Savolimni tushunganday, Silkinadi u sekin Sog‘inibsan bechora deb, Entikib olaman tin. Hatto, uning yaproqlari u bilan dardlashadi, uning tuyg‘ularini ifodalaydi.
"Zoriqtirmay kelsangchi bir, Intizor qilding buncha..." Deb yaproqlar tebranadi, To charchab uxlaguncha. Shoir mazkur misralarda qiz qalbidagi tuyg‘ular (vafo, sog‘inch, sevgi)ni yaproqlar tili bilan intoq tasvir vositasi orqali ifodalaydi. Jangchi yigit muqaddas burch adosi uchun ketgan. Shuning uchun butun bog‘: olmazor, oluchazor, gul barglari ham uni intizorlik bilan kutadi. Uning kelishi g‘alaba degani. Shoir lirik qahramoni g‘alabaga qat’iy ishonadi. Hamid Olimjon Vatan timsolini shu oddiy nihol, barg, olmazor, oluchazor va bog‘ orqali yaratadi. She’rning so‘nggi baytlarida Vatan timsolini yor-ma’shuqa timsoli bilan parallel qo‘yadi. O‘zining g‘oyaviy maqsadini so‘nggi bandda beradi:
Men gullardan, bog‘lardan ham, Sog‘inganman ortiqroq. Ertaroq kel, yurak -bag‘rim, Yovni yengib tezroq kel. So‘nggi bandda shoir g‘oyaviy maqsadi nihol tasviri "emas, balki yor kechinmalari: sog‘inch, muhabbat iztiroblari, g‘alabaga ishonchini tasvirlash ekanligi ayon bo‘ladi. Mazkur g‘oya o‘ziga xos uslub va badiiy mahorat bilan ifodalangan.
Hamid Olimjonning urush mavzusidagi "Sen tug‘ilgan kun" she’rida jo‘shqinlik, tuyg‘ular harorati orqali urush davri haqiqati badiiy ifodalangan. She’rning lirik qahramoni - jangchi yigit. U og‘ir jangga ketayotib ham yorini o‘ylaydi. Uning kechinmalari zamirida uni kutayotgan vafodor yor tasvirlanadi. Shu bilan birga, vafodor yor uni g‘alaba bilan qaytishini kutayotgan Vatan timsoli hamdir.
Bandda lirik qahramon jangchi yigitning samimiy qalb tuyg‘ulari, vafodorligi, muhabbatini his etamiz. Go‘yo bu tuyg‘u o‘quvchiga ham yuqqandek bo‘ladi. Shoir jangchi yigit ichki kechinmalari, sog‘inchi, muhabbati va qalb izhorlarini qush timsoli orqali ifodalaydi:
Qush deydiki: "Ey to‘lishgan qiz, Jangda yurgan yoringdan salom. Sening uchun urushga ketgan, Nomusingdan, oringdan salom" Shoir mazkur misralarda ham yor va Vatan himoyasini yagona tushuncha va maqsad deb biladi. Mazkur she’rda ham yor, Vatan va jangchi yigit timsoli birligi orqali g‘oyaviy maqsad yuksak mahorat bilan ifodalangan. Shoir qush timsolida jonlantirish va intok tasvir vositasining go‘zal namunasini yaratadi. Albatta, bu omil lirik qahramon - jangchi. yigit kechinmalari, samimiy tuyg‘ulari va tilaklari ifodasiga xizmat qilgan:
Qush deydiki: yoshing xech sachon, O‘n to‘qqizdan oshmasin aslo. Yigit seni juda sog‘ingan, Yorim, -deydi, -shoshmasdan aslo. O‘n to‘qqizdan oshmay tur, go‘zal, Yigit sendan shuni so‘raydi. Yigit seni mehr, sadoqat Va ishq, guli bilan o‘raydi. So‘z o‘z leksik ma’nosidan tashqari sifatlash, o‘xshatish, mubolag‘a, allegoriya, kinoya va xk. kabi turli boshqa ma’nolarda qo‘llanilishi mumkin. Bu xodisa so‘z ma’nosining ko‘chishi deb yuritiladi.
So‘zlovchi yoxud yozuvchi o‘zi bayon qilayotgan fikrni tinglovchiga ixcham, aniq, ta’sirchan va tushunarli qilib yetkazish uchun ushbu ko‘chma ma’noli so‘zlardan foydalanadi. Bunday ko‘chma ma’noli vositalar tilshunoslik va adabiyotshunoslikda ifoda-tasviriy vositalar hisoblanadi. Ushbu ifoda-tasviriy vositalar troplar va uslubiy figuralarga bo‘linadi.
Adabiy asarning badiiy qimmatini, ifodaliligini, ekspressivlikni kuchaytirish uchun bir narsaning nomini, belgisini ikkinchisiga ko‘chirish yoki so‘zlarning umuman ko‘chma ma’noda ishlatilishi trop deyiladi.
O‘zbek xalqining ulkan shoiri Hamid Olimjon she’riyatida ham bir-biridan jozibali, ta’sirchan va xilma-xil tasviriy vositalarni uchratish mumkin. Xususan, shoirning "Zaynab va Omon" poemasi bu fikrimizga dalil bo‘la oladi. Avvalo, ushbu poema haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, asar katta badiiy mahorat va nozik did bilan yaratilgan ajoyib adabiy tuhfa desak, mubolag‘a bo‘lmas. Ayniqsa, asarda qofiyadosh so‘zlarning ipga tizilgan sadafdek izchil va davomiyligi, tabiat va muhabbatning uyg‘unlashuvi, mehr-oqibat va nafrat, diyonat va xiyonat, yangilik va eskilik o‘rtasidagi keskin kurashlarning yorqin badiiy detallar bilan ta’sirchan ifodalanishi baxt va shodlik kuychisi H.Olimjonning naqadar yetuk iste’dod egasi ekanligidan yana bir bor dalolat beradi.