Va boshini ko’tarib yerdan: "Jonim opa, to‘xtagil!”- dedi. Zaynab opasining ayovsiz haqoratu taxqirlashlariga jim qarab tura olmadi. Nihoyat uning qalbi larzaga kelganini shoir "Yashin urgan kabi sapchidi" o‘xshatishi bilan qahramonning junbushga kelgan qalb tug‘yonini aniqroq, batafsilroq, ta’sirliroq ifoda etishga erishganki, bu holat H.Olimjondek ajoyib iste’dod egasining bir qirrasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Umuman olganda, "Zaynab va Omon" poemasini kuzatganimizda o‘xshatishlarning -day (-dek), affikslari (bahor ko‘kiday, oppoq qorday, tol bargiday va h.k. go’yo, go‘yoki boglovchilari (ro‘yo xasta, guyoki betob guyo sochini va x.k.), kabi, xuddi yuklamalari (yashin o’rgan kabi, qoshi bo‘lib xuddi qaldirg‘och, bulut kabi va x.k.) bilan ifodalangan tiplari ko‘proq uchrashiga amin bo‘ldik.
Shodlik va baxt kuyini chalishni ilhomsiz, ijodsiz, baxt qo‘shig‘isiz hayot kechirishini tasavvur etolmagan beqiyos iste’dod sohibi Hamid Olimjon uchun ijod etish shoirning ezgu orzusi va baxt saodati edi. Shoirning qalb harorati bilan bitilgan she’rlarida shoirning go‘zal poetik dunyosi aks etgan.
Hamid Olimjon she’riyati badiiyati o‘ziga xos bir maktab hisoblanadi. Buni shoir she’rlaridagi o‘xshatishlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Shoir she’rlaridagi mavzuning rang-barangligi, an’anaviy va favqulodda g‘oyalarning ta’sirchanligi, boy obrazlilik, ruhiy kechinmalarning samimiy va rang-barang izhori, oxangdoshlilik, mutanosib o‘lchov, o‘ynoqlik bularning hammasida badiiy tasvir vositalarining jumladan, o‘xshatishlarning alohida o‘rni bor. Shoir qo‘llagan o‘xshatishlar o‘zining nafosati, hayotiy mantiqiy yorqin jilosi bilan etiborga loyiq.
Hayot go‘yo bir o‘rmon, Burgut, arslon, yirtqichlar, Tani tikan zo‘r kuchlar, O‘ynar, chopar har yon. -deb yozadi shoir "Sharq" she’rida. Shoir bu yerda hayotni o‘rmonga o‘xshatadi. Bu o‘zgacha bir o‘xshatish bo‘lib shoir bu bilan hayotda burgut kabi parvozni yuksak oladiganlar ham, hayvonlar shoxi arslon misol odamlar ham, yirtqichlarga o‘xshaganlar ham demoqchi.
Shoir "Qish" she’rida qorning oqligini tasvirlashda o‘ziga xos o‘xshatishlar topadi:
Oqshom... borliq oq dengiz, To’lqinsiz uxlar... Yulduz go’yo oltin qiz, Jimlikni tinglar...
Hamid Olimjon qor yoqqan zamonni dengizga o‘xshatadi. Lekin bu "dengiz" harakatsiz, tinchgina uxlayotganini ta’kidlaydi. Yulduzlarni esa jimlikni tinglayotgan oltin qizga qiyoslaydi. Bu shoirning o‘ta kuzatuvchanligidan, har bir satrni mahorat bilan poetik qonun-qoidalarga bo‘ysundirolganligidan nishonadir.
Shoirning teran nigohi endi qish izg‘irini kashf etgan manzaralarga ko‘chadi:
Muz siynasini tiladi, U zar ignalar. Parcha-parcha sinadi Sadaf tugmalar. Naqadar original o‘xshatish. Qarang "zar ignalar" muz siynasini tilmoqda. Sadaf tugmalar ham parcha-parcha bo‘lib sinmoqda. Bu ajoyib teranlik shoirning yangi xulosalari bilan almashadi:
Ko‘k yuzini tutganda Oltin pardalar, Baxor bilan yayrarlar Go’dak novdalar. "Oltin parda", "go‘dak novdalar" shoirni behad hayajonga soladi, uning qalbida rangin tuyg‘ular uyg‘otib, bahor kelayotganidan darak beradi:
Oq, pardani tashlaydi, Yumshoq baxmallar. So‘ng uchmoqqa boshlaydi, Ko‘k yumshoq, pardalar. Hamid Olimjon qo‘llagan bu o‘xshatishlar qish fasli haqidagi tasavvurlarni yanada kuchaytirishga, she’rning emotsional pafosini oshirishga xizmat qilgan.
Shuningdek, shoir asarning ta’sirchanligini ta’minlab, lirizmini oshirishga e’tibor qaratadi. Har bir poetik obraz, har bir so‘z va har bir poetik vositadan ustalik bilan foydalanib, bir-biridan ajoyib tashbehlar yaratadi. Buni shoirning "Chimyon esdaliklari" she’rida ham ko‘rish mumkin:
Bunda gulning eng asllari, Baxmal gilam, alvon poyondoz, Tabiatning bor fasllari: Bahor va yoz qarshimda peshvoz. Bu o‘xshatishlar so‘lim go‘sha bo‘lgan Chimyonning go‘zalligini tasvirlash uchun xizmat qilgan. She’rning keyingi satrlaridagi o‘xshatishlar bundanda yorqinroq go‘zallik kashf etadi.
Go‘zallikda tuganmas buloq, Shamolda o‘ynaydi shalola. Bahor yurar tog‘ma-tog‘, Qo‘llarida lola piyola. Bundan ko‘rinib turibdiki, Hamid Olimjonning ushbu she’ri lirikaning eng yorqin namunasidir. Unda shoirning poetik mahorati manaman deb ko‘rinib turibdi. Eng muhimi, she’rda birorta ortiqcha so‘z, misra, birorta ortiqcha obraz yo‘q. Boshqacha qilib aytganda, she’r satrlari bir-birini to‘ldirish, fikrlarni izchil davom ettirish va she’rning g‘oyaviy yo‘nalishini ochishga xizmat qilgan.
Shoirning "Ishim bordir o‘sha ohuda", "Xayolimda bo‘lding uzun kun", "Sog‘inganda", "Yanvar qori", "Hulkarning she’ri", "Butun olam oppoq bir siyna", "O‘lka", "Pushkin", "Shodlikni kuylaganimning sababi", "Yangi yil orzulari", "Qo‘lingga qurol ol!", "Xat", "Sharkdan G‘arbga ketayotgan do‘stga" kabi qator she’rlarida qo‘llagan o‘xshatishlar qahramonlarning ruhiyati, kechinmalari, istak va imkoniyatlarni tasvirlash uchun xizmat kilgan.
Hamid Olimjon she’riyatida o‘xshatish, tashbeh san’atining qo‘llanilishi, uning o‘ziga xos lisoniy shakllanishi, badiiy tasvir vositasi sifatida poetik maqsad yo‘lida xizmat qilishini atroflicha o‘rganish dolzarb masalalardan biridir. Zero, Hamid Olijon ijodi misoli qaynar buloq. Undan qancha bahramand bo‘lsangiz ham aslo tugamaydi.
XX asr o‘zbek she’riyati ulkan bir ummonga o‘xshaydi. Unda esa durlar serob. Ularni yuzaga olib chiqish, kashf etish, "g‘avvoslar"ning, ya’ni bugungi adabiyotshunoslarning muhim vazifalaridandir. Ana shunday ummon tubida o‘sib, ulg‘aygan, o‘ziga xos ovozi, uslubi bilan o‘zbek she’riyatida munosib o‘rin olgan ijodkor Hamid Olimjon she’riyati ham go‘yo qimmatbaho durga o‘xshaydi. Shoir ham g‘oyaviy, ham badiiy jihatdan yuksak saviyadagi she’rlar yaratdi. Shoirning she’riyat gulzoriga sayr qilsangiz, uning turfa, sarxush hidlaridan bahramand bo‘lasiz.
Ayniqsa, shoir she’riyatida tabiat lirikasi, borlikning tasviri o‘ziga xos ranglarni kasb etadi. Uning "O‘zbekistan", "O‘rik gullaganda", "Xolbuki tun", "Kuygay", "Sevgi" singari unlab she’rlarida tabiat tasviri bilan shoir kechinmalari, tuyg‘ulari uyg‘unlashib ketganligini ko‘rish mumkin. Zero, haqiqiy she’rda samimiy tuyg‘ular izhori aks etadi. Haqiqiy she’r shoir ruhiyati va ma’naviyatini o‘zida mujassam etadi. Jo‘ngina ko‘ringan hodisalardan shoir mo‘jiza topa biladi.
Hamid Olimjon garchi ko‘proq yangi davr kishisi sifatida barmoqda ijod qilgan bo‘lsa-da, mumtoz she’riyat an’analari uning ijodiyotini ham chetlab o‘tmadi. Aksincha, u g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyga xos uslubda badiiy, puxta g‘azallar bitdi. "Bo‘lsam" radifli g‘azalida oshiqning kechinmalari, tyyg‘ylapi go‘zal ifodalar orqali o‘quvchi yodida qoladigan baytlar yaratadi:
Na bo‘lg‘ay bir nafas men ham yanog‘ing uzra xol bo‘lsam, Labing yaprog‘idan tomgan ki guyo qatra bol bo‘lsam. Oshiq yorga tinmay intiladi. Uning hatto yuzidagi, yanog‘idagi xol bo‘lishga tayyor, hech bo‘lmasa bir nafasga, bir onga. Keyingi misrada esa ma’shuqa labidan tomgan bol bo‘lishga tayyor. Shoir ushbu g‘azalida tashbeh (go‘yo qatra bol bo‘lsam), sifatlash (qatra bol) san’atlaridan unumli foydalangan.
Butog‘ingga qo‘nib bulbul kabi xonish qilib tunlar, O‘pib g‘unchangni ochmoqlikka tong chog‘i shamol bo‘lsam. Odatda, oshiq bulbulga, ma’shuqa gulga o‘xshatiladi. Oshiq yor uchun tunlari bulbulday xonish qilishga, shamol bo‘lishga tayyor. G‘azalda tadrij san’ati har bir baytda qo‘llangan. Matla’da shoir yor uchun uning yuzida bir nafas xol bo‘lishni istasa, g‘azal so‘ngida hatto, jonini fido qilib, uvol bo‘lishga ham tayyor bo‘ladi. G‘azalda xol, bol, shamol, lal, xayol, duvol, kamol, uvol so‘zlarn qofiyadosh bo‘lib kelgan. Unda mumtoz an’analarimizga xos oxanglar aks etgan. Demak, Hamid Olimjon Navoiy ijodini ham mukammal o‘rgangan. Bu borada shoirning Navoiy haqidagi tadqiqotlari ham e’tiborga molik.
G‘azal aruzning keng qo‘llanadigan go‘zal vaznlaridan - xazaji musammani solim (mafoiylun-mafoiylun-mafoiylun-mafoiylun) vaznida yozilgan. G‘azalda uchta – oshiq, ma’shuqa, raqib obrazi uchraydi.
Xulosa qilib aytish joizki, Hamid Olimjon she’riyati g‘oyaviy va badiiy jihatdan mukammal, o‘ziga xos san’atdir. Unda mumtoz adabiyot an’analari ham, davr ruhiyati ham yaqqol sezilib turadi.