Jonsizlantirilgan vaksinalar. Bunday vaksinalar patogenlik va virulentlik
xususiyatlari yaxshi rivojlangan kasallik qo’zg’atuvchi shtammlaridan
tayyorlanadi. Maxsus oziqli muhitda o’stirilgan bu qo’zg’atuvchilar shtammlari
qizdirish yo’li bilan yoki formalin, etil spirti, aceton va boshqa bakterisid moddalar
yordamida inaktivatsiyalash (jonsizlantirish) yo’li bilan olinadi.
Jonsizlangan vaksinalarni konservalash uchun ularga tozalangan kuchsiz
fenol va mertiolet suyuqligi qo’shiladi. Tirik vaksinalardan farqli o’laroq faqat 2-3
qayta yuborilgandan so’nggina immunitet hosil qiladi; immunitetning davomiyligi
6-10 oydan oshmaydi. Jonsizlantirilgan vaksinalar muzlatilganda yaroqsiz holga
keladi.
Hozirgi vaqtda jonsizlantirilgan vaksinalar ich terlama, ko’kyo’tal, kanali
encefalit, leptospiroz kabi kasalliklarga qarshi emlash uchun ishlatiladi.
Jonsizlantirilgan vaksinalarning qulayliklaridan biri ularni tayyorlash
tirik vaksinalarga nisbatan ancha osonroq yo’llar bilan amalga oshadi, undan
tashqari bu vaksinalarni uzoq muddatda saqlash imkoniyati bor.
Kimyoviy vaksinalar.Kimyoviy vaksinalar bakteriyalardan ularning
tarkibida joylashgan eruvchan antigenlarni toza holda ajratib olish uchun murakkab
kimyoviy va fermentativ ishlov berish yo’li bilan olinadi.
Bakterial hujayralardan ajratib olingan eruvchan antigenlar organizmga
yuborilganda tez so’rilib ketadi, kuchsiz immunitet hosil qiladi va organizmga
kimyoviy moddalarning qoldiqlari zaharli ta’sir ko’rsatadi.
Bunday kamchiliklarni yo’qotish uchun vaksinaga suvda erimaydigan odam
organizmi uchun zararsiz bo’lgan moddalar (alyuminiy gidroksidi yoki alyuminiy
fosfat tuzi) qo’shiladi. Bu moddalar antigenlarni o’ziga shimib oladi (sorbsiya) va
ularning organizmga so’rilishini sekinlashtiradi. Shimdirilgan (sorbsiyalangan)
vaksinani teri ostiga yuborilganda shu joyda antigenlar "deposi" hosil bo’ladi va
organizmga asta-sekin so’rilishi natijasida toksik (zararli) ta’siri kamayadi.
Antigenlarning asta-sekin so’rilishi organizmda kuchliroq va uzoq muddatli
immunitet hosil bo’lishini ta’minlaydi. Bu esa saralangan kimyoviy vaksinani bir
marta yuborish bilan kerakli immunitet hosil qilishini ta’minlaydi.