Mustaqil o‘qish uchun Sukut ma’no ifodalaydimi? Muloqot jarayonida sukut alohida o‘rin tutadi va u ham “nimalarnidir” bildiradi. Muloqot jarayonida u
situativ, sotsial va psixologik omillar bilan bog‘liq holda kommunikativ mazmun ifodalaydi. Darhaqiqat,
sukutning muloqot jarayonida naqadar ahamiyatli ekanligini Sa’diy Sheroziy o‘z misralarida shunday bitgan:
Oqillar nazdida gar o‘ltirish odobdir, Maslahat tashlaganda so‘zga ko‘rsatish himmat. Ikki narsa aqlga sig‘maydi agar bilsang, So‘zlash paytida sukut, keraksiz joyda suhbat. Sukut saqlash o‘ziga xos ijtimoiy qimmatga ega. Buni masalan, dil rozini aytish, o‘tganlar xotirlashda,
xafa bo‘lish va arazlash, mensimaslik holatlarida, kesatiq va kinoya kabilarda ko‘ramiz. Sharq mutafakkiri
Muhammad Sodiq Qashg‘ariy yaxshi kishilar odobi haqida bitilgan kitobida bu haqda shunday deydi: “ ...
(yaxshi kishi) o‘zini beadabona so‘zdin va fe’ldin yamon harakatdin va noxamvor (noo‘rin) sukunatdin saqlag‘ay.”
Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanidan olingan quyidagi parchada sukut tahqirlash
mazmunini anglatadi:
“... Otabek bu cho‘ltoq supurgini tanidi va uning istehzolarini anglab, ma’nosiz bu savollarga javob berib o‘lturishdan sukutni xayrlik topdi. Go‘yo o‘zining bu sukuti bilan Musulmonqulga ma’nolik bir javob qilar edi. Musulmonqul bu sukutdan tahqirlandi, tutuni ko‘kka ko‘tarilar ekan baqirdi: –Nega javob bermaysiz?!”
Sukut, tabiiyki, asosan, so‘zlovchining tinglovchiga, tinglovchining so‘zlovchiga aylanish jarayoniga xos.
Shuning uchun, o‘zbek nutq odobiga qo‘ra, o‘rinsiz yoki bema’ni savolga sukut bilan javob berish, uni
eshitmaganga olish, suhbatni buzmaslik yuksak odob – hatto shoir Mirza Kenjabek talqinida ibodat –
sanaladi:
Ibodatdir biror zolim – jafokorga desang haq so‘z, Va nodonga sukut saqlash, sukuting ham ibodatdir. Turkman va kavkaz xalqlari odatiga ko‘ra, kelinlar ma’lum muddat (asosan, farzand ko‘rgunlaricha)
qaynona va qaynotalariga gapirmaslik – hurmat ma’nosini ifodalashi sukut ifodalaydigan kommunikativ
mazmunlardan biri – u tahqirlashning aksidir.