Навоий “хамса” сидаги баъзи образлар талқинига доир


“HAYRAT UL-ABROR” SABOQLARI



Yüklə 1,04 Mb.
səhifə16/23
tarix02.02.2022
ölçüsü1,04 Mb.
#114017
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   23
2.“HAYRAT UL-ABROR” SABOQLARI
Navoiyning “Hayrat ul-abror”i – diniy – tasavvufiy, falsafiy, odob-axloq, pand-nasihat ruhidagi doston. Bu asarni shoirimizning hayot, inson, yashash, islom, yaxshilig-u yomonliklar haqidagi o`ziga xos saboqlari deyish ham mumkin. 63 bobdan iborat dostonning har bir bobida o`nlab masalalar, 20 maqolatu, 20 hikoyatning har birida ko`plab g`oyalar, fikr-mulohazalar bayon qilinadi. Ayrim baytlar borki, undagi mazmun yirik asarlar salmog`i bilan teng turadi. Ularni shohbayt, hikmat, fikrlar qaymog`i deyish mumkin. Ana shunday baytlarga e’tiborni qaratamiz.

Shoir o`quvchi e’tiborini eng muhim tushunchalarga qaratadi. Ularning har biriga alohida urg`u beradi: Ko`ngul, iymon, islom, karam (saxovat), adab, qanoat, vafo, ishq, rostlik, ilm, dunyo (aflok) kabilar teran sharhlanadi.

“Hayrat ul-abror”da inson, insoniylik belgilari, “odamiylar odamiysi”, ya’ni bugunning tili bilan aytganda, komil shaxs haqida ko`pgina fikrlar uchraydi. Dostonning boshlaridayoq, olamning paydo bo`lishi, borliqdagi g`aroyibot, sir-u sinoatlarning yaratuvchisi Olloh qudrati madh etiladi. Shoir olamdagi barcha narsalarning yaratilishidan maqsad inson ekanligini bir o`rinda “Lek boridin g`araz inson edi” deya ta’kidlasa, boshqa bir baytda “Bor edi inson guli maqsud anga” deydi:

Bu chaman o`lmog`ida mavjud anga,

Bor edi inson guli maqsud anga. (239-bet)
Navoiy insonni ulug`laydi. Bu nomga musharraf bo`lish oliy saodat ekanligini uqtiradi. Haqiqiy insonni “odamiylar odamiysi” deya baholaydi. Va bunday kishining birinchi belgisi iymon ekanligini ta’kidlaydi:

Kimki jahon ahlida inson erur,

Bilki nishoni anga imon erur. (100-bet)
Shoir iymonli, haqiqiy kishilarga xos sifatlarni ko`rsatib o`tadi. Ishi elga foyda keltirish, yaxshilik qilish, odob-axloqli, saxovatli, qilmishi rostlik va to`g`rilik, sabr-qanoatli, shukr qilib yashaydigan, halol mehnatni qadrlaydigan, shirin so`z, nafs va ta’madan yiroq kishilarni ana shu bahoga loyiq deb biladi. Shoir insonning suvrati bilan siyrati, ya’ni tashqi ko`rinishi bilan ichki dunyosi mos tushishini aytadi. Aytadigan so`z bilan qiladigan ish muvofiq bo`lmasa foydasiz ekanligini uqtiradi:

Kimniki, inson desang, inson emas,

Shaklda bir, fe’lda yakson emas. (325-bet)

Komil insonning ko`ngli, so`zi, ko`rinishi, fe’l-atvori, qiladigan ishlari bir xil bo`ladi.

Haqiqiy inson sabr-qanoatli, shukrlidir. Insonni davlati, mol-mulki emas, qanoati sarbaland etadi:

Mulk ila o`zni demagil arjumand,

Mulki qanoat bila bo`l sarbaland. (166-bet)
Navoiy asarlarida shukr qilib yashash g`oyasi ko`p tilga olinadi. Qit’alaridan birida ikki kishining holatini tasvirlash orqali shukronalikni ulug`laydi. Birov kelyapti: oyog`ida kiyishga kalishi yo`q. Ikkinchisi kelyapti – oyoqning o`zi yo`q. “Birni ko`rib fikr qil, birni ko`rib shukr qil” degan maqol mazmuniga juda mos. “Hayrat ul-abror”da bu fikr yana ham chuqurlashtiriladi:

