Baykal burmalanish oblastlari. Baykal burmalanishi materikning sharqiy qismi uchun xarakterli bo’lib, bu geologik strukturalar proterozoy erasi bilan paleozoy erasi o’rtasida, aniqrog’i proterozoyning oxiri va kembriyning boshida geosinklinal tipdagi harakatchan chekka zonalarida vujudga kelgan. Bu bosqichda hosil bo’lgan strukturalar rel’efi burmali-palaxsali tog’lardan: Sharqiy Sayan, Yenisey kryaji, Tunkin tog’lari, Xamar-Daban, Baykalbo’yi, Shimoliy Baykal tog’liklari hamda Vitim yassi tog’ligidan iborat. Bu strukturalar Sibir platformasini g’arb, janub va janubi-sharqdan yarim xalqa sifatida o’rab olgan. Baykal burmalanishi bosqichida vujudga kelgan tog’larning va yassi tog’liklarning geologik tuzilishi kembriydan oldingi va undan keyingi tog’ jinslaridan tarkib topgan. Bu mintaqada ayniqsa granit intruziyalari va oqib chiqqan trappa magmalari ko’p uchraydi.
Paleozoy burmalanish oblastlari.Paleozoy erasida yuz bergan tog’ hosil bo’lishi jarayonlari ikki bosqichdan - kaledon yoki quyi paleozoy burmalanishidan va Gertsin yoki yuqori paleozoy burmalanishidan iborat. Kaledon (Quyi paleozoy) burmalanishida hosil bo’lgan strukturalar Atlantika geosinklinal mintaqasida bir necha oblastlarni tashkil etadi. Bular Skandinaviya yarim orolidagi tog’lar, Buyuk Britaniyaning Shimoliy qismi va boshqalar. Kaledon burmalanishi natijasida Yevrosiyo geosinklinal mintaqasida Markaziy Fransiya massivi, Janubiy Yevrosiyoning bir qismi, Kichik Osiyo va Eron tog’liklari, palaxsali o’rtaliq massivlari shakllandi. Materikning markaziy va Sharqiy qismlarida G’arbiy Sayan, Kuznesk Olatovi, Salair kryaji, Oltoyning Sharqiy rayonlari, Qozog’iston burmali tog’larining g’arbiy qismi, Tyanshanning shimolidagi burmali tog’lar, Tannu-Ola tog’larining katta qismi va Xitoyning janubi-sharqidagi burmalangan tizmalar hosil bo’ldi. Kaledon burmalanishi qisman Uralda, Novaya Zemlya orolida, G’arbiy Sibir tekisligiga yondosh bo’lgan joylarda ham sodir bo’lgan. Quyi paleozoyning tog’ jinslari kuchli burmalangan va metamorflashgandir.
Gertsin (Yuqori paleozoy) burmalanishi Janubiy Yevrosiyo geosinklinal mintaqasi bo’ylab, g’arbda Atlantika okeani sohillaridan sharqda Hindiston yarim oroligacha cho’zilgan. Gertsin burmalanish strukturasiga Pireney yarim orolidagi, Britaniya orollarining janubiy qismidagi, Fransiyadagi tog’lar, Markaziy Yevropaning o’rtacha balandlikdagi tog’lari, Ural, Tyanshanning markaziy qismlaridagi burmali tog’lar, Taymir, Qozog’iston burmali tog’larining janubi- sharqiy qismi, Turon plitasi, G’arbiy Sibir plitasi, Janubi-Sharqiy Zabaykale, O’rta Amurbo’yi va boshqa tog’lar kiradi. Gertsin burmalanishi davrida Sharqiy Yevropa, Sibir va Xitoy platformalarining tarmoqlanishi hisobiga materikning yanada kengayishi yuz berdi. Materikning janubiy chegarasi janubga tomon cho’kindi jinslarning to’planish jarayoni davom etayotgan Al’p-Himolay geosinklinal mintaqasigacha siljigan.