6-mavzu: Agressiya va zo’ravonlik haqida tushuncha. Uning mohiyati.
Reja:
Agressiya va zo‘ravonlik haqida tushuncha.
Konfliktdagi agressiya va zo‘ravonlik.
O‘z agressiyasini yengish usullari.
Tayanch so’z va iboralar: agressiya, zo’ravonlik, nizo, konfliktli vaziyat, ijtimoiy nizo, madaniyat, konflikt, ijtimoiy aloqalar, jamiyat, to’qnashuv, g’oya, konflikt manbalari, sivilizatsiya, nizo turlari, stress, depressiya
Agressiya va zo‘ravonlik o‘zaro bog‘liq tushunchalar bo‘lib, inson kayfiyatida agressiv holatlarning o‘sib borishi va to‘planishi oqibati sifatida zo‘ravonlikka olib kelishi mumkin. Lotin tilida agressiya “hujum qilish” ma’nosini anglatadi. Agressiya inson xarakterida tug‘ma va tabiiy bir element sifatida, xuddi shuningdek, agressiyadan asli uzoq odamning favqulodda vaziyatda o‘z emotsiyalarini tuta bilmasligi (4-rasm), ularni nazorat qila olmasligi oqibatida vujudga kelishi mumkin.
Konfliktli vaziyatlarda ko‘pchilik o‘z instinktlari va hissiyotlari asosida o‘zini tutishga o‘rganib qolgan. Bunday holni ko‘pchilik qabul qiladi va aynan mana shu yo‘l to‘g‘ri deb biladi. Shu bois, konfliktli vaziyatda zo‘ravonlik ishlatilsa, birovning hayotiga tahdid solinsa, jismoniy kuch ishlatish qo‘llanilsa, ko‘pchilik, ziddiyat mavjud ekanligini hisobga olgan holda, bu vaziyatlarda “kechirimli bo‘lish” lozimligini, bunday
4-rasm
holatning kelib chiqqanligini anglash mumkinligini ta’kidlashadi. Ammo, har qanday vaziyatda ham birovning hayoti, uning sog‘lig‘iga zo‘ravonlik o‘tkazib bo‘lmasligini unutishadi.
Zo‘ravonlik aslida inson xarakterining qusuri, uning kamchiligi hisoblanadi. Odam o‘z hissiyotlari ustidan nazorat o‘tkaza olmasligi, yoki o‘zini tiya bilmasligi uning zo‘ravonlikka ruju qo‘yishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Zo‘ravonlik insonning kuchli ekanligini emas, balki aksincha uning kuchsiz va irodasiz ekanligini ko‘rsatadi. Shu bois, o‘qituvchi o‘z o‘quvchilariga zo‘ravonlik o‘tkazganda, bunday zo‘ravonlik irodasizlik belgisi sifatida baholanishi tabiiydir.
Zo‘ravonlik aslida barcha madaniyatlar, sivilizatsiyalarda qoralanadi. Zo‘ravonlik barcha sharqona kurash turlari, ya’ni dzyu-do, taekvon-do, karate, ushu va boshqalarda ta’qiqlanadi. Mazkur kurash turlarining barchasi hujum qilish usullari emas, balki eng avvalo, o‘zini himoya qilishning jismoniy yo‘llari hisoblanadi. Ularning barchasida inson hayoti aziz ekanligi borasidagi ma’naviy falsafa tarbiyalanadi va o‘qitiladi. O‘zbeklarning milliy kurashida ham o‘zini himoya qilish vositalari va o‘zaro tenglik g‘oyalari tarbiyalanadi. Zo‘ravonlik qo‘llanilganda konfliktning yaratuvchanlik xususiyati emas, balki vayron etish xususiyati faol bo‘ladi. Konfliktning vayron etish xususiyati esa insonni stress, depressiya, o‘zgalardan o‘zini olib qochish, hayotdan bezish, o‘z kuchiga haddan tashqari ishonch, boshqa tarafdan o‘z kuchiga ishonmaslik, doimiy jahldorlik, jizzakilik, tajanglik, besabrlilik, besaromjonlik kabi holatlarga olib keladi.
Zo‘ravonlik ishlatgan insonlar ko‘pchilik hollarda ma’naviy jihatdan to‘la shakllanib bo‘lmagan, ma’lum “kompleks”larga ega bo‘lgan, ma’naviy majruh odamlardir. Ular aslida o‘zlarini juda past baholashadi, ular o‘zlarining “nosog‘lom” ekanliklarini intuitiv tarzda anglashadi, shu bois bu xususiyatlarning mavjud ekanligini ko‘rsatmaslik, oshkora etmaslik, birovlar mazkur “past” baholanishni bilib qolmasmasligi va sezmasligi uchun, tashki ko‘rinishda va muomalada, zo‘ravonlik yo‘lini, agressiv usulni, jahl va tahdidga asoslangan “o‘zini tutish” yo‘nalishini tanlashadi. Ular aynan zo‘ravonlik orqali o‘zlarining kuchlarini ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar, ammo ruhan bunday odamlar ruhiy majruh va psixologiyasi mo‘rt odamlardir.
Pedagogika va psixologiya bilan oz-moz tanish bo‘lganlar darrov mana shu agressiya ortida insonning o‘ziga ishonchi mavjud emasligini bilib olishadi. Demak, o‘zini zo‘ravon va jahldor qilib tutayotgan odamlar aslida o‘zlari xarakterida mavjud bo‘lgan “o‘ziga ishonmaslik”ni yashirishga harakat qilayotgan odamlardir. Ular bu narsalarni tan olmasligi, yoki anglamasligi ham mumkin. “Men “zo‘r”man, shuning uchun hamma narsani qilaveraman”, degan aqidaga ishonishi ham mumkin. Ammo zo‘ravonlik harakatlari ortida turgan barcha maqsadlar, aslida, insonning ma’naviy bo‘shligi, yetuk emasligi, to‘laqonli ma’naviy shakllanmaganligi, uning o‘z emotsional holatini va o‘z harakatlarini nazorat qila olmasligi, irodasiz va bo‘shligining yorqin natijasi va namoyishi hisoblanadi.
Zo‘ravonlik va konfliktologiya sohalari o‘zaro bog‘langan masalalardan hisoblanadi. Aslini olganda konfliktologiyaning mustaqil fan sohasi sifatidagi shakllanishi va rivojlanib kelayotganligiga ko‘p bo‘lganicha yo‘q. Shu bois inson xarakteri va amallariga hos bo‘lgan zo‘ravonlik ham yangi o‘rganilayotgan va tan olinayotgan sohalardan hisoblanadi.
Ko‘pchilik hollarda konfliktni tushunish uchun mavjud zo‘ravonlik sabablarini anglash lozim bo‘ladi. Chunki hayotda oilaviy zo‘ravonlik ko‘proq uchrab turadi. Zo‘ravonlik nima oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bilgan odam uni yengillik bilan, o‘ylamay qo‘llamaydi. Zo‘ravonlikdan voz kechish - konfliktda ijobiy natijaga asos bo‘ladi. Eng muhimi, zo‘ravonlik ziddiyatning yechimi bo‘la olmasligi, zo‘ravonlik ziddiyat hamda muammoni hal etmasligini anglash darkor. Har qanday kuchli konflikt ham, tomonlarning juda kattiq o‘zaro to‘qnashuvi ham zo‘ravonlikni ishlatish va qo‘llash uchun asos bo‘la olmaydi. Shu bois, kattiq to‘qnashuv, ya’ni ziddiyat zo‘ravonlikka olib keladi, deb o‘ylash xato va noto‘g‘ridir.
Ba’zi insonlar tug‘ilishidanoq o‘zining xarakterida agressiyaga moyillikni namoyon eta boshlaydi. Biroq bunday insonlar ham bolaligidanoq ma’naviy, pedagogik-psixologik nuqtai nazardan yaxshi va to‘g‘ri tarbiya qilinsalar, ular o‘zlarini agressiyani cheklash hamda birovlarga tahdid solmaslik darajasida ushlab turishga erishadilar. Ma’naviy yetuklik – zo‘ravonlikka qarshi qaratilgan va uni yenga oladigan yo‘l hisoblanadi.
Tabiiy agressiyaga moyillik o‘zini turlicha namoyon qiladi. Masalan, qariyalarning hayotdan charchashi oqibatida yaqinlari, qarindoshlariga nisbatan bo‘lgan agressiyasi, tajribasiz yosh o‘qituvchi o‘quvchilariga avtoritar uslubda yondashgan holda, har doim o‘z topshiriqlarini majburiy bajarishga va buyrug‘ona fikrlarini o‘quvchilarga singdirishga harakat qilishi va er o‘z xotinini vaqti-vaqti bilan urib turishni uni “tarbiyalash” usuli sifatida baholashi va o‘z “falsafasi”ga ishonishi, rashk oqibatidagi agressiya(5-ilova), 14-15 yoshli o‘g‘il bolalarning ko‘chama-ko‘cha jang uyushtirishlari, talaba-yoshlar o‘rtasida bir-birini ko‘ra olmaslik oqibatida - bular turli agressiya ko‘rinishlaridir. Mana shu hamma holatlarda o‘zini oshkora qilayotgan bosh xususiyatlardan biri o‘z fikri va qarashlarini zo‘ravonlik oqibatida boshqalarga tushuntirish, o‘zini ko‘rsatish, o‘z manfaatalarini singdirishga sayi-harakat hisoblanadi. Demak, zo‘ravonlik o‘z manfaatlarini kuch va tazyiq orqali o‘zgalarga o‘tkazishga urinishdir. Ya’ni, ba’zi odamlar o‘z fikrini boshqalarga singdirishning zo‘ravonlik va agressiyadan boshqa usullarini bilmaydilar va qo‘llay olmaydilar ham. Shuning uchun ular uchun o‘z manfaatlarini muhofaza qilish - zo‘ravonlik yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Tabiatan agressiv odam – hayotda doimiy va abadiy konfliktogen hisoblanadi. Konfliktogen odam o‘z kayfiyati, his tuyg‘ularini jilovlashni umuman bilmaydi, shu bois o‘z muammolarini o‘zgalar hisobiga yechib, o‘z agressiyasini tarqatish, boshqalarga berish orqali bu holatdan chiqishga urinadi. Bunday odam odatda “vampir” deb ataladi. “Vampir”lar boshqa odamlarning emotsiyalarini, his-tuyg‘ularini yeyish, ularni boshqarish va o‘ziga og‘dirish hisobiga kun ko‘radi. Ular boshqalarga qattiq emotsional tahdid solish va ularni azoblash hisobiga o‘z agressiyalaridan ozod bo‘ladilar. Shu bois, agressiv odam o‘z atrofidagilarga juda ko‘p kulfatlar olib keladi.
Agressiv kayfiyat batamom yomonmi yoki uning foydali tomonlari ham mavjudmi?! Ma’lum darajadagi ijobiy agressiya, biror-bir maqsadga yetish, o‘zini muhofaza qilish, biror bir narsani amalga oshirishdagi qat’iylik – zaruriy holat hisoblanadi. Qasd qilmasdan turib biror-bir maqsadga erishib bo‘lmaydi. Ya’ni, ma’lum bir darajada qat’iylik insonga zarur bo‘lgan hislatlardan hisoblanadi. Umuman agressiv bo‘la olmaydigan odam xaraktersiz likda, landovurlikda, bo‘shliq, qat’iyatsizlik, o‘zini muhofaza qila olmaslikda ayblanadi.
Tabiatan agressiv odamlar kamchilik hisoblanadi. Shu bois ko‘pchilik o‘zini faqat ma’lum bir vaziyat, ma’lum bir holatlardagina agressiv tutadi. Insonning bunday agressiv portlashi uning xuquqlari behad darajada buzilganligi, manfaatlari ziyon topganligi, biror tang holatdan chiqib ketish va qutilish yo‘llarini bilmaslik, yaqin odami bilan bo‘lgan bir-birini absolyut tushunmaslik holati, olingan konfliktogen holatda adekvat javob, agressiyaga agressiya bilan javob qaytarish kabilarda o‘zini namoyon etishi mumkin. Agressiyaga agressiya bilan javob berilishi holati – frustatsiya deb ataladi. Frustatsiya holatida o‘zini muhofaza qilish niyati va harakatlari agressiv javob tariqasida namoyon bo‘ladi. Frustatsiyaning eng yomon oqibatlaridan biri - nevrozlar hisoblanadi. Agressiv holatda uzoq turish inson salomatligining egovi hisoblanadi. Hursandlik, shodlik qanchalik inson umrini uzaytirishga xizmat qilsa, agressiv holat shunchalik inson umrini barbod etadi.
Dostları ilə paylaş: |