O‘zlashtiriladigan tushunchalar sema, atash semasi, ifoda semasi, vazifa semasi, birlashtiruvchi belgi, farqlovchi belgi,
relevant belgi, irrelevant belgi
Sema haqida. Har qanday butunlik qismlarga bo‘linganligi yoki
qismlardan tashkil topganligi kabi leksemaning mazmuniy tomoni – sememasi
o‘ziga xos elementlardan – semalardan tashkil topadi. Sema termini grek
tilidan o‘zlashgan bo‘lib, “belgi”, “ramz”, “ishora” degan ma’nolarni bildiradi.
Semema elementlar, ya’ni semalarning o‘zaro munosabatidan tashkil
topgan butunlik bo‘lib, bu jihatidan kimyoviy moddalarni eslatadi. Ma’lumki,
kimyoviy moddalar molekula bo‘lib, ular o‘ziga xos elementlar, ya’ni
atomlardan tashkil topadi. Bu atomlar miqdori yoki ular o‘rni boshqasi bilan
almashsa, yangi molekula – modda kelib chiqadi. Masalan, H2SO4 (sulfat
kislota) va H2SO3 (sulfid kislota) kabi.
Sememalar semalardan tashkil topadi. Masalan, aka leksemasi “bir
avloddagi”, “qon-qarindosh”, “erkak”, “mendan katta” semalaridan tashkil
topgan bo‘lsa, ular bir butun holda “bir avlodga mansub, “men”ga nisbatan
katta, erkak qon-qarindosh” sememasini tashkil qiladi. Sema semema bilan
qism-butun munosabatidagi tashkil etuvchidir. U sememaning eng kichik
ma’no bo‘lakchasi bo‘lib, boshqa tarkibiy qismlarga bo‘linmaydi. Albatta, bu
tilshunoslikning hozirgi holatida shunday. Tilshunoslikning bugungi holati
semani tarkibiy qismlarga bo‘lishga ehtiyoj sezgani yo‘q.
Sememani semalarga ajratish amaliy ahamiyatga ega. Ma’nosi yaqin, zid
ma’noli yoki ma’nodosh leksemalarni farqlash va izohlashda semalarga
tayaniladi. Shu boisdan tilshunoslik semalarning mohiyatini ochish, semaning
turlarini ajratish va farqlash bilan jiddiy shug‘ullanadi.