2. Ilmiy bilish haqida umumiy ma’lumot.
Ilmiy bilish – maxsus metodologiya va usullar asosida borliq haqida bilim
hosil qilish. Olimlar tomonidan tabiat, jamiyat va inson tafakkuridagi
murakkab va rang-barang hodisalar mohiyatini, rivojlanish qonunlarini ilmiy
o‘rganishning aniq usullari ishlab chiqilgan, ular ilmiy tadqiqotlarning
yo‘nalishi va xususiyatlarini ifodalaydi.
Falsafada ilmiy bilishning navbatma-navbat takrorlanib turuvchi ikki turi
farqlanadi:
a) fahmiy (empirik, amaliy, tajribaviy) bilish;
b) nazariy (idrokiy, mantiqiy, aqliy) bilish.
Birinchi bosqichda o‘rganilayotgan manbaning tarkibiy qismlari, belgi-
xususiyatlarini aniqlash, saralash, tartiblash va tasvirlash amalga oshiriladi.
Bunda asosiy e’tibor o‘rganish manbaining sezgi a’zolari bilan anglanuvchi
tashqi, zohiriy xususiyatlarini aniqlashga qaratiladi. Aslida bu hali tom
ma’nodagi ilmiy bilish emas, lekin ilmiy o‘rganishning zaruriy, tarkibiy qismi,
bosqichi hisoblanadi. Buni Alisher Navoiy “Lisonut-tayr” masnaviysidagi
“Кo‘rlar va fil hikoyati”da ko‘zi ojizlarning fil haqida tasavvur hosil qilishlari
misolida tasvirlaydi.