Biri aning ne’matig`a shukr erur,

Kimsaki, shukr aylasa ko`prak berur. (123-bet)
Navoiy komil insonga xos yana bir muhim belgi sifatida halol mehnatni ulug`laydi. Birovning minnatli oshidan halol mehnat bilan topilgan ozgina narsa ham qimmatliroq. O`zi mehnat qilib topgan bir dirham birovning “ganj”i - katta xazinasidan yaxshiroq:

Bir diram olmoq chekibon dast ranj,

Yaxshiroq andinki birov bersa ganj. (153-bet)
Boshqa bir o`rinda esa, halol mehnat bilan topilgan qatiqsiz umochni (suvda pishirib olinadigan xamir ovqat) kulochga, ya’ni sharbat, bodom, qaymoq solib pishirilgan kulchaga qarshi qo`yadi. O`z mehnati bilan topilgan umochda ko`ngil tinchligi, osoyishtalik bor. Birov bergan kulochning minnati, bezovtaligi ko`proq:

Tinch ko`ngul birla qatiqsiz umoch

Behki birov minnati birla kuloch. (170-bet)
Komil insonga xos yana bir sifat-rostlik, to`g`rilik. Bu tushuncha Navoiyning ko`p asarlarida izohlanadi. “Xamsa” ning “Hayrat ul-abror”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” dostonlarida, ayniqsa chuqur mulohazalar bildirilib, ibratomuz hikoyatlar keltiriladi. “Sher bilan Durroj”, Muqbil va Mudbir, chin-u yolg`onni aks ettiruvchi sehrli oyna, kampir va daraxti, yolg`onchi kishi va uning uyi yonib ketishi kabi hikoyatlarni eslash kifoya. “Hayrat ul-abror”da bu mavzu o`ninchi maqolatda yoritilgan. To`g`rilik timsollari sifatida o`q, nay, nayza, sham’, sarv kabilar tavsiflanadi. Shoirning bu boradagi xulosasi quyidagicha:

Bir buki, tuz bo`lsa kishining so`zi,

Yo`q so`zikim, ham so`zi-yu ham o`zi. (205-bet)
Tuz-bu to`g`rilik, rostlik degani. Insonning so`zi rost bo`lishi zarur. Nafaqat so`zi, o`zi ham, so`zda boshqayu, ishda o`zgacha bo`lish muvofiq emas.

Ya’ni:


Ulki shior ayladi yolg`on demak,

Bo`lmas ani er-u musulmon demak. (208-bet)


Yolg`onchi odam xalq e’tiboridan qoladi. Shoir “kizb” – yolg`on, “kozib” – yolg`onchi tushunchalariga ko`p to`xtaladi. “Tuz-haq”, “egri-botil” deydi. Egrilik, yolg`onchilikni “barqqa”– chaqmoq, yashinga o`xshatadi. O`zi osmonda bo`lsa ham quyiga tushishini xorlik deb biladi. Egrilik-rejasiz bog`, tekislanmagan, teng suv icha olmaydigan notekis yer. Yolg`onchilik yashirin qolmaydi. Tezda elga oshkor bo`ladi. Yolg`onchilikda nomi chiqqan odamning rost so`zi bo`lmaydi. Unga hech kim ishonmaydi. To`g`ri so`zi ham yolg`ondek tuyuladi. Shu sabab har qanday mushkul damda ham yolg`on gapirmaslik kerak:

Necha zarurat aro qolg`on chog`i,

Chin demas ersang, dema yolg`on dog`i. (209-bet)
Haqiqiy inson nafsga mute bo`lmagan, uni yenga olgan kishidir. Navoiy e’tiroficha, to`qaydagi sherni yengish mardlik emas, o`z nafsini bo`ysundira olgan shijoatlidir. Kishini beburd qiladigan, har ko`yga solib, yo`ldan ozdiradigan balo-nafsdir. Nafs bilan jihod aylagan akbardir. Inson ehtiyojining, nafs nayranglarining cheki yo`q. Navoiy aytganidek:

Nafskim, ul ayshi mudom istagay,

Sanga gunoh, o`ziga kom istagay. (323-bet)
Nafs istagi – aysh, rohat-farog`at. Uni qondirish qiyin. Nafs qanchalik “kom” – bahra, lazzat uchun intilsa, inson shunchalik gunohga botaveradi. “Hayrat ul-abror” da bir bayt bor:

