Mustaqil o‘qish uchun Tilshunoslikda substansial-pragmatik yo‘nalish Bugungi kunda taraqqiyot o‘zbek tilshunosligidan aniqlangan lisoniy imkoniyatlarning nutqiy
voqelanishini tekshirishni, ona tili imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligiga erishish
muammosi bilan shug‘ullanishni talab qilmoqda. Yangi asr fani zimmasiga yuklatilayotgan bu
ijtimoiy buyurtma tilni yangi – substansial-pragmatik (“imkoniyatdan voqelikka”) tamoyillar
asosida tadqiq qilish asosida amalga oshiriladi.
Tilshunoslikning yangi yo‘nalishini ifodalovchi substansial-pragmatik terminining tarkibiga
kirgan pragmatika so‘zi yunoncha pragma, pragmatos so‘zidan olingan va “ish”, “harakat”
ma’nolarini bildiradi, tilshunoslikda til birliklarining qo‘llanish xususiyatlarini o‘rganishni
anglatadi. Substansial-pragmatik yo‘nalish muayyan til imkoniyatlarini egallab, undan amalda
foydalanuvchilarning ushbu birliklar sistemasiga ongli, amaliy munosabatini tekshiradi.
Substansial-pragmatik yondashuv – o‘zbek fanida shakllanayotgan tilshunoslikning yangi
empirik yo‘nalishi. U lisoniy imkoniyatlarni so‘zlovchi, tinglovchi, ularning o‘zaro munosabati,
muloqot vaziyati singari nolisoniy hodisalar bilan bog‘liq holda o‘rganadi. Shaxsning lisoniy
imkoniyatlardan amaliy foydalanishi so‘zlovchi hamda tinglovchining shaxsiy sifatlari, nutq
maqsadi, uning turlari (oshkora yoki yashirin), shakllari (xabar, so‘roq, buyruq, iltimos, maslahat,
va’da berish, salomlashish, so‘rashish, xayrlashuv, uzr, tabrik, shikoyat kabilar), nutq strategiyasi va
taktikasi, nutq odobi, muloqot madaniyati, so‘zlovchi yoki tinglovchining dunyoqarashi, bilim
darajasi, qiziqishlari kabi qator nolisoniy omillar bilan mushtarak holda yuzaga chiqadi.
Substansial-pragmatik yo‘nalish Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va
adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti bag‘rida shakllanmoqda.
Har bir davr o‘z fani oldiga muayyan maqsad va aniq talablarni qo‘yadi.
“Fanlarning taraqqiyoti shu davrning ilg‘or falsafiy fikri, davr uchun yetakchi
bo‘lgan fan sohalarining yutuqlari bilan uzviy bog‘liq. Turli fanlarning
manbalari ko‘p qirrali bo‘lganligi sababli, davrning yetakchi falsafiy fikri
fanlardan o‘rganish manbaining qaysi tomonlariga alohida e’tibor berish
lozimligini, borliqdagi mavjud qonuniyatlarni mantiqiy kategoriyalarda qay
usulda aks ettirish yo‘llarini belgilab beradi” (H.Ne’matov). Shu asosda aytish
mumkinki, zamonaviy o‘zbek tilshunosligi sistem-struktur davrining ilk