1-vaziyat. Shohruh 7 yoshda. U yoshligidan e’tiboran yelimlash, rasm chizish, qurishga qiziqadi. Shohruh yaxshi rasm chizadi, plastilindan turli narsalar yasaydi, ajoyib konstruksiyalar yaratadi, ijodiy hayol suradi. Tarbiyachining bolani badiiy studiyaga berish taklifiga Shohruhning ota-onasi, u sport bilan shug‘ullanishi kerak degan qarorga kelib, rad javobini berishdi. Bog‘chada Shohruh hech kim bilan do‘stlashmaydi, bolalar bilan ko‘pincha nizoga kirishadi. Agar bolalardan biri uni rasm chizishiga, uycha qurishiga yoki boshqa o‘yinlariga qo‘shilmoqchi bo‘lsa, Shohruh ko‘pincha ularni qo‘ymadi. U bolalarga aralashmaydi, uni o‘z sevgan mashg‘ulotidan chalg‘itish yoki e’tiborini boshqa narsaga qaratish qiyin, ya’ni “bola o‘zi bilan”.
Muammo: Sizning harakatlaringiz qanday bo‘ladi?
1-variant. Shohruhning o‘zini-o‘zi baholashi juda past holatda. Uning bahosi ota-onasi tomonidan tan olinmagan. Bolaning o‘zini-o‘zi baholashini rivojlantirishga harakat qilish kerak, tanlovlarda qatnashishni taklif etish lozim. Shohruhning muvaffaqiyatlarini ota-ona va bolalar baholashlari uchun, uning ishlarini ko‘rgazmalarga qo‘yish lozim.
2-variant. Sotsiometrik uslubdagi tadqiqot o‘tkazish, bolani afzal ko‘rish, uni ochish va turli umumiy vazifalar bergan holda, bolalar bilan yaqinlashtirishga harakat qilish, bolalar bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatishga tortish kerak.
3-variant. Ota-ona bilan ish olib borish. Ularga bolaning qiziqishini ko‘rish va tushunishga yordam berish. Shohruh unga tavsiya etilayotgan mashg‘ulotga qiziqqan bo‘lishi, faqat “onasi aytganligi uchun emas”, balki unda moyillik va qiziqish bo‘lgani uchun, qo‘shimcha ta’lim tanlashda bolaning fikrini hisobga olishni taklif etish. Sport bilan yakshanba kunlari oilaviy shug‘ullanish ham mumkinligini tushuntirish.
2-vaziyat. Ahmad bolalar bog‘chasida yana bir yil qolib, boshqa guruhda to‘rt yil mobaynida tarbiyalangan tarbiyachisini sog‘inmoqda. Ahmad ko‘pincha o‘zining avvalgi guruhiga mehmonga keladi: tarbiyachilar bilan muloqotda bo‘ladi, bolalar bilan o‘ynaydi, konstruktordan foydalanib, turli qurilmalarni yasashni o‘rganadi va hokazo. Tarbiyachilar doimo Ahmadni yaxshi qabul qiladilar, uning onasiga ham o‘g‘lining bunday tashrifi yoqadi – tarbiyachilar bilan uning aloqasi yaxshi, ijobiy munosabatda. Kunlarning birida, Ahmadni bog‘chadan olib keta turib, Marg‘uba opa (onasi) uning qo‘lida begona kichik mashinacha borligini payqab qoldi.
Muammo: Nima qilish kerak?
1-variant. Boladan quyidagilarni so‘rash:
- Ahmad, bu kimning mashinachasi? Uni egasiga berish kerak.
- Men Muqaddas opaning (tarbiyachi) oldiga mehmonga bordim, bolalarga garaj qurishni o‘rgatdim va bilmasdan cho‘ntagimga solibman, - deb, Ahmad onasiga ayyorlik qildi.
- Bolalar oldiga borib, mashinachani qaytarib bergin.
- Yo‘q, u menga yoqadi, menda bunday mashinacha yo‘q, - deb Ahmad qaysarlik qildi.
- Ahmad, bu mashinachani bolalardan biri uyidan olib kelgandir va hozir yig‘layotgandir, izlayotgandir, - deb ona ta’kidlaydi.
- Yo‘q, bormayman. Tarbiyachi Muqaddas opaning jahli chiqadi va menga mashinachani o‘g‘irlagansan, deb aytadi, men uyalaman, - deb javob qaytaradi Ahmad.
- Ahmad, kel ertaga birgalikda Muqaddas opaning oldiga boramiz va mashinachani beramiz.
2-variant. Vaziyatni oldindan Muqaddas opa bilan muhokama qilgan holda bolani mashinachani qaytarib berishga ko‘ndirish. Kechqurun, Ahmadni olib ketishdan oldin, Marg‘uba opa Muqaddas opaning oldiga kirib, bo‘lgan voqeani aytib beradi va bolasi bilan kelishganligini ogohlantirib qo‘yadi. Muqaddas opa onaning yondashuvini qo‘llab-quvvatlaydi va bolaga mashinachani qaytarish vaqtida xursand bo‘lib shunday deydi:
- Ahmad, Ravshanning mashinachasini topib olibsan-ku! Biz esa kun bo‘yi uni izlayapmiz. Ravshan yig‘layapti, tezroq kel, uni Ravshanga bergin, senga katta rahmat deydi.
3-variant. Marg‘uba opaning o‘zi mashinachani oladi va Muqaddas opaga olib borib beradi. Vaziyatni tushuntiradi. Lekin, begona narsalarni olish yaxshi emasligi haqida oldindan o‘g‘li bilan suhbatlashadi.