Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə161/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   157   158   159   160   161   162   163   164   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Taman fauna kompleksi. Pliotsenning oxiri va pleystotsenning boshlarida mavjud bo’lgan. O’sha vaqtlarda tropiklarga xos tipik issiqsevar hayvonlar - tapirlar, jirafalar qirilib ketgan. Lekin janubiy rayonlar faunasiga mansub bo’lgan issiqsevar hayvonlardan Kavkaz elasmoteriysi va janub fili bemalol yashagan.
Tiraspol fauna kompleksi. Quyi pleystotsen epoxasida rivojlangan bo’lib, Sharqiy Yevropaning Oka muzligi davriga to’g’ri keladi. Taman kompleksiga taalluqli bo’lgan issiqsevar hayvonlar bu davrga kelib qirilib ketgan va ularning o’rnida sovuqqa chidamli hayvon turlari - shimol bug’usi, lemminglar, qo’chqorlar, serjun karkidonlar vujudga kelgan.
Xazar fauna kompleksi. O’rta pleystotsenda tarkib topgan. Bu fauna kompleksi tarkibida trogonteriy fili, Knoblox tuyasi, xazar otlari, german bug’usi, uzun shoxli bizon (ho’kiz turi), shimol bug’usi, serjun karkidonlar kabi hayvonlar bo’lgan.
Yuqori paleolit fauna kompleksi. Yuqori pleystotsenni, arxeologlarning yuqori paleolit davrini qamrab oladi. Bu o’ziga xos aralash fauna kompleksi bo’lib,
uning tipik vakillari mamont va serjun karkidonlar bilan bir vaqtda Arktika hayvonlarining yangi turlari - shimol tulkisi, lemminglar, qo’chqor hamda dasht hayvonlari - ohu, oqquyruq, yumronqoziq, sahro sug’urlari yashagan.
Golosen fauna kompleksi. Muzlik davridan keyin shakllangan hozirgi zamon fauna tipidir. Golotsenga kelib yuqori paleolit fauna kompleksining ko’plab vakillari
- mamontlar, serjunli karkidonlar qirilib ketgan. Ularni faqat qazilma shaklida uchratish mumkin. Ayrim hayvon turlari, jumladan qo’chqorlar o’zining arealini keskin qisqartiradi. Golotsen fauna kompleksi tarkibida hozirgi hayvonlar bilan bir qatorda uy hayvonlarining roli ham katta. Hayvonot olamining tabiiy rivojlanish tarixiga insonning xo’jalik faoliyati ham kuchli ta’sir ko’rsatgan. Paleolit davridagi qadimgi odamlar ovchilik bilan shug’ullanib, mamont va serjun karkidonlarni ko’plab ovlagan. Insonning xo’jalik faoliyati rivojlangan sari uning tabiatga, jumladan hayvonot dunyosiga bo’lgan ta’siri kuchaya borgan. Yevrosiyoning hayvonot dunyosi asosan geografik zonalar bo’yicha tarqalgan. Har qaysi ladshaft zonasining hayvonot dunyosi boshqa zonalar hayvonot dunyosidan farq qiluvchi mustaqil fauna kompleksi bo’lib hisoblanadi. Lekin o’rmon-tundra, o’rmon-dasht, chala cho’l va boshqa o’tkinchi zonalarda fauna komplekslari aralash holda uchraydi. Shunga qaramasdan har bir zonaning hayvonot dunyosi o’rtasidagi tafovut yaqqol ko’zga tashlanib turadi.
Arktika sahrolari hayvon turlariga juda kambag’al. Muz sahrolarining tipik hayvoni oq ayiq hisoblanadi. Yoz faslida muz zonasi uchun qushlar bozori xarakterli. Ular Arktika orollarining va materikning baland qoyali qirg’oqlarida uya qo’yib yashaydilar. Bu yerlarga ming-minglab oq chaykalar, kayralar, gagalar, lyuriklar uchib keladi. Tundrada hayvon turlari muz zonasiga nisbatan bir oz ko’proq. Bu zona uchun endemik bo’lgan qutb tulkisi-pesetslar, lemminglarning bir necha turlari (Norvegiya va Ob lemmingi, sariq to’shli lemming), shimol bug’usi xarakterli. Boshqa hayvonlardan bo’rilar, oq quyonlar, oq sichqonlar uchraydi. Qushlardan qutb boyqushi, oq kaklik va tundra kakligi yashaydi. Tundra hayvonlaridan oq va havo rang pesetslar, oq quyonlar, oq sichqonlar va tundraning janubiy qismida tulkilar ko’plab ovlanadi.
