pedagogdan ilmiy-ijodiy yondashuv, talabchanlik, ijodkorlik, tashkilotchilik, jonkuyarlikni talab etadi. Shu bilan birga talaba-yoshlarda ham tashabbuskorlik, ijodkorlik, mas'uliyat, tashkilotchilik kabi fazilatlar shakllana boradi1.
Pedagoglar talaba-yoshlar dunyoqarashini shakllantirish, ularning bilimdonligini oshirish va ma'naviy-ahloqiy tarbiyalash maqsadida tarbiyaviy va madaniy-ma'rifiy ishni uzviy holda tashkil qilishlari talab etiladi. Ta'lim muassasalarida olib boriladigan madaniy-ma'rifiy ish aniq maqsadga yo'naltirilgan pedagogik jarayonga singib ketgan bo'lishi lozim.
Mustaqillik yillarida ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning «Ta'lim to'g'risida»gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» asosida amalga oshirish, zamon talabiga javob beradigan yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash ulkan va mas'uliyatli ishdir. Barkamol avlodni tarbiyalash vazifasi hukumatimiz tomonidan ta'lim tizimi oldiga muttasil va muntazam tarzda davom etadigan dolzarb masala qilib qo'yildi.
Talabalarni milliy g'oya va milliy-ahloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda va ularning dunyoqarashini shakllantirishda ijtimoiy-gumanitar fanlarning ahamiyati katta. Ta'lim tizimida bu fanlar bilan madaniy-ma'rifiy tadbirlarning uzviy bog'liqligini uyushtirgan holatda muntazam olib borishni tashkil qilish usuli bilan tarbiyaviy yo'nalishda yanada yuqori samaradorlikka erishish mumkin. Madaniy-ma'rifiy tadbirlarning mazmuni milliy ma'naviy-ahloqiy, diniy qadriyatlarimiz, milliy madaniyatimiz, ma'naviy merosimiz, sharqona ahloq kategoriyalaridan iborat bo'lgandagina tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi1.
Madaniy-ma'rifiy tadbirlarning yuqori tarbiyaviy ahamiyatga ega bo'lishi va ko'zlangan maqsadga erishishi uchun pedagog bu tadbirlar orqali milliy istiqlol mafkurasi bajarishi lozim bo'lgan asosiy vazifalarga asoslanishi va shu vazifalarni bajarishni maqsad qilib olishi hamda bunga erishish uchun zarur muhit yaratishi lozim.
Madaniy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil qiluvchi pedagog talabalarda o'zinio'zi tarbiyalashni yo'lga qo'yishi uchun ularga istiqbolni aniq ko'ra bilishlarida, unga erishish yo'llarini izlab topishida, yuksak ideallarga ega bo'lishlarida yordam berishi va imkoniyat yaratishi lozim. Bu borada pedagog madaniy-ma'rifiy tadbirlar orqali talabalarda xalqimizning quyidagi milliy xususiyatlarini shakllantirish va rivojlantirishni nazarda tutishi kerak:
- xalqimiz qayotida qadim-qadimdan jamoa bo'lib yashash ruhining ustunligi;
- jamoa timsoli bo'lgan oila, mahalla, el-yurt tushunchalarining muqaddasligi;
ota-ona, mahalla-ko'y, umuman jamoatga yuksak hurmat-e'tibor;
- millatning o'lmas ruhi bo'lgan ona tiliga muhabbat;
- kattaga hurmat va kichikka – izzat;
- mehr-muhabbat, go'zallik va nafosat, hayot abadiyligining ramzi – ayol zotiga ehtirom;
- sabr-bardosh va mehnatsevarlik;
- halollik, mehr-oqibat va hokazo1.
Shuningdek, madaniy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil qilishda va o'tkazishda pedagog quyidagi umumbashariy qadriyatlarga asoslanib stsenariylar yaratishi maqsadga muvofiqdir. Ular quyidagilar:
- qonun ustuvorligi;
- inson haq-huquqlari va hurfikrlilik;
- turli millat vakillariga hurmat va ular bilan bahamjihat yashash;
- diiny bag'rikenglik;
- dunyoviy bilimlarga intilish, ma'rifatparvarlik;
- o'zga xalqlarning ilg'or tajribalari va madaniyatini o'rganish va hokazo2.
Milliy mafkuraning yuqorida qayd etilgan milliy va umuminsoniy tamoyillari, milliy istiqlol mafkuramizning asosiy g'oyalari, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hayotimizda qaror topishiga yordam berishni, jamiyat uchun foydali bo'lishni maqsad qilib qo'ygan har bir talabada yuksak ahloqiy mezonlarga intilish paydo bo'ladi. Bunga erishish uchun esa, o'zinio'zi tarbiyalash bilan muntazam ravishda shug'ullanish, jamiyatning, Vatanining faqat bugungi manfaatlari haqidagina emas, balki uning kelajagi to'g'risida ham g'amho'rlik qilish ruhida tarbiyalash taqozo etiladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy g'oya targ'iboti va ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish to'g'risida”gi Qarori mazmun-mohiyati, ahamiyati, unda belgilangan dolzarb vazifalarni amalga oshirish bilan bog'liq masalalar aholining keng qatlamlari o'rtasida, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida targ'ib etib kelmoqda. Keng ko'lamli targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat targ'ibot markazi, Respublika ta'lim markazi, Avloniy nomidagi xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bilan O'zbekiston Respublikasi Bojxona qo'mitasining “Toshkent shahar “Aero IBK” boshqarmasi, Toshkent viloyati bo'yicha “Toshkent okrugi” harbiy prokuraturasi, “O'zmevasabzavotsanoat” xolding kompaniyasi hamkorlik shartnomalar tuzilib, tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Kengashi qarori asosida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi bilan hamkorlikda Samarqand davlat universiteti, Farg'ona Politexnika, Angren Pedagogika institutlarida “Milliy g'oya targ'iboti va ma'naviy–ma'rifiy ishlar metodologik markazi”ning tayanch kafedralari ochilgan. Kafedralar zarur jihozlar, uslubiy xujjatlar, adabiyotlar, mul'timedia asarlari bilan ta'minlandi. Maqsad – nazariyani amaliyot bilan bog'lash, milliy g'oya targ'ibotini mahalliy xususiyatlarni ilmiy o'rganish asosida tashkil etishda ma'naviyat targ'ibotchilariga ilmiy amaliy yordam ko'rsatishdan iboratdir.
Respublika ma'naviyat va ma'rifat kengashining qarori asosida – Milliy g'oya targ'ibotida mahalliy xususiyatlarga tayanish borasida Sirdaryo, Samarqand, Farg'ona viloyatlaridagi tayanch maskanlarining ijobiy tajribasidan kelib chiqib, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar markazlaridagi va Toshkent shahridagi jami 14 ta oliy ta'lim muassasalarida Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va Markaz bilan hamkorlikda “Milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining tayanch maskanlarini tashkil etish to'g'risida”gi qo'shma qaroriga bilan tayanch maskanlari tashkil etildi va Nizomi tasdiqlandi.
Markazning tayanch markazlari imkoniyatidan foydalanib, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar samaradorligini o'rganishga qaratilgan so'rovnomalar o'tkazildi.
Ma'naviy-ma'rifiy ishlar shakl va usullarining rang barangligiga erishish maqsadida targ'ibotning 100 ta shakl va vositasi tasniflandi. Ulardan ma'naviy-ma'rifiy ishlarda qanday foydalanish to'g'risida ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlandi.
Markaz tomonidan Andijon, Namangan, Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida o'tkazilgan monitoringlar natijasida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf qilishga qaratilgan amaliy dasturlar ishlab chiqildi va Respublika Ma'naviyat targ'ibot markaziga taqdim etildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Respublika Ma'naviyat targ'ibot markazi bilan hamkorlikda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha yordamchilarining 3 kunlik o'qishi dasturi va tarqatma materiallari tayyorlandi.
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining qaroriga muvofiq Milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi yetakchi oliy o'quv yurtlarida – 14 ta hududiy tayanch maskanlari faoliyati yo'lga qo'yildi. Maskanlar komp'yuter, idoraviy jihozlar, davriy nashrlar va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan ta'minlandi.
Tayanch maskanlari yordamida hududlaridagi har bir oliy o'quv yurtida, jami 6000 nafar talabalar orasida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar samaradorligini o'rganishga qaratilgan 23 ta parametrni o'ziga jamlagan sotsiologik so'rov o'tkazildi. Seminar-trening tinglovchilariga “Milliy g'oya: targ'ibot texnologiyalar va atamalar lug'ati”, “Erkin va farovon hayot qurishning g'oyaviy-mafkuraviy masalalari” nomli kitoblari, “Milliy istiqlol g'oyasi” va “Yangi pedagogik texnologiyalar” nomli elektron-metodik qo'llanmalar yetkazib berildi.
Shuningdek, “G'oyalar falsafasi” o'quv kursi, “O'zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fani”, “Milliy istiqlol g'oyasi” fani (O'zbekiston Respublikasi Oliy Ta'lim bakalavriat bosqichi uchun) namunaviy dasturlari ishlab chiqildi.
Internetda markaz saytini ochish bo'yicha amaliy chora tadbirlar ko'rildi. Barcha ta'lim-tarbiya muassasalari, aholi turar joylari, ishlab chiqarish sohalarida ma'naviy-ruhiy muhitning ahvolini, ommaning kayfiyatini, intilish va muddaolarini hisobga olgan holda ijobiy an'ana va tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash, mavjud muammolarni, ularning ijtimoiy siyosiy muhitga ta'siri tahlil etildi. Bundan ko'zlangan maqsad “mustaqillikni mustahkamlab, mamlkatimizni har tomonlama yuksaltirib, yorug' va erkin hayot sari olg'a yurish” ga harakat qilishdir.1
Vazirlar Mahkamasining topshirig'iga asosan O'zbekiston Fanlar Akademiyasining 11 ta ilmiy tadqiqot institutlari faoliyati tegishli vazirlik, idoralar bilan hamkorlikda tahliliy o'rganildi. Fanlar Akademiyasiga 2008 yilda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni samarali, rejali tashkil etishga ko'maklashish maqsadida ish reja loyihasi, plakatlar va Milliy g'oya targ'ibotini ilmiy tashkil etishga yo'naltirilgan yangi adabiyotlar bilan ta'minlandi. Fanlar Akademiyasi qoshidagi barcha ilmiy tadqiqot institutlari bilan ma'naviy-ma'rifiysohada hamkorlik o'rnatildi.
Markaz milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bo'lgan zararli g'oyalar va mafkuraviy xurujlarning mohiyatini ochib berish, fuqarolarimiz ayniqsa, yoshlarimiz qalbida milliy tafakkur va sog'lom dunyoqarash asoslarini mustahkamlash, ularni ongli yashashga, o'z fikriga ega bo'lishga, turli ma'naviy tajovuzlarga qarshi sobit tura olishga yo'naltirilgan izlanishlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida “Bunyodkor g'oya tadqiqotchisi” tanlovini o'tkazdi. Tanlov g'olib deb topilgan maqolalar to'plam shakliga keltirilib, “Himoya yo'lida” nomli kitob tayyorlandi.
Ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlarining shaklan va mazmunan uyg'unligini, muntazamligini, haqqoniylikka asoslanishini ta'minlash, ya'ni ma'ruza, suhbat, bahs-munozaralar, seminarlar va konferentsiyalar o'tkazish, ommaviy axborot vositalarida faol ishtirok etish yo'li bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohatlarning, qabul qilinayotgan farmonlar, qarorlar va qonunlarning mohiyatini keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazish va kundalik faoliyat dasturiga aylantirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Markaz milliy g'oya va mafkuraning asosiy maqsadlarini xalqqa sodda, haqqoniy va tushunarli tarzda yetkazish uchun el-yurt orasida obro'-e'tibor qozongan, yuksak saviyali ko'pni ko'rgan, jonkuyar, otashin, eng muhimi, haqqoniy so'zi, yorqin fikri bilan odamlar qalbi va ongi yo'l topa oladigan fidoyi insonlarni safarbar etish ishlari olib borilmoqda. Agar shunday qilinmasa “bir qarashda arzimas bo'lib tuyuladigan, kichkina xabar ham axborot olamidagi globallashuv shiddatidan kuch olib, ko'zga ko'rinmaydigan, lekin zararini hech narsa bilan qoplab bo'lmaydigan ulkan ziyon yetkazishi mumkin”.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda jamiyat hayotining ma'naviy-ma'rifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol g'oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas'uliyat hissini oshirish, yotg'oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo'naltirilgan targ'ibot tizimi shakllandi. Bu jarayonda Respublika Ma'naviyat targ'ibot markazi, uning joylardagi tuzilmalari hamda Milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etish lozim.
Bugungi kunda dunyoda globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora ko'payib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Xususan, oila, mahalla va ta'lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan maqsadli g'oyaviy-tarbiyaviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qo'shilib qolish, milliy qadriyatlarga e'tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targ'ibot ishlarining aksariyat hollarda kutilgan natijani bermayotgani bu masalalarga jiddiy e'tiborni talab etmoqda.
Mamlakatimizda qabul qilingan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida, eng avvalo, davlat boshqaruvi organlarining quyi bo'g'inlari faoliyatini tubdan yaxshilash, ularning xalq bilan muloqot qilishini ta'minlash, bu borada samarali ijtimoiy hamkorlik mexanizmini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilab qo'yilgan.
Ana shu maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlarining mazmun-mundarijasini tubdan yaxshilash, ularning ko'lami va miqyosini kengaytirish, tizimda faoliyat ko'rsatayotgan soha xodimlarining bilim va malakasini izchil oshirib borish, tuman (shahar) darajasidagi xodimlar mehnatiga haq to'lashning barqaror tizimini yo'lga qo'yish, sohada faoliyat olib borayotgan muassasa va tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va ularning samarasini oshirish maqsadida:
1. Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining Respublika Ma'naviyat targ'ibot markazi hamda Milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazini birlashtirish yo'li bilan ularning negizida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazini (keyingi o'rinlarda - Markaz deb ataladi) qayta tashkil etish haqidagi taklifi ma'qullansin.
2. Markaz faoliyatini tashkil etishda quyidagi asosiy vazifalarga alohida e'tibor qaratilsin:
- mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ'ibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish, bu borada keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat "Ma'rifat" targ'ibotchilar jamiyatini shakllantirish hamda uning faoliyatini doimiy asosda yo'lga qo'yish;
- dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur yoritib borish, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, "ommaviy madaniyat", narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali g'oyaviy kurash olib borish;
- jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan ichki tahdidlar - el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug'-aymoqchilik, oilaviyqadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e'tiborsizlik kabi holatlarga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- milliy g'oyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari o'rtasida keng targ'ib etish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, ertangi kunga ishonch tuyg'ularini kuchaytirish;
- targ'ibot-tashviqot ishlarida aholining hududiy, kasbiy hamda yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish;
- ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlari samaradorligining ilmiy asoslangan monitoringini ta'minlashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar o'tkazishni muntazam yo'lga qo'yish;
- yoshlarda sog'lom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik ko'nikmasini shakllantirish, internet, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda g'oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish;
- mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan ishlash, ushbu toifani ijtimoiy-iqtisodiy faollashtirishda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish;
- xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya an'analarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarimiz o'rtasida dinlararo bag'rikenglik, millatlararo totuvlik va o'zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, Markaz o'zbek xalqining ulug' mutaffakirlari qutlug' merosidan butun xalqimiz, jumladan, yoshlarimizning ham muntazam va to'laqonli bahramand bo'lishiga, ularning mana shunday ma'naviy muhitda kamol topilisa, islom dinining insonparvarlik falsafasi, buyuk g'oyalari yosh avlod yuragidan joy olishi uchun zarur choralarni ko'rmoqda va mavjud vaziyatni, yaqin istiqbolimizning rivojlanish tamoyillarini undagi salbiy holatlarning ijtimoiy sabablarini xolis o'rganadigan nodavlat, mustaqil tashkilotlar faoliyatini takomillashtirishga ko'maklashish hamda ularning imkoniyatlaridan foydalanish uchun barcha ishlarni amalga oshirmoqda.
Tayanch so'z va iboralar:
Ma'naviyat va ma'rifat kengashi, g'oya va mafkuralar, xalqaro terrorizm, aqidaparastlik, ma'naviyat kunlari, milliy g'oya, mafkura, informatsion kurash, kompleks yondashuv, ommaviy tadbir, badiiy tadbir, delada, festivallar, olimpiada, milliy xususiyatlar, dunyoviy bilimlarga intilish, ma'rifatpavarlik, inson haq-huquqlari, xolding kompaniyasi, ommaviy axborot vositalari, yot g'oyalar, suverenitet globallashuv, “Hizbut tahrir”.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika Ma'anviyat va ma'rifat Kengashini qo'llab-quvvatlash to'g'risida”gi Farmonida qanday vazifalar qo'yilgan?
2. Ma'naviyat kunlari qanday o'tkaziladi?
3. Respublika Milliy g'oya va mafkura ilmi-amaliy markazi nima maqsadda va qachon tuzilgan.
4. Ta'lim muassasalaridagi ma'naviy-ma'rifiy ishlar va milliy xususiyatlar
5. Bunyodkor g'oya va targ'ibotchisi tanlovining mazmun-mohiyati nimadan iborat?
6. Yot g'oyalarga qarshi qanday kurash olib boriladi?
7. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqiсhga ko'tarish to'g'risida ”gi Qarorida qanday vazifalar qo'yilgan?
Dostları ilə paylaş: |