Навоий “хамса” сидаги баъзи образлар талқинига доир



Yüklə 1,04 Mb.
səhifə5/23
tarix02.02.2022
ölçüsü1,04 Mb.
#114017
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   23
SURUSH OBRAZI
Navoiy she’riyatida rang-barang obrazlar ko`p uchraydi. Ularni mifologik, diniy, tarixiy, afsonaviy, an’anaviy kabi timsollar tarzida guruhlashtirish mumkin. Adabiyotda ko`p ko`zga tashlanadigan Yusuf, Nuh, Dovud, Sulaymon kabi payg`ambarlar, “badiiy adabiyotda bir ijodkordan ikkinchi ijodkorga o`tib yuruvchi, ko`pchilikka tanish bo`lgan, qachonlardir adabiyotga kirib kelgan va qattiq o`rnashib qolgan”2 Farhod, Shirin, Layli, Majnun, Hotam, Bahrom, No`shiravon, Iskandar kabi an’anaviy obrazlar ko`pchilikka yaxshi tanish. Bu obrazlarning har biri ma’lum belgilari, o`ziga xos yetakchi xususiyat va sifatlari bilan namoyon bo`ladi.

Ammo ba’zi obrazlar mavjudki, ularga xos mohiyat, asosiy tomonlarni aniqlash muhim vazifalardan. Ana shunday obrazlardan biri Surushdir. Navoiy “Xamsa” sida, g`azallarida bu timsol uchrab turadi. Surush kim? Unga xos asosiy belgilar nima? “Navoiy asarlari lug`ati” da shunday qayd berilgan: “Surush-f. Farishta, Xudodan xabar keltiruvchi deb hisoblanadigan farishta, Jabroil”3. Xuddi shunday izoh “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug`ati” ning III tomida ham keltirilgan: «Surush-1. Farishta, Jabroil farishta. 2. Ovoz»1. Ushbu izohlardan Surushning farishta, Jabroil ekanligi, ayni paytda “ovoz” ma’nosi ham borligi oydinlashmoqda. Professor B.To`xliyevning 9-sinflar uchun mo`ljallangan “O`zbek adabiyoti” darsligida ham shu ruhdagi mulohaza keltiriladi: “Avesto”da ifodalangan zardushtiylik diniga ko`ra, odam vafot etgach, to`rtinchi kuni tangri farishtasi Surush (farishta Jabroilning boshqacha ismidir) uning ruhini Chinvod (Chinobod) qil ko`prigiga olib keladi. U yerda odamning bu dunyoda qilgan yaxshiliklari o`lchanadi”2.

Ushbu fikrlar Surush ko`p bor tilga olingan ilk manba- “Avesto” ekanligiga e’tiborni tortgani bilan ahamiyatli. Bu yerda ham Surush va Jabroil aynan bir farishtaligi ta’kidlanmoqda.

“Avesto” ni mutolaa qilish jarayonida Surush nomi ko`p uchrashi kuzatildi. Unga xos sifatlarga diqqat qilindi. “...olamlarga firo`zlik va kenglik baxsh aylaguvchi porso Surush...”3, “jasoratli, tanmansara, ahuraviy qudrat sohibi, qattiqqo`l va porso Surush, bu nomdor va shuhratmand ilohga xushnudlik bo`lsin!” (41-bet).

“Avesto” izohlarida Surushga xos tomonlar ko`rsatib o`tilgan. Ularda qayd etilishicha, “Surush oxirat va oqibat amallarini hisob-kitob qiluvchi xudolar sirasidan”. Surush xususida bildirilgan mana bu mulohazalar diqqatni talab qiladi: “Forsiy va arabiy adabiyotlarda u Jabroil farishta bilan tenglashtiriladi. Biroq zardushtiylikda bu vazifa Nayryuzsanghaning zimmasida”4.

Biz ham ushbu fikrga qo`shilamiz. Ya’ni Surush bilan Jabroil aynan bir timsol emas. Ularga xos o`xshash tomonlar bor. Jabroil – farishta: “Xudo bilan payg`ambar o`rtasida vositachi, vahyi keltiruvchi farishta nomi”5. Bizningcha, Surush va Jabroil o`rtasidagi farqlar quyidagilar:

1.Surush Jabroilga qaraganda qadimiyroq obraz.

2.Surush “Avesto”, zardushtiylik bilan bog`liq bo`lsa, Jabroil islom diniga daxldor.

3.“Surush ilohiy oyat-belgi va ahuraviy so`zlarni maxluqlarga yetkazuvchi” (314-bet) bo`lsa, Jabroil Olloh bilan payg`ambar o`rtasidagi vositachi.

4.Surush iloh, xudo, farishta sifatida tilga olinsa, Jabroil faqat farishta maqomidadir.

Yana bir narsani ta’kidlamoqchimizki, Navoiy “Xamsa” sida, g`azallarida Surush nomi doimo kichik harf bilan yozilgan. Bizningcha, bu nomni ham xuddi Jabroil yoki boshqa ilohiy obrazlar singari bosh harf bilan yozish joizdir.

Mana shu mulohazalar asosida Navoiy asarlarida ushbu obrazning o`ziga xos talqinlariga e’tiborni qaratsak. Navoiy “Xamsa”si, lirik she’rlarida Zardusht, Surush kabi “Avesto” obrazlaridan tortib, shoir bilan bir davrda yashagan ko`pgina tarixiy shaxslar nomlarigacha uchraydi. Navoiy turli ilmiy, tarixiy, diniy, badiiy va boshqa manbalar orqali bu timsollardan yaxshi tanish edi. Professor N.Mallayevning mana bu qaydlari ham e’tiborlidir: “Alisher Navoiy mif va afsonalar bilan xalq ijodiyoti orqali, yozma manbalar: tarix kitoblari, tazkiralar (masalan, “Devonun-nasab”, “Tazkiratul-avliyo” kabi), ilmiy asarlar va alalxusus badiiy asarlar orqali tanish edi”1. Olimning e’tiroficha, Navoiy uchun Firdavsiyning “Shohnoma”si muhim badiiy manba hisoblanadi. Shoir asarlarida “Shohnoma” obraz, sujetlarining ko`p uchrashi ham bu fikrni tasdiqlaydi.

“Xamsa” dostonlarining ko`p o`rinlarida Surush nomi uchraydi. “Farhod va Shirin” da shunday bayt bor:

Ko`targach boshni ko`rdi sabzpo`she,

Yuzi nuroni andoqkim surushe.2
Bu Farhodning Suqrot tog`i tomon borishida Xizr bilan uchrashganining ifodasi. Baytda Xizrga xos “Sabzpo`sh” lik – yashillik, “yuzi nuroni” lik jihatlari ta’kidlanib, u Surushga qiyoslanmoqda. Bundan Surushga xos ayrim belgilar oydinlashmoqda. Nuroniylik, yaxshilarga hamroh va qo`ldosh bo`lish.

“Sab’ai sayyor” ning nasriy bayonida “surush” nomi “farishta” sifatida tilga olingan, xolos1. Surush uchun asosiy belgi- farishtalik. Dostonda Sa’d bilan bog`liq hikoyatda bir necha o`rinda Surush nomi tilga olingan:

Dedi farrux surush ruhoni:

K-ey nasibing bu sirri pinhoni. (46-bet)

Ul ikki rahravi zumurradpo`sh,

Rahnamoi aning, nechukki surush. (181-bet)


Birisi chekti mujda birla xurush,

Qildi mundoq nido nechukki surush. (183-bet)


Bu baytda Sa’d bilan hamrohlik qilgan ikki musofir Surushga o`xshatilmoqda. Surushga xos rahnamolik sifati namoyon bo`lmoqda.

“Layli va Majnun” izohida “Surush-xushxabar yetkazuvchi farishta”2 sifatida qayd etiladi. Majnun uchun Zayd – Surush:

Jon dardig`a chorako`sh sen sen

Odam demayin, surush sen sen. (192-bet)


Bu misralarda Surush odamzot xaylidan emas, farishta ekanligi aniq ta’kidlanmoqda. Majnun uchun Layli haqida xabar yetkazgan Zayd Surush darajasida. Demak, Surush yaxshi xabarlar, kishilarga manzur, jonbaxsh voqealardan darak beruvchi farishta. U hatto tushda ham bu vazifani bajaradi:

Kim, yetti qulog`iga xurushe,

Aytur edi bu xabar surushe. (288-bet)
Bu baytda Surushning Majnun tushida Laylining ahvolidan xabar berishi ifodalangan.

Navoiy g`azallarida ham oz bo`lsa-da, Surush nomi tilga olingan. “Navodir ush-shabob” da shunday bayt bor:

Turmadi shayxi riyoyi, chun yetishti piri dayr

Qochmayin Iblis netsun, chun nuzul etti surush1.


“Avesto” da yaxshilik va yomonlik olami haqida gapiriladi. Har ikki olamning o`ziga xos kuchlari, timsollari tilga olinadi. Iblis – yomonlik, aldoq, yo`ldan ozdirish timsoli. Riyokor shayxlar- shayton. Ularga qarshi turuvchilar “piri dayr” – Surush. Bu baytda ham Surushning ezgulik farishtasi ekanligi qayd etilmoqda. “Badoye’ ul-vasat” dan olingan mana bu baytda ham ana shu ruh o`z ifodasini topgan:

Subhidam ul but sabuhiy bazmin ettim orzu,

Chiqmag`il dayri fanodin deb nido qildi surush2.
Umuman, Surush kabi nazarga unchalik ham tashlanavermaydigan obrazlarni tahlilga tortish, ularga xos mohiyatni aniq yoritib berish mumtoz adabiyotimiz namunalarini yana ham teranroq anglash imkonini tug`diradi.


Yüklə 1,04 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   23




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin