Sodda nutq - sara nutq. Inson tabiatan har bir narsani go‘zal va sodda holda qabul qilishga odatlanadi. Shunday ekan, nutqning soddaligi ham muhim xususiyatlardan.
Nutq esa nihoyatda sodda, oddiy bo‘lishi bilan ajralib turadi. Hatto, murakkab ilmiy kashfiyotlar, fan va texnika muammolari ham oddiy tarzda, sodda nutq bilan tushuntirilishi zarur. Shuning uchun ham soddalik iste’dodning belgisidir. Aslida, sodda so‘zlash, sodda yozish murakkab. Keksa yozuvchilarning biridan «yozish san’atida orttirgan tajriba va xulosangiz qaysi ? » - deb so‘rashibdi.
«Anglab yetganim shuki, eng mashaqqatli, murakkab ish - sodda yozish ekan», —deb javob beribdi.
Burama jumlalardan qochish, aylantirma gaplarni ishlatishdan o‘zni tiyish, so‘z jimjimadorligidan ko‘ra, fikr bezagiga ko‘proq e’tibor qilish muhimdir. Aks holda, tinglovchi fikri chalg‘iydi, tushunishda mavhumlik bo‘ladi.
Mumtoz adabiy merosimizga mehr bilan qarab, ixlos qo‘ygan, qadimiy manbalarni ko‘p mutolaa qilgan ayrim hamkasblarimiz eski turkiy nasrimizga xos bo‘lgan gap qurilishlarini qo‘llaydilar. Bu ham o‘ziga xos uslub, albatta. Har kim ham buni uddasidan chiqolmaydi. Lekin mazkur mahobatli uslub har doim ham o‘zini oqlayvermaydi. Ko‘p so‘zlardan tarkib topgan uzun jumlalar, sifatlash va tashbehlarga boy bo‘lgan, ergashgan qo‘shma gaplarni qo‘llash nafaqat tinglovchining, balki so‘zlovchi o‘zining ham fikr tizgisini jilovlashiga xalaqit beradi, chalkashtiradi. Tinglovchi jumla tuzilishiga mahliyo bo‘lib, aytilmoqchi bo‘lgan fikrdan uzoqlashadi.
Iqtidorli olim, marhum san’atkor Orif Alimaxsumovning televidenie orqali qilgan ma’ruzalari, fikriy bayoni sharq adabiyotidagi klassik lisoniy uslubga xos ohorli nutq bo‘lsa-da, hozirgi o‘zbek adabiy tilining me’yorlariga har doim ham muvofiq kelavermasdi. Nutqning soddaligi qabul qiluvchining tez va soz tushunishini ta’minlovchi lisoniy mezondir.
«Chin so‘z - mo‘tabar, yaxshi so‘z - muxtasar».Alisher Navoiyning bu hikmati nutqning muhim sifatlaridan biri qisqalik haqida. Xalq nutqning qisqa bo‘lishini odob belgisi deb bilgan. Uni axloqiy mezonlar sirasiga kiritishgan. Maqollarga e’tibor qiling. «Ko‘p o‘yla, kam so‘yla». «Izzat tilasang, kam de, sihat tilasang kam ye». «So‘zning ozi yaxshi, ishning sozi yaxshi» va hokazo. Nutq qisqa shaklda ko‘p mazmun anglatishga qaratilishi kerak. Nutqning qisqa yoki kengligi mazmun ifodasi talabi. Shunday tilshunoslar borki, besh-olti daqiqada (yoki besh-olti sahifada) aytish mumkin bo‘lgan fikrni bir daqiqada (yoki bir sahifada) ifoda etishga qodir.
Nutq esa yo‘naltiruvchi, bog‘lovchi, izohlovchi vosita rolini o‘ynagani durust. Tinglovchining tez fahmligi nutqning qisqa bo‘lishi omillaridan. Buning uchun ta’lim beruvchi quyma fikrlar, ko‘chma iboralar, falsafiy mazmundagi she’rlar, maqol va hikmatli so‘zlarni ifodalash bilan maqsadiga erishadi. Bu vositalar izoh talab, tafsilotli nutqqa chek qo‘yadi.