Chunki og`izning yemak o`ldi ishi,

Harbi uchun chekti iki saf tishi. (167-bet)
“Hayrat ul-abror” ning nasriy bayonida bu bayt “Og`izning ishi ovqat yeyish bo`lgani sababli chaynash uchun (Xudo) ikki qator tish ham yaratdi” tarzida sharhlangan. Ammo bunday emas. Chunki bu bayt dostonning yettinchi maqolatidan olingan bo`lib, u “Qanoat bobidakim” deb boshlanadi. Shoir bu bobda qanoat, tama’, ularning foyda va zararlarini sharhlaydi. Shu asosda yuqoridagi bayt ham keltiriladiki, uning talqini quyidagicha: Og`izning ishi yeyish. Inson ehtiyojining cheki yo`q. Taom, nafs lazzati hammani ham mahv etishi mumkin. Navoiy e’tiroficha, og`izning, nafsning bu istagiga qarshi ikki qator tish berilgan. Ular ovqatni chaynash vositasi emas. Balki inson nafsiga qarshi kurashadigan ikki qator lashkar-jangchilardir. “Harbi uchun” birikmasi ana shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.

Navoiy asarlarida so`zga alohida e’tibor beriladi. “So`z” deganda til, nutq, muomala, badiiy adabiyot kabilar nazarda tutiladi. Shoir nazarida shirin so`z, yaxshi muomala ko`p mushkullarni hal qilishda foyda beradi. Gapirayotgan yuksak martabali kishi yoki gadomi, boy-u badavlat yoki kambag`almi- bu muhim emas. Muhimi u nima deyayotgani. “Hayrat ul-abror” ning o`n uchinchi maqolati foyda yetkazuvchilar haqida. Komil insonlarga xos belgilar qatorida yaxshi so`zga ham e’tiborni tortadi. Shoir talqinicha, ba’zan katta davlat, ganj-xazina berib ham qilib bo`lmaydigan ishni “bir yaxshi so`z” bilan bajarish mumkin:

Ganj berib bo`lmas ekin tutsa ko`z,

Ulcha qilur vaqtida bir yaxshi so`z. (239-bet)


Shoir fikrlarini davom ettirib, so`z bilan eng yomon odam yaxshiga aylanishi, “kufr ahli musulmon”, “hayvon degan inson” bo`lishini ta’kidlaydi. So`zdan jonsiz vujudga jon, “o`luk tan hayot” topadi:

Ham so`z ila elga o`lumdin najot,

Ham so`z ila topib o`luk tan hayot. (240-bet)
Navoiy asarlarida, “Hayrat ul-abror” da ham insoniylikning yetakchi omili sifatida o`zgalarga yaxshilik qilish ekanligi ko`p bor qayd etiladi.

Kimki, o`zgalarga yaxshilik qilish, foyda keltirishni odat qilsa, bundan o`ziga ko`proq foyda yetadi:

Naf’ing agar xalqqa beshak durur,

Bilki bu naf’ o`zungga ko`prak durur. (234-bet)


Yaxshilik qilib yashash yuksak baxt. Uni hamma ham qilolmaydi. Yaxshilik qilolmagan odam yomonlik ham qilmasa. Shuning o`zi yaxshilik qilish bilan teng:

Yaxshilik ar aylamasang ish chog`i,

Aylamagil bori yomonliq dog`i. (299-bet)
Navoiy talqinida, yaxshilik qilishning ham o`z shartlari bor. Eng yaxshisi qilgan yaxshiligini aytmaydigan, minnat qilmaydigan kishidir. Ming yaxshilik qilib, bir marta ham aytmagan kishida “erlik asari yordur”:

Yaxshi emas gar qilib aytur kishi,

Ko`r ne bo`lur qilmayin aytur ishi. (275-bet)
Umuman, “Hayrat ul-abror” da yosh-u qari, erkak-u ayol-hamma-hamma uchun o`git bo`ladigan, hayoti davomida amal qilishi zarur bo`lgan ko`pdan ko`p saboqlar o`z ifodasini topgan. Ularni o`rganish har birimizning bugungi kundagi muhim vazifalarimizdandir.


Yüklə 1,04 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   23




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin