Tropik iqlim mintaqa. Bu iqlim mintaqasi materikning Osiyo qismi uchun xarakterli bo’lib, u bir-biridan keskin farq qiluvchi g’arbiy va Sharqiy sektordan tashkil topgan. G’arbiy sektorda (Arabiston yarim oroli, Mesopotamiyaning janubiy qismi, Eron tog’ligining janubiy chekkalari) kontinental iqlim hukmronlik qiladi. Bu iqlimning xususiyati tipik tropik cho’l iqlim xarakteriga ega bo’lib, yillik va sutkalik harorat amplitudasi katta. Qishda harorat 0°S gacha pasayishi mumkin. Atmosfera yog’inlari juda kam miqdorda tushadi va namlanish yetarli darajada emas. Sharqiy okeanbo’yi sektori (Janubiy Xitoy, Hindixitoy yarim orolining shimoliy qismi) nam dengiz musson iqlimga ega. Harorat yil davomida, tog’li rayonlardan tashqari hamma joyda juda yuqori, yog’in ko’p yog’adi, namlik darajasi yuqori.
Subekvatorial iqlim mintaqa.Bu iqlim mintaqasi materikning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hududi uchun xarakterli bo’lib, musson iqlim tipi hukmronlik qiladi. Subekvatorial mintaqada harorat yuqori bo’ladi, ayniqsa bahor oyi quruq va issiq keladi. Atmosfera yog’inlarining yillik taqsimlanishida mavsumiylik yaqqol seziladi. Qish va bahor oylari quruq, yoz va kuz nam mavsum hisoblanadi. Quruq mavsum to’siqlar (bar'er) soyasida va mintaqaning shimoli-g’arbida 8-10 oygacha davom etadi.
Ekvatorial iqlim mintaqa.Ekvatorial mintaqaga Malakka yarim orolining janubi, Malay arxipelagi, Shri-Lanka oroli, Filippin orollarining janubiy qismi kiritiladi. Uning iqlimi tipik ekvatorial iqlim hisoblanadi va bu iqlim tipi uchun yil bo’yi yuqori va kam o’zgaruvchan harorat, bir tekisda yog’adigan atmosfera yog’inlari, quruq davrsizlik, namlikning ko’pligi kabi xususiyatlar xarakterlidir.
Iqlimtiplari. Yevrosiyoning iqlim tiplari boshqa materiklarga nisbatan o’zining xilma-xilligi bilan farq qiladi. Har qaysi iqlim mintaqasida zonal farqlar tufayli iqlim tiplari hosil bo’ladi. Ularning soni bittadan tortib bir nechtagacha bo’lishi mumkin. Masalan, Arktika iqlim mintaqasida arktik sahrolar iqlim tipi, subarktika iqlim mintaqasida tundra va o’rmon-tundra iqlim tiplari bor. Yevrosiyoning iqlim mintaqalari ichida iqlim tiplarining rang-barangligi bilan ayniqsa mo’tadil iqlim mintaqasi ajralib turadi. Uning hududida tayga, aralash o’rmonlar, keng bargli o’rmonlar, mussonli aralash o’rmonlar, o’rmon dasht, dasht, chala cho’l va cho’l iqlim tiplari mavjud. Subtropik iqlim mintaqasi O’rta dengiz bo’yi, nam subtropik, quruq subtropik va subtropik musson iqlim tiplaridan tashkil topgan. Xuddi shunday tropik, subekvatorial va ekvatorial iqlim mintaqalarining o’ziga xos iqlim tiplari bor.