6.«XAMSA» DA ME’YOR VA NISBAT TUSHUNCHALARI
O`ziga xos «so`z iqlimi» bo`lgan «Xamsa» g`aroyib sir-u sinoatlarga to`la. Ularni anglash, mohiyatini sharhlash muhim vazifalardan. «Xamsa» da hayot va inson turmushi, kechinmalari, turli voqea-hodisalar, odamzotga xos holatlarni baholash, o`lchashning o`ziga xos me’yorlari bor. Buni «mezon» va «nisbat» tushunchalari doirasida o`rganish to`g`ri bo`lar. Mezon va nisbat atamalarining ilmiy-falsafiy talqinlari bo`lganidek, soddagina, hayotiy ma’nosi ham bor. «O`zbek tilining izohli lug`ati» da ular shunday izohlanadi: Mezon 1.Tarozi o`lchov. 2. Ko`chma. Taqqoslash yoki baholash uchun o`lchov, andoza». Nisbat 1.Narsalarning bir-biriga nisbatan katta – kichikligi, oz – ko`pligi.
Navoiy hayotdagi ko`pgina hodisalarga, insonga xos tuyg`ular darajasini belgilashda me’yor, mezon va nisbat tushunchalariga suyanadi. «Xamsa» dostonlaridagi bu jihatlarni o`rganish, qiyoslash va tahlil qilish asosida quyidagi tarzda mulohaza yuritishga harakat qilindi:
1. Yomonlik va yaxshilik oqibatlari, ularning o`zaro me’yori.
2. Yuksaklik /martaba/, qadr-qimmat va xokisorlik, xo`rlik, haqirlik
mezonlari.
3. Azobu g`am va shodlik darajalari.
4. Kuch va ojizlik nisbatlari.
5. Yor go`zalligi va oshiq holati me’yorlari va boshqalar.
Shoir bu tushunchalar mezoni va nisbatini belgilashda hayotdagi turli hodisalar, holatlar, o`zgarishlar va miqdoriy ko`rsatkichlardan foydalanadi. Bularni shartli tarzda ushbu ko`rinishda guruhlashtirish mumkin:
1. Suv va u bilan aloqador tushunchalar doirasidagi qiyoslar.
Navoiy yuqoridagi sifatlar bayonida quyidagilarni mezon qilib oladi:
«Daryo-qatra», «daryo-kema», «daryo-xoshok», «daryo-xas», «daryo-dur», «bahr-qatra», «bahr-xoshok», «bahr-nam», «bahr-gavhar», «tengiz/ dengiz/- sarob», «tengiz-xas», «nahang-baliq» va hokazo.
2. Hayvonot va hashorat olami bilan bog`liq nisbatlar:
«Sher-kiyik», «sher-mo`r», «sher-qabon» /yovvoyi to`ng`iz/, «pil /fil/ -pashsha», «pil-mo`r», «pil-singak», «pil-mo`ri majruh», «ajdaho-ilon», «ajdaho-mo`r», «ajdaho-ankabut», «anqo-pashsha» va boshqalar.
3. Turli narsa-buyumlar, tabiat hodisalari shoir g`oyalarini ifodalashda o`ziga xos mezon sifatida:
«tan /vujud/ -xoshok», «bosh-tuk», «shox-meva», «charx tomi-narvon», «quyosh-zarra», «xurshid-zarra», «barq-uchqun», «barq-xoshok», «to`qqiz osmon-jahon», «osmon-tuproq», «tog`-tuproq», «tog`-xoshok», «dunyo-saroy», «rishta-ilon», «rishta-ajdaho», «rishta-dor», «rishta-ilik» /qo`l/, «rishta-bel», «paysa ipak-ajdaho», «igna-xanjar», «igna-sinon» /nayza/, «tig`-tikan», / «ko`h /tog`/-tan», «ko`h-koh» /somon/, «yel-somon», «feruza-xarmuhra/ eshak munchoq», «tobut-yoqut» kabilar.
4. Son – raqamlar orasidagi munosabat:
«qatra-yuz qatra», «bir g`amu-yuz g`am», «bir luqma – ming qon», «bir dam-bir oy», «ikki-uch-yuz», «besh-olti-o`n- o`n besh», «yuz kelibon – ming ketar», «yuz jon-ming imon», «yuz shuhrat-yuz ming tuhmat», «bir oh-yuz ming oh», «bir - yuz ming», «yuz-tuman», «bir sinuq bosh-yuz tuman tosh», «tun-u kun-oy-u yil», «bir xato-yuz azob», «bir aysh-ming ozor», «bir gul-yuz xor», «bir vafo-ming jafo», «yolg`uz bosh-yuz tosh», «ming ketar-yuz ming yetar», «bir jon-ming jon», «zuhra bir-mushtari yuz ming» va boshqalar.
Navoiy «Xamsa» qahramonlari holati, kechinmalari, ularga taalluqli sifatlar, falsafiy tushunchalar, hayotiy hodisalar, donishmandona xulosalar chiqarishda yuqoridagi nisbatlardan unumli foydalanadi. «Xamsa» da qayd etilgan mavzular ko`lami nihoyatda keng. Hayot hodisotlari, inson turmushi, ichki kechinmalari bilan bog`liq barcha jihatlar qalamga olingan. Ana shu masalalardan biri va aytish mumkinki, shoir g`oyalarining yalovi – inson, unga yaxshilik qilish, ko`ngil kechinmalarini e’zozlash, yaxshilik va yomonlikning oqibatlarini ko`rsatishdir. Shoir insonni ulug`laydi. Uning ko`ngli muqaddas ekanligini takror-takror ta’kidlaydi. Ayni paytda har bir kishi ezgu nom qoldirishi, umrini yaxshiliklar qilish bilan kechirishi muhimligini uqtiradi. Bu dunyoda birovga sitam yetkazish, uning qalbiga ozor berish - yomonlik nishonasi. Yomonlikning jazosi qattiq bo`ladi. «Farhod va Shirin» da shunday bayt bor:
Birovgakim birovdin yetti ofot,
Hamonokim qatig`roqdur mukofot1.
Shoir «Xamsa» da ko`p o`rinlarda ana shu «ofot» - yomonlikning natijasi - «mukofoti» ni ko`rsatib o`tadi. Bu jazoning mezoni qanday? Navoiy «Hayrat ul-abror» da «bir rishta»cha - kichik, ingichka ipcha ziyon yetkazishning «mevasi» ni munosib nisbatlaydi. Ana shu ozor ilon bo`lib qaytadi. «Rishta» - kichiklik, ozlik. Kimgadir berilgan azobning miqdori. Uning ko`rinishi, shakli ilonga o`xshab ketadi. Ammo ilon- sovuqlik, ziyon, qo`rquv timsoli. Ilon harakatlari so`ngida o`lim yetadi. Bu kichik ozorning katta jazosidir:
Kimgaki bir rishta yetkurding ziyon,
Qatlingga ul rishtani bilgil yilon2.
«Bir rishta» ning /kichiklik/ katta nisbati «yilon». Shoir sultonlar haqida mulohaza yuritar ekan, «har ne xato» «hisob o`lg`och» «har biriga yuz azob» borligini aytadi. Bu fikrlarni har bir odamga nisbat berish mumkin. Qilingan xatolar, gunohlarning hisobi va uning turli ko`rinishdagi yuz azobi borligi aniq.
O`zgalarga berilgan qiynoqlar nisbatini shoir turlicha qiyoslaydi. Bir o`rinda «rishta-ilon» mezon qilib olinsa, boshqa baytlarda «tikan-yuz tig`», «igna-xanjari olmos», «rishta-ajdaho» tushunchalari ma’lum g`oyalarni ifodalashda o`rinli ishlatilgan.
Kimga tikan birla qilibsen sitez,
Urg`usidur ko`ksungga yuz tig`i tez.
(“Hayrat ul-abror”. 125-bet)
Shoir talqinicha, birovga tikancha / kichik, arzimas darajada / zulm etilsa, u yurakka «yuz tig`i tez» / behad azob ifodasi / bo`lib qaytadi.
Navoiy ba’zi baytlarda ushbu fikrlarini yana ham kuchaytiradi. «Rishta-ilon» dan «rishta-ajdahoga» aylandi. «Ajdaho» - yovuzlik, azob-u o`limning yuksak ifodasi. «Farhod va Shirin» dostonida shunday bayt bor:
Birovkim rishtai uzdi jafodin,
Evaz tutmoq kerak ko`z ajdahodin.
(“Farhod va Shirin”. 437-bet)
Jabru jafo-yomonlikning katta uzvi. Uning bo`lak-bo`lakchalari ham bari bir ziyon. Shoir talqinicha, bir rishta jafo zohir etilsa, uning oqibati juda qo`rqinchli. «Tutmoq kerak ko`z ajdahodin» deyish - ana shu yetajak azobning darajasi.
Navoiy «Xamsa» sida «rishta» ko`pgina tushunchalarni nisbatlovchi so`z. U ozor, tama, qo`rquv, ko`rinish va ayni paytda go`zallik ifodasi sifatida namoyon bo`ladi. Yuqoridagi baytlarda rishta o`zgalarga yetkaziladigan ozorning eng kichik shakli tarzida talqin etilib, undan keladigan kulfatlarning behadligi ko`rsatilgan. Ana shu ruhdagi fikrlar mana bu baytda boshqacharoq bayon etilgan:
Birovkim tama’ rishtaye qilg`usi,
Aning birla bo`g`zidin osilgusi1.
Mumtoz adabiyotimiz vakillari, ayniqsa, ijodida tasavvufiy g`oyalar yetakchilik qiladigan shoirlarimizda eng ko`p e’tiroz bildirilgan, qoralangan narsa-nafs va tama. Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg`oniy, Navoiy, So`fi Olloyor kabi ulug`larimiz beminnat, halol mehnat bilan kechadigan umrni eng oliy fazilat, komillik nishonasi deb bilganlar. Aksincha, tamagirlik, o`zgalar hisobiga kun kechirishni noma’qbul harakat deya baholaganlar. So`fi Olloyorning «Sabot ul-ojizin» asarida «Hikoyati Savbon» keltirilgan. Otda ketayotgan Savbonning qamchisi yerga tushib ketadi. Otdan tushib uni olganda, atrofidagilar amr etilsa, qamchini olib berishlarini aytishadi. Savbon tamani eb ko`rmaganini aytadi1. «Saddi Iskandariy»da Iskandarning Kashmir yurtiga kirib borishi, o`z odamlariga «kishidin tama’ qilmasun rishta» deya hukm qilishi bayon etiladi. Ayni paytda, kim «tama’ rishtaye qilgusi» «aning birla bo`g`zidin osilgusi» deydi. Rishta- ip. Dor ham ip. Kichikkina tamaning jazosi katta dor-o`lim.
«Hayrat ul-abror» da ham Navoiy tama haqida ko`p mulohazalarni bayon etgan. Tama etgan kishi- gado. Qanoatli darvesh- shoh. Tamagir shoh- gado. «Tama’din yiroq» lik osoyish nishonasi. Tama – xorlik. El ichida yuzsizlik. Shoir nafsni yengish, tamadan yiroq bo`lish mushkulligini bayon etadi. Chiroyli tashbeh bilan o`z fikrini asoslaydi:
Chunki og`izning yemak o`ldi ishi,
Harbi uchun chekti iki saf tishi. (“Hayrat ul-abror. 167-bet)
Hayotiy tushuncha bo`yicha, tishlar ovqatni yeyish vositasi. Inson a’zolarining muhim bir uzvi. Ammo shoirona tasvir bo`yicha, ikki saf tizilgan yuqori-quyi tishlar kishining nafs va tamaga qarshi kurashishdagi o`ziga xos lashkari.
Umuman, «Xamsa» insoniylik, komillik, ma’naviy yetuklikdan saboq beruvchi o`ziga xos qomusdir.
Dostları ilə paylaş: |