Navoiy davlat pedagogika instituti pedagogika kafedrasi



Yüklə 2,43 Mb.
səhifə134/323
tarix16.09.2023
ölçüsü2,43 Mb.
#128997
1   ...   130   131   132   133   134   135   136   137   ...   323
Pedagogik konfiliktalogiya

Tafakkur (arabcha – fikrlash, aqliy bilish) bo‘lib, predmet va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlarini aniqlaydigan, ular o‘rtasidagi ichki, zaruriy aloqalar, ya’ni qonuniy bog‘lanishlari aks etadigan bilishning ratsional bosqichi sanaladi. Tafakkur jarayonida narsa va hodisalarning o‘zaro aloqadorligi, rivojlanish qonuniyatlari, istiqboli haqida bilimlar, g‘oyalar, farazlar, hosil bo‘ladi. Tafakkur jarayonining natijasi hamisha biron-bir fikrdan iborat bo‘ladi. Tafakkurning asosiy shakllari, tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa kabilarda namoyon bo‘lib, masalan, “tolerantlik” tushunchasi o‘z mazmuniga ko‘ra jamiyatdagi ijtimoiy voqelik bilan uzviy aloqadorlikni namoyon etadi. Tolerantlik zamonaviy bag‘rikenglik taffakurining negizini tashkil qiladi.
O‘quvchi-yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirish davlatni mustahkamlash, uning havfsizligini muhofaza qilish, yoshlarni turli mafkuraviy yot g‘oyalardan asrash, ularni bag‘rikenglik asoslarida hayotga tayyorlashda katta ahamiyatga ega. Tolerantlik dunyoviylik davlatning eng zarur hususiyatlaridan hisoblanadi. Dunyoviy davlat va fuqarolik jamiyati qurilishi tolerantlik tafakkurining jamiyat a’zolari, xususan, o‘quvchi-yoshlar tafakkurida shakllanganlik darajasiga bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy-ma’naviy voqelik bo‘lib, tolerantlik tafakkurini butun aholi, xususan, o‘quvchi-yoshlar ongida shakllantirishni pedagogika fani oldida turgan eng dolzarb masalaga aylangan.
Tolerantlik boshqa millat, irq, xalq, ularning madaniyati, tili, urf-odati, qarashlari, udumlariga bo‘lgan “qanoatli” va hurmatli munosabatni anglatadi. Tolerantlik tafakkuri qadimdanoq turli xalq va millatlarni bir-biriga moslashtirish va o‘zaro hamjihatlikda yashash zarurati asosida rivojlanib kelgan. XXI asrda dunyo iqtisodiy, ma’naviy, madaniy munosabatlarida bir tomondan, umumlashish va uning asosida yuzaga kelayotgan globalizatsiya jarayonlari, ikkinchi tarafdan, mazkur umumlashish va o‘zaro yaqinlashish asosida davlatlardagi insonlararo va mafkuralararo ziddiyatlarning ortishi dunyo davlatlari va xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarga e’tibor qaratilishini ko‘ndalang qo‘ymoqda. Shu bois, tolerantlik bugungi kunda bashariyatning eng zarur zamonaviy qarashlari va tafakkurlaridan biriga aylanmoqda34.
Tarixiy jihatdan tolerantlik insonlarga hamdard bo‘la olish xususiyatlari asosida Sharq sivilizatsiyasi tarkibida shakllangan. Qadimgi xitoy, hind, misr, zardushtiylik madaniyatlarida shakllantirilgan bag‘rikenglik g‘oyalari keyinchalik islom falsafasi orqali qadimgi davrlardan ijodiy o‘zlashtirilgan. Islom madaniyatining G‘arb ilg‘or tafakkuriga ta’siri orqali bag‘rikenglik Renessans davrining insonparvarlik g‘oyalari asosida yangitdan shakllantirilgan. Tolerantlik tushunchasi barcha Yevropa tillarida mavjud bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi ingliz, ispan, fransuz, nemis tillarida boshqalarga nisbatan sabr-bardoshli bo‘lish, o‘z fikri va mulohazalari, qarashlarining birovlarnikidan o‘zgacharoq bo‘lishi mumkinligini tushunish, birovlarning harakatlari va ongi o‘zinikidan o‘zgacha ekanligini tan olish degan mazmunlarni bildiradi.
Tolerantlik tarixiy ildizlarga ega hodisa hisoblanadi. Tarixan o‘z shakllanish jarayonlarida tolerantlik ma’naviy va diniy bag‘rikenglik g‘oyalariga tayangan. Tolerantlik va dinlar tarixi o‘zaro bog‘liq hodisalar bo‘lib, dunyo dinlari o‘rtasidagi tenglik va o‘zaro hurmat tolerantliksiz rivojlana olmas edi. Tolerantlik diniy e’tiqodlarga bo‘lgan o‘z munosabatini an’anaviy diniy mazhablarning ulug‘lanishi asosiga quradi. Shu nuqtai nazardan, har bir din tarkibida o‘ziga hos tolerantlik tamoyillariga asoslangan konfessional qadriyatlar tizimi shakllanib kelgan.
Xitoy madaniyatida tolerantlik birovlarga nisbatan mehrli munosabatni qabul qila olish va mehribon bo‘la olishlikni bildirgan. Arab va musulmon madaniyatida tolerantlik “tasamul” tushunchasiga mos kelib, kechirimli bo‘lish, yumshoqlik, mehribonlik, hayrixohlik, sabr va qanoat, birovlarga nisbatan hurmatli munosabatni anglatadi. Dunyo dinlari ichida buddizm tolerantlikni birovlarni hurmat qilish, mehrli bo‘lish, o‘z so‘zi ustida turish, birovlarga xuddi o‘zidek izzatli bo‘lish ma’nolarini anglatadi. Xitoy faylasufi Konfutsiy tolerantlikni “O‘zingga nisbatan xohlamagan narsalarni birovlarga ham ravo ko‘rma” aqidasi asosiga quradi. Ana shunday g‘oyani xristianlik, induizm, jaynizm va boshqa diniy konfessiyalarda ko‘rish mumkin. Buddaviylik tolerantlikni “Inson o‘zining qarindoshlari, yoru-birodarlariga bo‘lgan munosabatini besh vosita orqali izhor etishi mumkin: ularga e’zozli, e’tiborli, mehrli, hayrixoh, o‘ziga qaragandek qarash va o‘z so‘zi ustidan chiqish”, induizm - “O‘zingni og‘ritgan narsalarni birovga ravo ko‘rma”, jaynizm - “Baxtsiz onlarda, xursandlik va g‘amginlikda biz har bir jonzotga o‘zimizga bo‘lgani kabi munosabatda bo‘lmog‘imiz darkor” zaroastrizm - “O‘ziga yomon bo‘lgan narsalarni birovlarga ravo ko‘rmagan odamgina yaxshi odam bo‘ladi”, xristianlik -“O‘zingizga qanday munosabatni istasangiz, o‘shanday munosabatni o‘zgalarga ham istang” aqidalari va tamoyillari asosiga quradi. “Birortangiz o‘z birodaringizni o‘zingizdek yaxshi ko‘rmasdan turib, e’tiqodli bo‘lolmaysiz” degan aqida islom dinidagi tolerantlik tushunchasining bosh mazmuni bo‘lib xizmat qiladi.
Tolerantlikni zamonaviy tushunish va anglash jarayonlari
XX asrning so‘nggi choragidan boshlangan. 1995 yili 16 noyabrda Parij shahrida YuNESKO tashkilotining yigirma sakkizinchi Sessiyasida 185 dunyo davlatlari ishtirokida “Tolerantlik tamoyillari Deklaratsiya”35si imzolandi. Ushbu deklaratsiya YuNESKO tashkilotining Bosh Assambleyasi konferensiyasining 5.61 Rezolyusiyasi bilan tasdiqlandi. Mazkur xujjat tolerantlikni dunyo rang-barangligi asosidagi erkinlik huquqi sifatida baholaydi. Shu davrdan boshlab 16 noyabrni dunyo miqyosida tolerantlik kuni sifatida nishonlash an’anaga aylandi.
“Tolerantlik tamoyillari Deklaratsiyasi”da so‘nggi davrlarda dunyo miqyosida ko‘payib borayotgan “zo‘ravonlik, terrorizm, ksenofobiya, agressiv millatchilik, rasizm, antisemitizm, etnik, diniy va til nuqtai nazardan kichik guruhlar, shuningdek qochoqlar, gastarbayterlar, immigrantlar, ijtimoiy muhofazaga muhtojlarga nisbatan e’tiborsizlik va hurmatsizlik” kabi holatlar mavjudligini tan oladi va yoshlar tarbiyasida tolerantlik masalalariga bo‘lgan maxsus e’tiborni kuchaytirish lozimligini ko‘rsatadi.