O’rmonlar boshqa zonalarga nisbatan hayvonot olamiga juda boy. O’rmonlar zonasi tayga, aralash o’rmonlar va keng bargli o’rmonlarga xos bo’lgan bir necha fauna komplekslarini o’z ichiga oladi. Ayniqsa aralash o’rmonlarning fauna kompleksi xilma-xilligi bilan ajralib turadi. G’arbdan sharqqa qarab keng tarqalgan los, qo’ng’ir ayiq, olmaxon, rossomaxa, oq quyon va boshqalar tayga hayvonlarining tipik vakillaridir. Yevropaning aralash va keng bargli o’rmonlari uchun o’rmon mushugi, zubr, o’rmon suvsari, asl bug’u, uyquchi olmaxon, qunduz, yovvoyi cho’chqa, malla quyon, dala sichqonlari xarakterlidir. Sharqiy Osiyodagi keng bargli o’rmonlarning fauna kompleksi ancha murakkab bo’lib, u yerlarda chipor bug’u, qora ayiq, qizil bo’ri, yenotsimon iti, Manjuriya quyoni, Uzoq Sharq yumshoq toshbaqasi, Ussuriya yo’lbarsi, o’rmon mushugi hamda tayga o’rmonlariga xos hayvonlar yashaydi. O’rmonlarda qushlardan qizil ishton, chil, qarqur, kedrovka, g’arb bulbuli, o’rmon to’rg’ayi, so’fito’rg’aylar keng tarqalgan. O’rmonlar zonasi qimmatbaho mo’yna beradigan hayvonlarning asosiy makoni hisoblanadi.
O’rmonlarda olmaxon, sobol, qunduz, tulki, o’rmon suvsari, yenotsimon it, oq quyon va boshqa mo’yna beruvchi hayvonlar, qushlardan oq kaklik, chil va qarqurlar ovlanadi.
Dasht zonalarida ochiq joylarda yashaydigan hayvonlar keng tarqalgan. Ularning aksariyati tabiiy pana joy bo’lmaganligi sababli in qazib yashashga moslashgan, boshqalari esa tez harakat qilishga o’rgangan. Dashtlarda tuyoqlilardan oqquyruq, antilopa-sayg’oq, kemiruvchilardan baybak-sug’ur, kichik yumronqoziq, chipor yumronqoziq, katta qo’shoyoq, yelik, dasht dala sichqoni, krotsimon ko’rsichqon, sassiqko’zan, bo’ri, qarsoq tulki, olaxurjun, ko’l rang dala sichqoni kabilar yashaydi. Sudralib yuruvchilardan dasht qora iloni, dasht kichik kaltakesagi uchraydi. Qushlardan tuvaloq, bizg’aldoq, bedana, to’rg’ay, dasht bo’ktargisi va kichik turnalar xarakterli. Zabaykale dashtlarida Mongoliya jayroni, Mongoliya sug’uri, Mongoliya dala sichqoni, Dauriya yumronqozig’i, Dauriya pishchuxasi ko’pchilikni tashkil etadi. Dashtlarda tulki, malla quyon, oqish sassiqko’zan va turli xil yumronqoziqlar ovlanadi. Lekin ularning mo’ynasi o’rmonlardagi hayvonlarning mo’ynasi singari u qadar qimmatli emas.
Cho’l hayvonlari boshqa zonalarning fauna komplekslariga nisbatan o’ziga xos xususiyatlari bilan farq qiladi. Ularning bunday xususiyatlari yozda jazirama issiqqa, qishda sovuqqa, yil davomida namning yetishmasligiga, o’simlik qoplamining siyrakligiga, turli tipdagi cho’llarning ekologik sharoitiga moslashganligidadir. Cho’l hayvonlari endemik turlarga ancha boy. Chavkar uzunburun, sariq yumronqoziq, gekkon kaltakesaklar, saksovul chumchug’i, xo’jasavdogar kabilar endemik turlarga kiradi. O’rta va Markaziy Osiyo cho’llarining shimoliy qismida qadimiy hayvonlardan oqquyruq, sakrovchi ko’shoyoq, sariq olasichqon, O’rta va Old Osiyo cho’llari uchun xarakterli bo’lgan yirik echkemar, qora ilon, zaxarli charx ilon, cho’l bo’g’ma iloni, o’q ilon, cho’l toshbaqasi va boshqalar yashaydi. Cho’l hayvonlari suv tanqisligiga turlicha moslashgan. Ayrim hayvonlar o’simlik tarkibidagi namlik bilan qanoatlansa, ba’zilari suv qidirib uzoq masofalarni bosib o’tadi. Cho’l hayvonlari orasida yozda uyquga kiradiganlari ham bor. O’rta Osiyo cho’llarida sutemizuvchi hayvonlardan jayron, ko’lon, O’rta Osiyo bug’usi, chiyabo’ri, sirtlon, baxmalmushuk, chipor mushuklar bor. Cho’llarda yashaydigan arxarlar, yovvoyi cho’l qo’ylari yo’qolib ketish arafasida. Cho’l zonasidagi to’qayzorlarda yovvoyi cho’chqa, to’qay mushugi, to’qay bug’usi, chiyabo’ri, yo’lbars, qirg’ovullar yashaydi. Cho’llarda uy hayvonlaridan tuyalar va qorako’l qo’ylari keng tarqalgan. Bir xil hayvon turlari o’zining geografik tarqalishida Markaziy Osiyoning ayrim oblastlari bilan chegaralansa, boshqalari uning barcha regionlari bo’ylab tarqalgan. Masalan, yovvoyi yak (qo’tos) faqat Tibetda, Kunlunda va Pomirda uchraydi. Yaklar hozirgi paytda Markaziy Osiyoda keng tarqalgan uy hayvoni hisoblanadi. Tibet tog’ligida va Markaziy Osiyo tog’larida antilopa, orongo, antilopa ada, tog’ qo’yi - arxar, tog’ echkilari ko’pchilikni tashkil etadi. Yirtqich hayvonlardan qor qoploni - irbis, Tibet qo’ng’ir ayig’i, Tibet bo’risi uchraydi.
O’rta dengiz, Old Osiyo tog’liklari va Arabistoning fauna komplekslari o’ziga xos bo’lganligi sababli ular Golarktikaning alohida O’rta dengiz kichik zoogeografik oblasti qilib ajratilgan. Bu yerda endemik hayvonlarning tog’ va tekislik turlari bilan
bir qatorda Shimoliy Afrika hayvonlariga o’xshash turlar ham uchraydi. Pireney yarim orolida va Fransiyaning janubida kichikroq yirtqich hayvon Yevropa genettasi yashaydi. Pireney yarim orolining janubida Yevropa uchun yovvoyi holda yashaydigan maymunlarning bitta turi-dumsiz makak uchraydi. Yaqingacha Korsika va Sardiniya orollarida keng tarqalgan yovvoyi tog’ qo’yi - muflonlar hozirgi kunda deyarli qirib yuborilgan. Old Osiyo tog’liklari fauna kompleksi tarkibida tipik O’rta dengiz elementlaridan tashqari Markaziy Osiyoga xos hayvonlar ham uchraydi. Tuyoqlilardan g’izollar, antilopalar, yovvoyi eshaklar, Markaziy Osiyo tog’ qo’ylari va echkilari keng tarqalgan. O’rmonlarida Eron tog’ligi uchun endemik tur bo’lgan Eron olmaxoni yashaydi. Yirtqich hayvonlardan qoplon, silovsin, giena, chiyabo’ri, tulkilar bor. Kemiruvchilardan quyonlar, qo’shoyoqlar, jayralar keng tarqalgan.
Yevrosiyoning eng janubiy qismining fauna kompleksi xilma-xilligi, turlarga boyligi va vujudga kelish tarixiga ko’ra qadimiyligi bilan xarakterlanadi. Faunasining asosiy tarkibiy qismi tropiklarga xos bo’lgan hayvon turlaridan tashkil topgan. Shuning uchun ham materikning bu qismi Hind-Malay zoogeografik oblastiga qaraydi. Ayniqsa, Malakka yarim oroli, Zond va Filippin orollarining hayvonot olami nihoyatda boy va rang-barang. Bu o’lka fauna kompleksining boy va xilma-xil bo’lishiga Janubi-Sharqiy Osiyoning Avstraliya bilan qadimda tutash bo’lganligi ham ta’sir etgan. Malay arxipelagida yashaydigan tuyoqli hayvonlarning eng yorqin namoyondalari ikki xil rangli tapir, bir shoxli va ikki shoxli karkidonlar, yovvoyi ho’kiz banteng, hind qo’tosi, gaur va boshqalardir. Tapirlarning ajdodi Janubiy Amerikada yashagan. Banteng so’nggi yillarda Bali xalqining asosiy uy hayvoniga aylangan. Tog’larda va balandliklardagi o’rmonlarda uncha katta bo’lmagan muntjak bug’usi tarqalgan. Yirtqich hayvonlardan Malay kalta junli ayig’i va yo’lbarslar ko’p. Yo’lbarslar Kalimantan orolidan tashqari barcha orollarda uchraydi. Sumatra va Kalimantan orollarida odamsimon maymunlardan orangutan yashaydi. Lekin ularning soni juda kam qolgan. Gibbonlar oilasiga mansub bo’lgan maymunlar, makaklarning ayrim turlari barcha orollarda keng tarqalgan. Qushlardan go’zal tustovuq argus, tovus, kelib chiqishi Avstraliya materigi bilan bog’liq bo’lgan jannat qushlari, katta oyoqli tovuqlar kishilarning e’tiborini jalb etadi.
Sudralib yuruvchilar turlarga boyligi va g’oyat kattaligi bilan kishilarni hayratda qoldiradi. Komoda orolida uzunligi 3-4 m keladigan kaltakesaklarga taalluqli o’lkan echkemar-varan, Kalimantan daryolarida yirik timsoh gavial yashaydi. Zaharli ilonlar juda ko’p. Bo’g’ma ilonlar, ko’zoynakli ilonlar yoki kobralar ko’pchilikni tashkil etadi. Bulardan eng kattasi chipor piton bo’lib, uning uzunligi 8-10 m gacha va og’irligi 100 kg gacha boradi. Pitonlar inson uchun ham, yirik hayvonlar uchun ham juda xavfli hisoblanadi.
Hindiston va Hindixitoy yarim orollarida hamda Shri-Lanka orolida Hind- Malay zoogeografik oblastiga mansub bo’lgan faunalardan tashqari Golarktika va Efiopiya oblastlariga xos hayvon turlari ham uchraydi. Bu o’lkalar qaraydigan Hind- Hindixitoy kichik zoogeografik oblasti faqat turlargagina boy bo’lib qolmasdan, balki hayvonot dunyosining soni jihatidan ham boy. Hayvonlarning bunday rang- barangligi va serobgarchiligi ayniqsa Hindiston uchun xarakterlidir. Chunki, Hindistonda har qanday jonivorni, hatto zaharli hayvonni ham o’ldirish din
tomonidan qat’iyan man etiladi. Hindiston va Hindixitoy faunasi tarkibida hind fili alohida o’rin tutadi. Yovvoyi fillar hozirga qadar Himolayning tog’oldi rayonlarida, Shri-Lanka o’rmonlarida uchraydi. O’rmon massivlari yaxshi saqlangan joylarda yirik antilopa nil'gau, to’rt shoxli antilopa, muntjak bug’usi, aksis bug’usi yashaydi. Yirtqichlardan yo’lbars, qoplon, qoplonlarning alohida turi bo’lgan qora palang, Tar cho’lida Efiopiya oblastidan kelib qolgan arslon uchraydi. Bular chorvachilikka juda katta zarar keltiradi. Hindiston va Hindixitoyning hamma regionlarida maymunlar keng tarqalgan. Ular o’rmonlarda, savannalarda, bog’larda, shahar va qishloq atroflarida, hatto shaharlarda ham yashaydi. Hindistonda itsimon maymunlar, Hindixitoyda gibbonlar, makaklar ko’p uchraydi. Lemurlar o’rmonlarda ham, qishloqlarda ham ko’pchilikni tashkil etadi (Ilova, 17-rasm).

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   157   158   159   160   161   162   163   164   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin