Tog’lar va tog’ tizimlari. Yevrosiyoning tog’lari va tog’ tizimlari ham yassi tog’lik va tog’liklarga o’xshash Yer sharining taraqqiyot tarixida birin-ketin yuz bergan turli xil burmalanish bosqichlarida vujudga kelgan. Materikning shimoliy va o’rta qismlarida joylashgan Skandinaviya, Ural, Birranga, Verxoyansk, Cherskiy, Qozog’iston burmali tog’lari, Tyanshan, Oltoy, Sayan, Baykalorti kabi burmali- palaxsali va palaxsali tog’ tizmalari ancha qadimgi tog’lar hisoblanadi. Bu tog’lar kaledon, Gertsin va Mezozoy burmalanish davrlarida hosil bo’lib, bir necha millionlab yillar davomida ekzogen kuchlar ta’sirida kuchli yemirilgan, peneplenlashgan va past tog’larga aylangan. Ulardan ba’zilari, masalan, Tyanshan, Oltoy, Sayan, Ural tog’lari keyinchalik yangi tektonik harakatlar natijasida qaytadan ko’tarilgan va yashargan. Xuddi shunday Markaziy Osiyoning paleozoyda vujudga kelgan burmali-palaxsali va palaxsali Mongoliya Oltoyi, Kun'lun tog’ tizmalari va uning Shimoliy tarmoqlari bo’lgan Oltintog’ va Nanshan tizmalari ham neogen- antropogen davrlarida yangi tektonik harakatlar natijasida o’rtacha 3000-4500 m balandlikkacha, ayrim cho’qqilari 6000-7000 m gacha ko’tarilgan.
Yevrosiyoning eng yosh, harakatchan baland tog’lari va yirik tog’ tizimlari Al’p burmalinish bosqichida hosil bo’lgan. Ular asosan ikkita mintaqada Al’p- Himolay va Tinch okean mintaqalarida joylashgan. Janubiy Yevropa va Janubi- G’arbiy Osiyo bo’ylab cho’zilgan Al’p, Karpat, Pireney, Andalusiya, Qrim, Kavkaz, Elbrus, Zagros, Kopetdog’, Pomir, Hinduqush, Himolay tog’ tizimlari Al’p- Himolay mintaqaga mansub hisoblanadi. Ularning aksariyatining balandligi 5000- 6000 m atrofida. Ko’pchilik cho’qqilarning baland nuqtasi 7000 m dan hatto 8000 m dan ham oshadi. Jumladan, Himolay tog’ tizmasidagi Jomolungma (Everest)(8848m), Kanchenjanga (8585m), Dxaulagiri (8221m), Qoraqurumdagi Chogori(8611m),Hinduqushdagi Tirichmir(7690m)va boshqalar. Bu tog’larning barchasida Al’p tipidagi rel’ef shakllari keng tarqalgan. Baland tog’ tizmalarining chekka qismlarida va flish bukilmalarida vujudga kelgan Karpat, Bolqon, Apennin, Dinor, Tavr, Makran kabi tog’larda tektonik ko’tarilmalar kam bo’lgan. Bular o’rtacha balandikdagi tog’ tizmalari bo’lib, ularning suvayirg’ich tepaliklari gumbazsimon shaklga ega. Erozion rel’ef shakllari yaxshi rivojlangan. Yevrosiyoning Tinch okean mintaqasiga Osiyoning sharqiy qismidagi Koryak tog’ligi, Kamchatkaning O’rtalik va Sharqiy tog’lari, Sixote-Alin tog’larining sharqiy qismi, Hindixitoyning g’arbiy qismida joylashgan Rakxayn tog’ tizmasi hamda Saxalin, Xokkaydo, Tayvan, Kalimantan, Sumatra, Yava orollaridagi tog’lar kiradi (Ilova, 15-rasm).