Xarakteriga qarab pedagogik nizolar ob’ektiv yoki sub’ektiv nizolarga bo‘linadi. Ob’ektiv nizolarga ta’limning rivojlanish jarayonida yuzaga chiqadigan real kamchiliklar va muammolar bilan bog‘liq nizolar kiradi. Bu nizolar amaliy nizolar bo‘lib, o‘quv jarayonini rivojlantirish, ta’lim muassasasida normal "ruhiy iqlim " ni yaratish uchun xizmat qiladi.
Sub’ektiv nizolarga o‘qituvchi va o‘quvchilarning u yoki bu voqelikka bo‘lgan shaxsiy fikrlarining turlichaligi oqibatida vujudga keladigan nizolar kiradi. Bu nizolar tabiati bo‘yicha his-tuyg‘uga, hissiyotga berilish, qiziqqonlik oqibatida yuzaga chiqadi. Odatda, bunday nizolar bir-birini ruhan ko‘ra olmaydigan yoki bir-birini tushunmaydigan, yoxud tushunishni hoxlamaydigan o‘qituvchi va o‘quvchilarning qarama-qarshi fikrlari oqibatida vujudga keladi.
Oqibat natijasiga qarab, pedagogik nizolar konstruktiv va destruktiv nizolarga bo‘linadi. Konstruktiv nizolar ta’lim muassasasida maqsadga muvofiq, o‘zgartirishlar qilinishini, oqibatda esa nizo chiqadigan ob’ekt (sabab)ni bartaraf etishni nazarda tutadi. Agar nizo hech qanday asosga ega bo‘lmasa, unda bu nizo destruktiv nizo deb yuritiladi. Bunday nizolar o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni barbod etadi, so‘ngra ta’lim jarayonini izdan chiqarish payida bo‘ladi. Shuni nazarda tutish kerakki, har qanday konstruktiv nizo, agar o‘z vaqtida oldi olinmasa, destruktiv nizoga aylanadi, ya’ni o‘qituvchi va o‘quvchilar bir-biriga nisbatan nafratlarini namoyish etish, bo‘lar-bo‘lmasga tirnoq ostidan kir izlash, har bir so‘zdan ilgak topish, atrofdagilarning qadr-qimmatini yerga urish, o‘zining fikrini zo‘rlab tirkash, yetilgan muammolarni hal qilishdan bosh tortish harakatida bo‘laveradilar.
Aksariyat hollarda konstruktiv nizolarning destruktiv nizolarga aylanishi nizoda o‘qituvchi va o‘quvchining shaxsiy xislatlari bilan bog‘liq bo‘ladi.
Pedagogik nizoning kelib chiqishi va to‘qnashishning sodir bo‘lishi bir butun jarayon bo‘lib, bu jarayon quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi (1-chizma).