Namangan davlat universiteti


-mavzu: Uzluksiz ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning roli



Yüklə 1,85 Mb.
səhifə11/40
tarix06.03.2023
ölçüsü1,85 Mb.
#123845
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   40
5-kursga KURS ISHIGA MA\'LUMOT

6-mavzu: Uzluksiz ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning roli


Reja:
1. Respublikamiz ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy tarbiya yolga qo‘yilishi
2. Ta’limni rivojlantirishda va takomillashtirishda tarbiyaning roli
3. Uzliksiz ma’naviy tarbiya - kelajak poydevori

Ko‘plab olimlar o‘z tadqiqotlarida maʼnaviy tanazzulning asosiy omillari bo‘yicha qator izlanishlar olib bormoqda. Lekin bularning ichida eʼtiborsizdek tuyiladigan, biroq oqibati tanazzulga, jaholatga olib boradigan bir omil, yaʼni oilada farzand tarbiyasiga eʼtiborsizlik illati millatning maʼnaviy tannazulining asosi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.


Oilada farzand tarbiyasiga eʼtiborsizlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishning yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi Qarorida ichki tahdid sifatida qayd qilinib, mazkur tahdidga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish vazifasi qo‘yildi.
Yuqoridagi masalani nechog‘lik xavotirli va dolzarbligi to‘g‘risidagi mulohazalarni asoslashda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan bugungi murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish, baholash, ustuvor yo‘nalishlarni aniqlab, ularning aholi turli qatlamlariga taʼsirini o‘rganish va zarur maqsadli va manzilli tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit holatini aniqlash va manzilli sog‘lomlashtirish metodikasi” hamda “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi” asosida joylarda o‘tkazilgan so‘rovlar natijalaridan misollar keltirish mumkin. Jumladan, mazkur tashxis ishlarida aholi orasida Ota-onalarning farzandiga yaxshi tarbiya berishi uchun nima xalaqit berayapti deb o‘ylaysiz? deb berilgan savolga Navoiy (60%), Jizzax (57,4%), Sirdaryo (57%), Samarqand (53%), Buxoro (44%) viloyati hamda Toshkent shahrida (50%) “ota-onalar tarbiya metodlarini bilmaydi va tarbiyadagi oilaning masʼuliyatini anglamasligi” deb javob berishgan, bu ko‘rsatkichlar ota-onalarning farzand tarbiyasiga eʼtibor borasida masalani jiddiy o‘ylab ko‘rishlarini taqazo qiladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar tarbiyasiga eʼtibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2022-yil 23-avgust kuni bo‘lib o‘tgan xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida taʼlim va tarbiyaning ahamiyati haqida so‘z bordi. Mazkur yig‘ilishda Davlatimiz rahbari yosh avlod tarbiyasi, odob-axloqi haqida to‘xtalib, “Maktab - bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Bu masalani davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak. Maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi”, - deya alohida taʼkidladi.
Darhaqiqat, uzoq yillar davomida tarbiya bolalar taʼlimdan bo‘sh vaqtida amalga oshiriladigan qo‘shimcha yuklamaga – ikkinchi darajali ishga aylanib, uzuq-yuluq jarayon bo‘lib kelganligi sir emas. Tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xatolar asoratlari kundalik hayotda, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shunday bir vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2022-yil 3- maydagi PQ 4307-sonli qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-dekabrdagi “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1059-sonli qarorining chiqishi bu millat kelajagi, millat maʼnaviy taraqqiyoti uchun bir o‘ziga hos tarixiy voqelik bo‘ldi. Mazkur konsepsiya 8 ta bob va maʼnaviy tarbiyaning uzluksizligini taʼminlashga qaratilgan 61 ta maqsadli va manzilli tadbirlar rejasidan iborat bo‘lib, uning amalga oshirilishi 4 bosqichdan iborat bo‘ladi.
Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasining asosi milliy tarbiyamiz, Unsur Ul Maoliy Kaykovus, Yusuf Xos Hojib, Аbu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Аlisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy, Аbu Nasr Farobiy, Аbdulla Аvloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Аbdurauf Fitrat kabi ulug‘ mutafakkirlarimizning maʼnaviy-ilmiy merosiga asoslangan. Аyni vaqtda dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasida sinovdan o‘tgan zamonaviy tarbiya texnologiyalaridan foydalanish Konsepsiyaning zamon bilan hamnafasligiga xizmat qiladi.
“Tarbiya yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidur”, degan edi milliy pedagogikamizning buyuk darg‘asi Аbdulla Аvloniy. Konsepsiya ana shu hikmatga hamohang bo‘lib, unda farzandlarimizda milliy yuksalishimiz uchun eng zarur fazilatlar: Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, masʼuliyatlilik, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik bolalikdan boshlab bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi. Voyaga yetgan o‘g‘il-qizlarimiz mustaqil hayotga ana shu fazilatlari bilan kirib boradilar. Bu fazilatlari ularning o‘zlarini ham, xalqimizni ham baxtli, farovon qiladi.
Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Konsepsiyasi o‘zida dunyo pedagogik tajribasi va yutuqlarini mujassam etganligi alohida taʼkidlandi. Jumladan, Yevropa Ittifoqining tarbiyaviy tavsiyalari, АQSh tajribasidan shaxs erkinligi, tadbirkorlik, muvaffaqiyatga erishishga intilish, Janubiy Koreyada yoshlar ongiga urf-odatlar, axloqiy ideallarni singdirish, Yaponiyaning “xarakterni shakllantirishga yo‘naltirilgan taʼlim”, Xitoyning yaxshilik, to‘g‘rilik, poklik, donolik va ishonchlilik kabi fazilatlarni tarbiyalashga qaratilgan pedagogik tajribalari o‘rganilgan.
Konsepsiyada O‘zbekistonda yoshlar tarbiyasini zamonaviy asosda ilmiy-texnologik isloh qilish borasida olib borilayotgan ishlar va uni bugungi kun ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ilmiy asoslangan tayanch kompetentsiyalar, fazilatlar asosida shakllantirish ishiga katta ahamiyat berilgan. Buning uchun oila, maktabgacha taʼlim, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus kasb-hunar, oliy taʼlim muassasalari, mahallalarning ijtimoiy-pedagogik hamkorlikni yangi darajaga ko‘tariladi.
Konsepsiya oldiga qo‘yilgan vazifalar:
- maʼnaviy-axloqiy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish;
- tarbiyaning homiladorlik davridan boshlanadigan, tadrijiylik va uzluksizlik tamoyillariga asoslangan metodikasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish;
- uzluksiz tarbiya tizimida milliy va zamonaviy pedagogikaning ilg‘or yutuqlaridan samarali foydalanish;
- tarbiyalanuvchilar bilan birga tarbiyachilarning ham bilimi va malakasini muntazam oshirib borish;
- oila, taʼlim muassasalari va mahalla, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va boshqa ijtimoiy tuzilmalar o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yish;
- maʼnaviy tarbiyaning tadrijiy rivojlanish va uzluksizlik tamoyillariga asoslanishdan iborat.
“Uzluksiz maʼnaviy tarbiya” Konsepsiyasi to‘rt bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqich – oilalarda (ikki davr: 1-davr – homila davri,
- 2-davr – (bola tug‘ilganidan 3 yoshgacha bo‘lgan davr);
- ikkinchi bosqich – maktabgacha taʼlim 3-6 (7) yoshgacha bo‘lgan davr;
- uchinchi bosqich – umumiy o‘rta taʼlim tizimida (ikki davr: 1-davr –
7 (6)-10 yosh boshlang‘ich sinf, 2-davr – 11-17 yosh o‘rta va yuqori sinflar);
- to‘rtinchi bosqich – ishlab chiqarishda faoliyat ko‘rsatayotgan va band bo‘lmagan yoshlar, shuningdek, o‘rta maxsus kasb-hunar, oliy taʼlim muassasalari tizimida (ikki davr: 1-davr – o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy taʼlim bilan qamrab olinmagan, shuningdek, ishlab chiqarishda faoliyat ko‘rsatayotgan va band bo‘lmagan yoshlar – 17-30 yosh, 2-davr – o‘rta maxsus kasb-hunar, oliy taʼlim muassasalarining o‘quvchi-talabalari 15-22 (24) yosh).
Konsepsiya ijrosi uchun masʼul vazirlik va idoralar:
- Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasini amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtiruvchi “Maʼnaviy tarbiya” respublika jamoatchilik kengashini tashkil etish.
- “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya” ruknida ota-onalar, pedagoglar, bolalar va o‘smirlar uchun darsliklar, adabiyotlar, mediamahsulotlar, ilmiy-metodik majmuasini yaratish.
- Davlat taʼlim standartlari, o‘quv dasturlari va rejalari asosida o‘quvchilarda yoshiga mos tayanch maʼnaviy-axloqiy fazilatlar, kompetentsiyalarni shakllantirish.
- I-XI sinflar uchun “Tarbiya” fanini joriy qilish.
- Umumtaʼlim muassasalarining “Tarbiya” fani o‘qituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish hamda amalga oshirish.
- Аjdodlarimizning boy maʼnaviy merosini axloqiy fazilatlar majmui bo‘lgan milliy tarbiya anʼanalari, vositalari, shakllarini o‘rganish maqsadida mamlakatimiz hududlariga etnopedagogik ekspeditsiyalarni tashkil etish. To‘plangan tarbiyaviy meros asosida kitob va qo‘llanmalar, ko‘p jildli “Milliy tarbiya ensiklopediyasi”ni yaratish hamda chop etish.
- Jamiyatda milliy tarbiya anʼanalari, qadriyatlarini tiklashga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish;
- yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularga oiladagi nizoli holatlarni hal etishning huquqiy va pedagogik-psixologik asoslarini o‘rgatish;
- yoshlarda turli maʼnaviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni tashkil etish va shu kabi 61 ta Respublika va xalqaro miqyosidagi tadbirlarni samarali o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilab qo‘yilgan.
Konsepsiyada bunga tarbiyaga yangicha, tizimli yondashuv, tayanch fazilatlarni kafolatli loyihalashtirish va o‘rgatishda oila, maktabgacha taʼlim muassasasi hamda umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining pedagogik imkoniyatlarini to‘liq ishlatish va ular orasida ilmiy-metodik hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarish masalasi rejalashtirilgan.
Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasida tarbiya bolalar taʼlimdan bo‘sh vaqtida amalga oshiriladigan qo‘shimcha yuklamaga – ikkinchi darajali ishga aylanib, buning oqibatida tarbiya uzuq-yuluq jarayon bo‘lib kelganligi hamda jamiyatning pedagogik madaniyati pasayib, maktabgacha taʼlim, maktab pedagoglari, ota-onalarning tarbiyaga oid pedagogik-psixologik bilimlari zamon talablariga javob bermayotganligi qayd qilinib o‘tiladi. Buning oqibatida yo‘l qo‘yilgan xatolardan eng ko‘p tarqalgani – og‘zaki tarbiya davom etayotganligi, ota-onalar, maktabgacha tarbiya muassasalari tarbiyachilari, maktab o‘qituvchilari bolalarga Vatanga sadoqat, masʼuliyat, tadbirkorlik va boshqa fazilatlar nazariy maʼlumotlarga aylanib, bolalarning odatlariga aylanmayotganligi, ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amalga erishmayotganligi natijasida yoshlarning Vatanga sadoqat, masʼuliyat, tadbirkorlik, mehr-oqibat haqida so‘zlari bilan yoshiga mos amallari orasida tafovut namoyon bo‘layotganligi qayd qilinadi.
Konsepsiyada tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xatolar birdaniga ko‘rinmasligi, noto‘g‘ri tarbiyaning asoratlari oradan ko‘p yillar o‘tgach, jamiyatda inson omili tufayli yuzaga keladigan ijtimoiy muammolarda ko‘rinishi mumkinligi qayd qilib o‘tilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasidan tarbiyaning tizimli va uzviyligini taʼminlashda quyidagicha natijalar kutilmoqda:
- konsepsiyaning joriy qilinishi uzluksiz maʼnaviy tarbiya jarayonining tizimli tashkil etilishiga, tarbiya sohasining ilg‘or innovatsion texnologiyalar asosida takomillashuviga, yoshlarning Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, masʼuliyatlilik, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi tayanch kompetentsiyalar bilan mustaqil hayotga kirib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
- oilalar, taʼlim muassasalari, mahallalar va korxonalarda mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish layoqatiga ega bo‘lgan yoshlarning maʼnaviy kamol topishi uchun zarur bo‘lgan innovatsion ijtimoiy-pedagogik sog‘lom va barqaror muhit yaratiladi.
- jamiyatda jinoyatchilik, ekstremizm, terrorizm, korruptsiya, firibgarlik, ko‘zbo‘yamachilik, yolg‘onchilik, egotsentrizm, axloqiy buzuqlik, oilaviy ajrimlar, mehr-oqibatning kamayishi, “ommaviy madaniyat”ga ko‘r-ko‘rona taqlid, loqaydlik, begonalashuv, o‘zibo‘larchilik, farzand tarbiyasida masʼuliyatsizlik, oilaviy qadriyatlar inqirozi, el-yurt taqdiriga befarqlik kabi illatlar keskin kamayadi. Band bo‘lmagan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishga, kelajakka bo‘lgan ishonchi oshadi. Mamlakat dunyoda raqobatbardosh, boy inson kapitaliga ega bo‘ladi.
- oila, taʼlim muassasalari, davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar, ota-onalarda boy milliy tarbiyaviy merosimiz to‘g‘risida bilimlar shakllanadi, ularni o‘rganish, saqlash, targ‘ib qilish, o‘rgatish orqali milliy fazilatlarning avloddan-avlodga bezavol o‘tib borishi taʼminlanadi.
- konsepsiyaning amalga oshirilishi jamiyatda maʼnaviy-axloqiy muhitning sog‘lom va barqaror bo‘lishiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Farzandlarimizni ilm-fan va taʼlim-tarbiya asosida voyaga yetkazish maqsadga muvofiq ekan, o‘z o‘rnida tarbiya esa maʼnaviyat bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz taʼlim-tarbiyasida esa maʼnaviy tarbiya katta ahamiyatga ega. Eng muhimi, farzandlarimiz tarbiyasiga etiborli bo‘laylik, aynan shu mezon bolalarimizni maʼnan, ruhan sog‘lom, o‘z ota-bobolariga, tariximizga, Vatanimizga, ona tilimizga, o‘z milliy qadriyatlarimizga hurmat bilan qaraydigan barkamol bo‘lib o‘sib unishining asosidir.



Yüklə 1,85 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   40




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin