11-mavzu:Pedagogik konfliktologiyada tana zaboni
Reja:
Tana zaboni haqida umumiy tushuncha.
Tana zabonining yetti doirasi.
Tana zabonini to‘g‘ri anglamaslik oqibatlari.
Tana zabonini konflikt vaziyatlarda qo‘llash borasidagi asosiy tamoyillar.
Tayanch so’z va iboralar: tana zaboni, tana zabonining yeti doirasi, ijtimoiy munosabatlar, informatsiya, ijtimoiy guruh, ijtimoiy faoliyat, muloqotning interaktiv tomoni, ichki hissiyotlar, muloqotning perseptiv tomoni, konflikt, ijtimoiy aloqalar, jamiyat, muloqotning kommunikativ tomoni, frusturatsiya, verbal vositalar, noverbal vositalar
Inson kundalik hayotida juda katta informatsiya ichida yashaydi, katta informatsion oqimni qabul qiladi va xuddi shunday katta informatsion ma’lumotlarni atrofga tarqatadi ham. Informatsiya larni tarqatishda faqat uning tili, zaboni, aytgan gaplari, ishlari, yozgan kitoblari ishtirok etmaydi. Faqat mana shulargina ahamiyat kasb etmaydi. Balki informatsion ma’lumotlar ni tarqatishda odam tanasining ma’lum hatti-harakatlari, ya’ni mimikasi, kiyinishi, qo‘l harakatlari, qosh ko‘zi, ovozi, ko‘z qarashlari, nigohi, kulgusi ham ishtirok etib, ular muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, agar sizga uzoqdagi tanishingiz “Bu yoqqa kel!” deb baqirib, ammo qo‘l harakatlarini teskari tomon “ket!” shaklida qilsa, siz nima qilishni bilmay, esankirab qolasiz. Chunki “kel” axborotiga doir qo‘l harakatlari bilan, “ket” axborotiga doir qo‘l harakatlari boshqa-boshqadir, ular qarama-qarshidir. Ya’ni, “kel” bilan “ket” ma’lumotini o‘zida jamlagan qo‘l harakatlari ma’lum bir informatsiyani ifoda etadi.
Demak, bizning boshqa odamlar bilan bo‘ladigan tabiiy muloqotimizda ularda jamlangan ma’lumotlar bilan birgalikda til, tana harakatlari, mimika, ovoz ham faol ishtirok etadi. Bizning uzatmoqchi bo‘lgan axborotimizga mutanosib ravishda mazkur tana harakatlarini biz beixtiyor tarzda instinktiv ishlatamiz. Ularga ko‘p e’tibor qaratmaymiz. Ammo bizning suhbatdosh, ba’zan xuddi ana shu tana harakatlari orqali siz to‘g‘ringizdagi eng “ochiq” aytilgan va haqiqiy bo‘lgan axborotni qabul qiladi hamda o‘z xulosalarini chiqaradi.
Shu bois, siz birovdan hafa bo‘lsangiz, o‘z nutqingizda hurmatli so‘zlarni aytayotgan bo‘lsangiz ham, boshqa inson ko‘pincha vaziyat samimiy emasligi, orada nimadir bo‘lganligini sizning tana harakatlaringiz (“sovuq” ovozingiz, ko‘z qarashlaringiz, “qo‘l” uchida so‘rashishingiz) orqali bilib, sezib turadi. Siz qarshingizda turgan odam tomonidan o‘zingizning ichki xissiyotlaringiz aynan va bevosita anglanishini istamaysiz, chunki aynan mana shu daqiqalarda siz mazkur odamga nisbatan yomon xissiyotlar ichida yashamoqdasiz. Biroq, siz o‘z hissiyotlaringizni yashirishingiz lozim. Ammo tana harakatlaringiz ongingiz to‘rida bo‘lgan sizning munosabatingizni o‘z tana zaboni orqali bilintirib qo‘yadi. Chunki informatsiya faqat so‘z orqaligigina emas, balki tana harakatlari orqali ham uzatiladi. Demak, tana zaboni axborot ulashish va tarqatishda faol ishtirok etadi. Informatsiyani uzatishda biz ko‘pincha e’tibor bermaydigan xuddi ana shu noan’anaviy usul - “tana zaboni” hisoblanadi.
Shunday qilib, tana zaboni nima? Tana zaboni ilmiy, aniq, lo‘nda tushuncha bo‘lmay, balki tanamiz harakati oqibatida berilayotgan, uzatilayotgan signallar majmuidan iborat, biz bu signallarni ataylab, yoki o‘zimiz bilmagan holda atrofdagilarga ma’lum qilamiz.
Tana zaboni – sizning qanday yurishingiz, turishingiz, qanday ovozda so‘zlashishingiz, qanday kiyinishingiz, sizning imo-ishoralaringiz, mimikangiz, umuman olganda qandaydir ma’noga ega bo‘lgan hamda axborot tarqatish va qabul qilishda ishtirok etgan tana harakatlaringiz majmuasidir.22
Sizning bunday tana harakatlaringiz nima to‘g‘risida, qanday axborot beradi? Bizning tana zabonimiz o‘ziga hos til bo‘lib, u bizning kayfiyatimiz va xarakterimiz to‘g‘risida o‘zimizdan ko‘proq informatsiya beradi. Tana zaboni, shu bois, muloqotning muhim xususiyatlaridan hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |