Nazorat savollari:
Materik gidrografik to’rining shakllanishining o’ziga xosligi nimada?
Yevrosiyoda daryolarining tarqalish geografiyasi va daryolar to’yinish manbalari tavsifini bering?
Materikda ko’llarning kelib chiqishi va shakllanishi haqida ma’lumot bering?
Materikda muzliklar qanday tarqalgan?
Tayanch ibora va atamalar: tuproq turlari, Arktika sahrolari, tundra, o’rmon- tundra, tayga, dasht va o’rmon dasht, cho’l va chala cho’l, aralash o’rmon, keng bargli o’rmon, savanna va siyrak o’rmonlar, fasliy nam o’rmonlar, ekvotorial nam o’rmonlar, zoogegrafik rayonlar, Arktika, Yevropa-Sibir, O’rta dengiz, Markaziy Osiyo va Xitoy-Himolay, Golarktika, Hind-Malay, Efiopiya zoogeografik oblasti, tabiiy landshaft, antropogen landshaft, milliy bog’, qo’riqxona, plantasiya, Pol'derlar.
Tuproq qoplamining hosil bo’lishiga va rivojlanishiga landshaft komponentlarining birortasi ham ta’sir etmay qolmaydi. Ayniqsa, tuproqlar o’simliklar, ona jinslar va iqlim bilan uzviy bog’langan. Shuning uchun V.V.Dokuchaev ilmiy genetik tuproqshunoslik fanini yaratish bilan birgalikda landshaftshunoslik to’g’risidagi fanga ham asos solgani tasodif emas. Yevrosiyo tuproqlarini va landshaftlarini o’rganishga S.S.Neustruev, L.I.Prosolov, B.B.Polinov, M.A.Glazovskaya va boshqalar katta hissa qo’shganlar. Yevrosiyoning tuproq qoplamining geografik tarqalishidagi eng umumiy qonuniyatlar - tekisliklarda kenglik zonallik, provintsiallik va tog’larda balandlik mintaqalarining mavjudligidir. Tuproq qoplamining kenglik zonaligi materikning g’arbiy tekislik qismida yaxshi ifodalangan. Yenisey daryosidan sharqda tog’li rel’ef hukmronlik qilganligi tufayli tuproqlarning kenglik bo’ylab zonal joylashishi buziladi. Umuman Yevrosiyoning tekisliklarida asosiy tuproq tiplari zonalar bo’yicha shimoldan janubga qarab quyidagicha almashinadi (Ilova, 17-rasm).
Arktikaning yuqori kengliklarida, orollarning tekislik qismida juda yupqa arktika tuproqlari uchraydi. Bu tuproqlar nihoyat darajada skeletli, gleylanish xususiyatiga ega emas, oz miqdorda ishqorsizlangan, qisman sho’rlangan. Arktika tuproqlari sovuq nurash natijasida vujudga kelgan poligonal tuproqlar bilan almashinib turadi. Arktika tuproqlari janubroqda tundra tuproqlari bilan almashinadi. Tundra tipidagi tuproqlar materikning eng yuqori kengliklarida va Arktika orollarining janubida tarqalgan. Ular arktika tundrasi va tundra-gleyli tuproqlarga bo’linadi. Arktika tundrasidagi tuproqlar orasida oddiy poligonal tuproqlar keng tarqalgan. Bu tuproqlar ayniqsa, Yamal, Gidan yarim orollarida va Taymirda ko’pchilikni tashkil etadi. Tundra tuproqlarining hosildorligi past, O’rta va Sharqiy Sibirda, Baykal tog’li o’lkasining yuqori mintaqalarida sovuq nurash kuchli bo’lganligi sababli oddiy toshloq tog’-tundra tuproqlari hosil bo’lgan.
Yevrosiyo tayga zonasining asosiy tuproq tipi tekisliklarda podzol tuproqlar, tog’li o’lkalarda tog’ podzol tuproqlaridir. Ular eng keng tarqalgan tuproq tipi bo’lib, materik maydonining 20% ini, dunyodagi quruqlik maydonining qariyb 15% ini egallaydi. Botqoq tuproqlar ayniqsa G’arbiy Sibir pastekisligida, Sharqiy Yevropa tekisligining shimoliy va shimoli-g’arbiy provintsiyalarida, Amurbo’yi va Primore o’lkalarida keng tarqalgan bo’lsa, chimli tuproqilar kam uchraydi. Chimli va chirindili karbonit tuproqlar, karbonatli jinslar ustida vujudga keladi.
Podzol tuproqlar shimoldan janubga tomon zonal farqlariga ko’ra uchta tipchaga bo’linadi: 1) Shimoliy tayganing gleyli-podzol tuproqlari; 2) o’rta tayganing tipik podzol tuproqlari; 3) janubiy tayga va aralash o’rmonlarning chimli podzol tuproqlari. Podzol tuproqlar zonasida keng tarqalgan botqoq tuproqlardan tashqari muzloq tayga tuproqlari ham uchraydi. Ular muzloq yerlar rivojlangan Sharqiy Sibir o’lkalari uchun xarakterli. O’rta Sibir yassi tog’ligida, Sharqiy Sibir va Baykal tog’li o’lkalarida tog’ podzol tuproqlari ko’p tarqalgan.
G’arbiy Yevropaning katta qismida Zakarpatening Tisabo’yi allyuvial pastekisligi, Boltiqbo’yi, Uzoq Sharqning O’rta Amurbo’yi va Primore o’lkalari va Sharqiy Osiyoda o’rmon-qo’ng’ir tuproqlari ko’pchilikni tashkil qiladi. O’rmon- qo’ng’ir tuproq tipi nam, keng bargli va qisman aralash o’rmonlar tagida vujudga keladi. Ular kam podzollashgan, donador strukturaga ega. O’rmon tuproqlari orasida eng hosildori chimli va ko’ng’ir tuproqlar hisoblanadi. Podzol tuproqlar bilan qora tuproqlar oralig’ida o’rmon bo’z tuproqlari joylashgan. Bu tuproq tipi o’rmon-dasht zonasining o’rmonlari tagida lyossimon jinslarda hosil bo’lgan. O’rmon bo’z tuproqlari och tusli bo’z, tipik bo’z va qoramtir bo’z tuproqlarga bo’linadi. Och tusli o’rmon bo’z tuproqlari morfologik belgilariga ko’ra chimli-podzol tuproqlarni eslatadi.
O’rmon bo’z tuproqlaridan janubda qora tuproqlar zonasi joylashgan. Qora tuproqlar g’arbda Karpat etaklaridan sharqda Oltoy tog’ining etaklarigacha keng polosa hosil qilib cho’zilgan. Oltoydan sharqda ular orollar shaklida Minusinsk va Tuva botiqlarida, Selenga va Sharqiy Zaybaykale dashtlarida uchraydi. V.V.Dokuchaev fikricha, qora tuproqlar chirindiga, turli xil moddalarga juda boy, gumus qatlami qalin (150-180 sm gacha yetadi), mustahkam donodor strukturaga
ega. Shuning uchun ham ular boshqa tuproq tiplaridan yuqori hosildorligi bilan farq qiladi. Qora tuproqlar o’tli dashtlarning tipik zonal, tuprog’idir.
Qora tuproqlarning zonal, xususiyatlari shimoldan janubga qarab o’zgaradi, Qora tuproq zonasining Shimoliy qismida podzollashgan va ishqori yuvilgan qora tuproqlar uchraydi. Zonaning markaziy qismida tipik qalin qora tuproqlar keng tarqalgan. Bu qora tuproqlarning eng unumdor tipchasi bo’lib, unda gumus gorizontining qalinligi, chirindi miqdori (10-15%) va ko’l elementlari o’zining maksimal darajasiga yetgan. Janubroqda oddiy va janubiy qora tuproqlar tarqalgan. Bu tipChada gumus qoplamining qalinligi, miqdori bir oz kamayadi.
Quruq dasht va chala cho’llarning zonal tuproq qoplami kashtan tuproqlaridan tashkil topgan. Bu tuproqlar namlik balansi manfiy bo’lgan boshoqli va shuvoq-boshoqli o’tlar siyrak o’sadigan sharoitda shakllangan. Qora tuproqlarga nisbatan chirindiga kambag’al, gumus qatlami yupqa va ko’p joylarda sho’rlangan. Kashtan tuproqlar shimoldan janubga tomon qoramtir, tipik va och tusli kashtan tuproq tipchalariga bo’linadi. Shulardan qora tuproqlar bilan chegaradosh bo’lgan qoramtir kashtan tuproqlar ko’proq hosildor hisoblanadi. Janubga borgan sari kashtan tuproqlar tarkibida chirindi miqdori kamayib boradi. Och tusli kashtan tuproqlar chala Cho’llarda yaxshi rivojlangan bo’lib, chirindiga kambag’al. Qo’ng’ir, och qo’ng’ir va bo’z tuproqlar asosan O’rta va Markaziy Osiyoning tekisliklari hamda tog’oldi lyossli tekisliklarida ko’p tarqalgan.
Cho’l zonasida taqir va taqirli tuproq turlari ko’p uchraydi. Ular asosan allyuvial va prolyuvial yotqiziqlardan tashkil topgan, tarkibida gilli jinslar ko’p bo’lgan yassi pastliklarda, qadimiy del’talarda vujudga keladi. Cho’lning taqirli tuproq turi tarkibida chirindi 0,4-0,8%, gumusli qatlam 10-12 sm atrofida bo’ladi. Taqirlar yuzasi bahorda yomg’ir suvlari bilan to’lib, yozda bug’lanib, qurib qoladi va qotib qolgan yuzalar jazirama issiq ta’sirida yorilib-yorilib ketadi.
Nam subtropiklar zonasi uchun qizil va sariq tuproqlar xarakterli. Ular Kavkaz o’lkasining Kolxida va Lenkoran rayonlarida, Sharqiy Osiyoning janubiy qismida, Yanszi va Sitszyan daryolari havzalarida, Himolayning janubiy yon bag’iridagi tog’ etaklarida keng tarqalgan. Qizil tuproqlar nam subtropik o’rmonlarning tipik zonal tuprog’i hisoblanadi. Ularning gumus qatlami qalin, tarkibida temir va alyumin oksidlari juda ko’p. Shuning uchun ham bu tuproqlarning rangi qizil bo’ladi. Qizil tuproqlar eng qadimiy tuproqlar bo’lib, ular neogen davridan boshlab to hozirgi kungacha rivojlanib kelmoqda. Bu tuproq tipi turli xil subtropik o’simliklar uchun eng qulay hisoblanadi. Jigar rang tuproqlar Pireney yarim orolining Sharqiy qismida, Apennin va Bolqon yarim orollarida, O’rta dengizdagi Sitsiliya, Sardiniya, Korsika orollarida, Old Osiyo tog’liklarida, Kavkaz va O’rta Osiyo tog’larining quyi qismidagi past bo’yli, keng bargli va siyrak o’rmonlar hamda butazorlar tagida uchraydi. Hindistonning Sharqiy va Hindixitoy yarim orolining o’rta qismlaridagi savannalarda qizil laterit tuproqlar keng tarqalgan. Qizg’ish-sariq laterit tuproqlar nam tropik o’rmonlar uchun xarakterli
bo’lib, ular Hindistonning g’arbiy qismida, Xindixitoy va Malakka yarim orollarida, Malay va Filippin arxipelaglarida ko’pchilikni tashkil etadi.
Tog’larda tuproq qoplamining tarqalishi alohida qonuniyatga - balandlik zonallikka (mintaqalikka) bo’ysunadi. Biroq tog’larda tuproqlarning balandlik zonalligining namoyon bo’lishi geografik kenglikka ham bog’liq. Chunonchi, tundra yoki o’rmon-tundra zonalaridagi tog’lar qanchalik baland bo’lmasin, ularda atigi ikkita yoki uchta tuproq tipini uchratish mumkin. Quyi geografik kengliklarda joylashgan tog’lar yetarli darajada baland bo’lsa, tuproqlarning balandlik mintaqalari shunchalik to’laroq va xilma-xil bo’ladi. Masalan, Kavkaz tog’ida asosiy tuproq tiplari 10 ta dan kam emas. Bu yerda qizil va sariq tuproqlardan boshlab, tog’ o’tloq tuproqlarigacha keng tarqalgan. Tuproqlarning balandlik zonalligi Karpat, Tyanshan, Oltoy, Himolay tog’larida ham yaxshi ifodalangan.
Daryo qayirlaridagi allyuvial tuproqlar va arid iqlimli o’lkalardagi ko’chma qumlar alohida azonal tuproqlar guruhini tashkil etadi. Qayir tuproqlari yosh va ularning shakllanishi hozir ham davom etmoqda. Ko’chma qumlar esa rivojlangan tuproq qoplamiga ega emas va ularni o’zlashtirish nihoyatda qiyin. Ko’chma qumlarning asosiy qismi cho’l va chala cho’l zonalarida, kamroq qismi dasht va o’rmon dashtlardagi daryolarning quyi terrasalarida uchraydi. Bu qumlarning aksariyati tabiiy holda o’simlik bilan mustahkamlangan. Ularning ko’chma qumlarga aylanishiga sabab insonning xo’jalik faoliyatini salbiy oqibatlaridir.
Dostları ilə paylaş: |