O. M. Mirtazaev epidemiologiyadan amaliy mashg-fayllar.org (1)
Infeksiya manbai. A gepatit - tipik antroponoz. Infeksiyaning yagona manbai
bemor odam. A gepatit bemorlarining ikki guruhi - manifest va simptomsiz shaklli
bemorlar farqlanadi. Manifest shakliga nisbatan simptomsiz shaklli bemorlar
bolalar o’rtasida 10-12 marta, kattalar o’rtasida 2 marta ko’proq uchraydi.
Epidemik chaqnashlar va epidemiyalar paytida manifest shaklli bemorlar hissasi
oshadi, bu organizmga kattaroq miqdordagi AGV tushishining natijasidir.
Bemorlar najasida AGV antigenlarini yuqori sezgirlikdagi usullar (IFA, RIA)
bilan sariqlik paydo bo’lishidan 12-14 kun oldin va sariqlik paydo bo’lgach yana 3
hafta mobaynida aniqlash mumkin. Virusning eng yuqori konsentratsiyasi bemor
najasida yashirin davr oxiri va butun sariqlik oldi davrida kuzatiladi. Bu paytda
virusni 100% bemorlarda aniqlash mumkin. Sariqlikning 1- haftasida 50%, 2-
haftasida 20% va 3-haftasida 5% bemorda virus aniqlanadi, 4-haftasida AGV
antigeni kamdan-kam hollarda topiladi. Sariqli, sariqsiz va simptomsiz shaklli
bemorlar najasida antigen aniqlanishi darajasida farq kuzatilmaydi. Infeksiya
manbai sifatida sariqlik oldi davridagi bemorlar hamda A gepatitning simptomsiz
shakli bilan og’riganlar eng katta xavf tug’dirishadi.
Organizmga tushgan qo’zg’atuvchi miqdoriga qarab A gepatitda yashirin davr
15 kundan 50 kungacha bo’lishi mumkin, o’rtacha 25-30 kunni tashkil etadi.
Yashirin davr oxirlarida va kasallikning dastlabki kunlaridan organizmda anti -
AGV IgM hosil bo’la boshlaydi, sog’ayish davrida yuqori titrga etadi, qonda 6-8
oy sirkulyatsiya qilib turadi. Bemor zardobida anti - AGV Ig-M aniqlanishi A
gepatit tashhisini aniq tasdiqlovchi maxsus marker hisoblanadi. Xastalikning
birinchi haftasi oxiri - ikkinchi haftasi boshlaridan anti - AGV IgG sintezi
boshlanadi. Bemor sog’ayganidan keyin 5-6 oy o’tgach maksimal titrga yetadi. Bu
antitelolar (anti - AGV IgM) og’rib o’tgan kishi organizmida umrbod saqlanib
qoladi hamda qayta kasallanishdan saqlaydi. Anti - AGV IgMni serologik usullar
yordamida aniqlanib, aholining A gepatitga nisbatan immun tuzilmasi (immun
strukturasi) o’rganiladi.