“Tolerantlik tamoyillari Deklaratsiyasi”ning preambulasida ta’kidlanishicha, “Biz, Birlashgan Millatlar tashkiloti xalqlari, bo‘lajak avlodlarni urush talofotlaridan muhofaza qilish maqsadlarida yana bir bor inson huquqlari, inson hayotining qadr-qimmatiga bo‘lgan e’tiborni tiklash uchun tolerantlik g‘oyalariga tayanib, insonlarning birgalikda, yaxshi qo‘shnichilik an’analari asosida yashashlarini istaymiz”, - deb aytiladi.
Tolerantlik tushunchasi “multikulturalizm”, “polietniklik”, “monomadaniyat” va “polimadaniyat”, “madaniyatlararo dialog” kabi ijtimoiy-siyosiy voqeliklarning to‘g‘ri baholanishini, shu bilan birga genotsid, rasizm, ksenofobiya, ekstremizm, etnotsentrizm, fundamentalizm, radikalizm, millatchilik, milliy shovinizm, milliy xudbinlik, guruhli xudbinlik, diniy aqidaparastlik va diniy riyokorlik kabi tolerantlikka qarshi bo‘lgan tushunchalarning salbiy qirralarini bilishni, ularning barcha ko‘rinishlariga qarshi ogoh bo‘lishlikni talab etadi.
Demak, bugungi kunda tolerantlik tushunchasi insonlarning o‘zaro munosabatlarini ularning millati, irqi, nasli nasabi, madaniyati va urf-odatlari, iqtisodiy ahvoli, dini va e’tiqodiga qaramasdan muvozanatda saqlash me’yorlarini o‘zida mujassam etadi. Tolerantlik – insonning turli iqtisodiy, ma’naviy, mafkuraviy, diniy munosabatlarga kirishishining qonun-qoidalarini belgilab beradi.
O‘zbek millatining etik-estetik, axloq va odob, ma’naviy va ma’rifiy, falsafiy qadriyatlari tizimida tolerantlik g‘oyalari eng qadimgi davrlardan boshlab rivojlantirilgan va o‘ziga xos tarzda shakllantirilgan36. O‘zbeklar milliy an’analarida tolerantlik tushunchasi ancha keng va asosli tarzda tushuntirilgan va avlodlar tarbiyasining muhim omillaridan biri sanalgan. Tolerantlik tushunchasida inson axloqiga oid sabr-bardoshli bo‘lish, hurmat, e’zoz, izzat ko‘rsata olish, rahmdillilik, mehru-muruvvat kabi sifatlar an’anaviy xususiyatga ega bo‘lgan. Tolerantlikning tarixiy ildizlari eng qadimgi davrda “Avesto”, “O‘rxun-Enasoy bitiklari”, “So‘g‘d yozuvlari”37 kabi adabiy yodgorliklarda shakllantirilgan va inson odobi, uning ma’naviy-ruhiy aqidalarining zarur talabiga aylangan. “Kattani hurmat qilish, kichikka izzat bilan qarash” o‘zbeklarning milliy axloqiy talablaridan hisoblangan.
O‘zbeklar milliy qadriyatlari tizimida tolerantlik tushunchasi tarkibiga an’anaviy tarzda kuyidagi insoniy hislatlar va tafakkur qirralarini kiritganlar: insof, adolat, hurmat, e’zoz, izzat, sabr, qanoat, mehr, keng fe’llilik, bilimdonlik, madaniyatlar tarixini bilish, boshqa madaniyat va din vakillariga e’zozli va hurmatli munosabatda bo‘lish, taqvodorlikning har qanday ko‘rinishlariga chuqur hurmat, bag‘rikenglikni kundalik turmushga nisbatan qo‘llash, bag‘rikenglikni oilaviy tushuncha darajasida amal qilishini ta’minlash, do‘stlik, birodarlik, bir-biriga azizlik qadriyatlarini oilaviy munosabatlarga o‘tkazish, o‘zaro tenglik, o‘zaro tenglikka hurmat, tenglik tushunchasini juda keng anglash, o‘zaro hamjihatlik, tinchlik, tinchlikka chuqur hurmat va e’zoz, uni eng ulug‘ qadriyatlardan hisoblash, janjal va nizolardan qochish, yaxshi niyatli va amalli bo‘lmoq, sodiqlik, insonparvarlik va insonni ardoqlash, vatanparvarlik, ilmga chanqoqlik, hurfikrlilik va erk, tafakkurga ishonch, mehr-muruvvat, yaxshilik, ona va ayolga ehtirom, ota-onaga chuqur hurmat, ota-onaga xizmat, diniy bag‘rikenglik, haqgo‘ylik, halimlik, kamtarinlik, tavozuli bo‘lmoq, og‘ir-bosiqlik, salmoqlilik, vazminlik, yetti marta o‘ylab, biror qarorga kelish, barqarorlik, peshqadamlilik, ilg‘orlik, qilgan amallar va niyatlarda pok bo‘lmoqlik, e’tiqodda qat’iylik v.b.
Islom dini – tinchliksevar din deb tan olinadi. Tinchlik, totuvlik, barqarorlik, insonlararo hamjihatlik ham diniy, ham dunyoviy tafakkur doirasida amal qiladigan ma’naviy qadriyatlardan hisoblanadi. Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, aholini bunyodkorlik ishlariga safarbar etish, yer yuzini “obod qilish”, tangrining yerdagi barcha mavjudotlariga nisbatan mehrli, shavqatli bo‘lish insonning asl vazifalari ekanligi islom dinida ham, dunyoviy tafakkur doirasida ham targ‘ib etiladi. Shunday qilib, ma’naviy-diniy bag‘rikenglik aqidalari va tolerantlik tamoyillari Sharq mutafakkirlarining islom madaniyati tarkibidagi falsafa, fiqh, san’at, tarix, adabiyot kabi ilmlar doirasida rivojlantirilgan, targ‘ib va tashviq etilgan, inson tarbiyasi va komilligining muhim jihatlaridan deb sanalgan. Insonlararo, millatlararo, davlatlararo va boshqa turdagi barcha ziddiyatlarni ham tolerantlik tafakkurisiz biror to‘xtam va yechimga olib kelib bo‘masligi ayon. Demak, tolerantlik tafakkurining konfliktlar yechimidagi o‘rni o‘zgachadir. Tolerantlik tafakkuriga ega bo‘lgan odam o‘z hayoti va atrofidagi o‘ziga yaqin insonlar hayotini turli ziddiyatlardan muntazam muhofaza qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Inson tug‘ilib, o‘zining ilk nafasini olishi bilanoq, uning shaxs sifatidagi shakllanishining uzoq va mushaqqatli jarayoni boshlanadi. Oilamizda farzand tug‘ilsa, butun oila, quda-andalar, qo‘ni-qo‘shnilar, yaqin qarindoshlar – hammamiz eng quvonchli damlarni boshimizdan o‘tkazamiz, o‘zimizni eng baxtiyor inson sifatida anglaymiz. Farzand tug‘ilishidan ortiq baxt yo‘q, deb hisoblaymiz. Farzandimizning sog‘lig‘i va unib o‘sishi uchun parvona bo‘lamiz. Chunki u - murg‘ak, chunki u - bizning e’tiborimiz va mehrimizga juda muhtoj. Agar biz bolani boqishda kichik bir xatoga yo‘l qo‘ysak, go‘dakning unib-o‘sishida qiyinchiliklar kelib chiqishi, hammamiz kuyinishimiz aniq va muqarrardir. Bola o‘stirar ekanmiz, biz ko‘proq ana shu tomonga, ya’ni uning salomatligini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishga o‘zimizni qurbon qilamiz. Bu vazifani hech qachon yodimizdan chiqarmaymiz, mazkur masalada har doim e’tiborli va sezgir bo‘lishga harakat qilamiz. Hech qachon bizning xotiramizdan chiqmay, bizning mas’uliyatimizni doimo ta’minlab turuvchi masala - farzandimiz sog‘lig‘i va salomatligi hisoblanadi.
Shunday ekan, bir tomondan, o‘z tafakkurini tolerantlik tamoyillari asosda shakllantirish, ikkinchi tomondan, diniy bag‘rikenglik talablariga rioya qilish, shu bilan birga, turli zamonaviy tahdidlardan o‘zini va o‘z atrofidagilarni muhofaza qila olish kabi tamoyillar konfliktlar yechimiga qaratilgan maxsus ijtimoiy bilimlar majmuasiga kiritiladi. Ularni mutanosib anglash, ularga rioya qilish, insonlar erki va huquqlarini hurmat qilish jamiyatlarda turli ijtimoiy konfliktlarning yuzaga kelmasligini oldini olish tadbirlariga qaratilgandir.



Yüklə 2,43 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   130   131   132   133   134   135   136   137   ...   323




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin