Yevrosiyoantropogenlandshaftlarivatabiatinimuhofazaqilish. Yevrosiyo materiklar orasida aholining soni jihatidan eng ko’p va birinchi o’rinda turadi. Uning hududida Yer shari aholisining 75% ga yaqini yashaydi. Materik aholisining soni 5 mlrd. kishini tashkil etadi. Yevrosiyoda turli xalqlar - slavyanlar, turkiylar, germanlar, romanlar, hindlar, xitoylar va boshqalar yashaydi. Materikning shimoldan janubga, g’arbdan sharqqa tomon uzoq masofaga cho’zilgan va rang- barang tabiatga ega bo’lgan hududida aholi nihoyatda notekis joylashgan. Yevrosiyoda aholisining soni jihatdan dunyoda birinchi o’rinda turadigan xitoy va ikkinchi o’rinda turadigan hind xalqlari istiqomat qiladi. Dunyo bo’yicha aholisi eng zich joylashgan hududlar ham shu materikdadir. Yevrosiyo hududida aholining eng zich joylashgan regionlari Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Janubiy Osiyo hisoblanadi. Bu o’lkalarning ba’zi bir joylarida aholisining zichligi har 1 km2 maydonga 1000-1500 kishidan to’g’ri keladi. Binobarin, aholining zich joylashganligi sabablaridan biri uning juda qadimdan kelib o’rnashib qolganligi bo’lsa, ikkinchisi bu o’lkalarning tabiiy sharoitini, ayniqsa iqlim xususiyatlarini inson salomatligi uchun qulayligi hamda unumdor yerlarga va suv resurslariga boy bo’lganligidir. G’arbiy Yevropada ham aholining geografik tarqalishi bir muncha zichligi bilan farq qiladi. Ayniqsa, Atlantika okeani, Shimoliy dengiz va O’rta dengiz sohillari bo’ylab aholi zich joylashgan. Ammo Yevrosiyoning bu hududlari materik ichkarisidagi regionlardan shahar aholisi sonining ko’pligi bilan ajralib turadi.
Materikning iqlim sharoiti og’ir, suv resurslari yetishmaydigan anchagina qismida aholi nihoyatda siyrak o’rnashgan. Shimoliy Osiyoda, O’rta Osiyoning Qizilqum va Qoraqum sho’llarida, Markaziy Osiyodagi Taklamakon va Gobi sho’llarida, Arabiston va Hindiston yarim orollarining jazirama sho’llarida aholining soni nihoyatda kam. Bu o’lkalarda tabiiy boyliklarning o’zlashtirilishi, tog’-kon sanoatlarining barpo etilishi, mehnat resurslarining ishlab chiqarishga keng jalb qilinishi aholi sonining asta-sekin ko’payishiga va zichligining bir oz bo’lsada oshishiga sabab bo’lmokda. Materikning Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo, Old Osiyo, O’rta Osiyo, Kavkaz va Janubiy Yevropa o’lkalarida bundan 38-40 ming yil avval yuqori paleolitda qadimiy odamlar istiqomat qilishgan. Ular o’zlari yashagan joylarning tabiatiga o’sha davrdan har tomonlama ta’sir ko’rsata boshlashgan. Keyinchalik odamlar Yevropa va Osiyoning Shimoliy qismlariga borib o’rnashib,
bu regionlarning ham tabiatini asta-sekin o’zlashtira boshlagan. Odamlarning tabiatga bo’lgan ta’siri mezolit, neolit, bronza asrlarida, ayniqsa so’nggi temir asrida nihoyat darajada kuchayib ketgan. Natijada aholining qadimdan zich joylashgan o’lkalarida tabiiy landshaftlarning dastlabki qiyofasi butunlay o’zgargan, ular yangidan vujudga kelgan ikkilamchi antropogen landshaftlar qiyofasiga ega bo’lgan. Masalan, O’rta dengiz sohillarida joylashgan Pireney, Apennin va Bolqon yarim orollaridagi qadimiy subtropik o’rmonlar inson xo’jalik faoliyati tufayli kesib yuborilgan. Ularning o’rnida rang-barang madaniy agrolandshaftlar - bog’lar, uzumzorlar, sitrus plantasiyalari, ekin maydonlari hamda ikkilamchi antropogen landshaftlar - siyrak past bo’yli o’rmonlar va doimiy yashil butazorlar vujudga kelgan. Hozirgi vaqtda Sharqiy Yevropa tekisligidagi o’rmon-dasht va dasht zonalarining 80% maydoni o’zlashtirilgan. Ularning o’rnida qishloq xo’jalik antropogen komplekslari va shahar seliteb landshaftlari barpo etilgan. Mesopotamiya va Buyuk Xitoy tekisliklari, Hind va Gang vodiylari unumdor yerlar bo’lganligi sababli bir necha ming yillar avval madaniylashtirilgan. Ularning tabiiy landshaftlari o’rnida tropik madaniy ekinlardan tarkib topgan qishloq xo’jalik antropogen komplekslari, irrigatsion inshootlar, shahar va qishloq seliteb landshaftlar vujudga kelgan. G’arbiy Kavkazda, Xitoyning janubi-sharqida,
Hindiston va Shri-Lanka tog’ yon bag’irlarida sun’iy terrasa hosil qilib choy plantasiyalari barpo etilgan.
Inson o’zining xo’jalik faoliyati natijasida Yevrosiyo daryo vodiylarida va dengiz sohillarida yangi antropogen tabiat komplekslarini ham yaratgan. Bular birinchidan Volga, Dnepr, Yenisey, Ili, Kura va boshqa daryolarda bunyod etilgan antropogen suv landshaftlari, ya’ni suv omborlari bo’lsa, ikkinchidan Shimoliy Yevropada Shimoliy dengiz sohillarida barpo etilgan pol’derlar va marshlar antropogen landshaft komplekslaridir. O’rta Osiyo daryolarida ham suv tanqisligini hisobga olib ko’plab antropogen suv landshaftlari - suv omborlari qurilgan. Masalan, Qayroqqum, Andijon, Tuyamo’yin, Chordara, Janubiy Surxon, Chimqo’rg’on, Kattaqo’rg’on suv omborlari shular jumlasidandir. O’rta Osiyo tog’oldi rayonlarida, daryo vodiylarida, tog’oralig’i botiqlarida inson xo’jalik faoliyati ta’sirida tabiiy komplekslardan tubdan farq qiluvchi voha antropogen landshaftlari tarkib topgan. Ular sug’oriladigan paxta plantasiyalaridan, bog’lardan, tutzorlardan, uzumzorlardan, sug’orish inshootlaridan, qishloq va shahar voha seliteb antropogen landshaftlaridan hamda dam olish zonalaridan iborat.
Pol'derlar gollandiyalik dehqonlarning ko’p yillik mehnati tufayli dengiz tasarrufidan ajratib olingan yerlardir. Ular o’zining shakllanish vaqtiga ko’ra juda yosh va tabiiy xususiyatlariga ko’ra noyob antropogen landshaftlar hisoblanadi. Bu tipdagi yangi shakllangan antropogen landshaftlar asosan Shimoliy dengiz sohillarida keng tarqalgan bo’lib, ularning yuzasi dengiz sathidan ham pastda yotadi. Gollandiyaliklar pol’derlardan qishloq xo’jaligi maqsadlarida keng foydalanadilar. Dunyoga mashhur bo’lgan Gollandiya chinni gullari ana shunday yerlarda yetkaziladi. Gollandlar pol’derlarni dengiz suvini bostirib kelishidan himoya qilish uchun qirg’oq bo’ylab bir necha kilometr masofaga cho’zilgan sun’iy dambalar barpo etgan. Pol’derlarning xarakterli xususiyatlari shundan iboratki, ularning yer
yuzasi juda tekis, tuprog’ining mexanik tarkibi mayda zarrachali, chirindiga boy, yer osti suvlari yer yuzasiga yaqin yotadi. Grunt suvlari yuzasini pasaytirish uchun ko’plab quritish kanallari qazilgan.
O’rta Osiyo, jumladan O’zbekiston vohalarini barpo etishda mahalliy xalqlar qancha mehnat sarf qilishgan bo’lsa, gollandiyaliklar ham pol’derlarni yaratishda shuncha mehnat sarf qilishgan. Ammo voha landshaftlari bilan pol’der landshaftlarini bunyod etishda inson o’z xususiyatlari bilan bir-biriga qarama-qarshi bo’lgan ikki xil zonal-regional uslub tizimlaridan foydalangan. Chunonchi, arid iqlimli O’rta Osiyo sharoitida inson jazirama issiq va suvsizlikdan chanqab yotgan Cho’l bag’ridan tortib olgan yerlarni haydash, kanallar qazib suv keltirib sug’orish, o’g’itlash va madaniy ekinlarni ekish yo’li bilan murakkab strukturali voha landshaftlarini yaratgan bo’lsa, nam iqlimli Yevropa sharoitida pol’derlarni dengiz sayozligidan tortib olib, ularni quritish va madaniylashtirish yo’li bilan pol’der agrolandshaftlarni vujudga keltirgan. Yevrosiyoda o’rmonlarning va dashtlarning maydonining qisqarishi uzoq yillardan beri davom etib kelmoqda. Hindiston va Hindixitoydagi subekvatorial va ekvatorial o’rmonlarning ko’plab kesib yuborilishi natijasida ularning o’rnida savannalar, g’arov (bambuk) zorlar vujudga kelgan. Bular ham o’z navbatida antropogen landshaft komplekslari hisoblanadi. Al’p, Karpat va Kavkaz tog’larining etaklaridagi o’rmonlar bog’lar, uzumzorlar, ekinzorlar bilan almashtirilgan. Materikning ichkari qismlarida, ayniqsa O’rta va Markaziy Osiyoda, Arabiston yarim orolida ko’pgina yerlar yaylov sifatida foydalanib, ularning biologik mahsuldorligi keskin kamayib ketgan.
Materikning hayvonot olamiga insonning salbiy ta’siri juda sezilarli. Odamlarning ovchilik bilan shug’ullanishi natijasida qimmatbaho mo’yna va go’sht beruvchi hayvonlarning soni keskin kamaygan, ayrim hayvon turlari umuman qirilib ketgan. Hozirgi vaqtda eng kam qolgan turlari - Buxoro bug’usi (xongul), zubr, daryo qunduzi, jayron, Zarafshon tustovug’i kabilar faqat qo’riqxonalarda uchraydi. Bunday o’zgarishlarni materikning deyarli hamma tabiat zonalarida va balandlik mintaqalarida ko’rish mumkin. Binobarin, tabiatda inson xo’jalik faoliyati ta’sirida sodir bo’layotgan barcha o’zgarishlar va ularning salbiy oqibatlari kamalak singari rang-barang bo’lgan Yevrosiyo tabiatini har tomonlama muhofaza qilishni taqozo etadi. Shuning uchun Yevrosiyo tabiatini muhofaza qilish maqsadida tabiat zonalarida va tog’li o’lkalarda qo’riqxonalar, milliy va xalq bog’lari, buyurtmalar barpo etilgan. Qo’riqxonalarning asosiy maqsadi, tabiatning betakror joylarini, uning komponentlarini, ajoyib rel’ef shakllarini, serjilo ma’danlarini, turli-tuman o’simlik va hayvonot olamini, tabiat go’zallik baxsh etgan g’orlarni, buloqlarni, geyzerlarni, tabiat obidalarini, har bir zonaga va o’lkaga xos landshaft komplekslarini tabiiy holda saqlab qolishdir. Masalan, Ural tog’larining janubiy qismidagi Ilmen qo’riqxonasida 150 ga yaqin ajoyib ma’danlar va asl toshlar saqlanib kelinmoqda. Oltoy qo’riqxonasida balandlik landshaft mintaqalari - o’rmon-dasht, tog’ o’rmoni, tog’ o’tlog’i va tog’ tundrasi tabiiy holda saqlanadi. Askaniya-Nova qo’riqxonasida betaga-chalov dashtining tabiiy landshafti muhofaza qilinadi.
Yevrosiyoning barcha mamlakatlarida va o’lkalarida tabiatni muhofaza qilish qonunlariga asoslanib ko’plab qo’riqxonalar, milliy bog’lar tashkil etilgan va ular doimiy ravishda davlat organlari tomonidan muhofaza qilinadi. Bular Fenoskandiyadagi Kandalaksha, Lemmenyoki, Evre-Dividalen, Sarek milliy bog’lari, Germaniyadagi Korin, Oberlauzitser-Bergland landshaft buyurtmalari, Fransiyadagi Loren, Keyra, Kamarg regional tabiiy bog’lari, Ispaniyadagi Kovadonga, Don’yana milliy bog’lari, Italiyadagi Abrutstso, Gran-Paradizo milliy bog’lari, Bolgariyadagi Pirin, Vitosha xalq bog’lari, Vengriyadagi Xortobad, Kishkunshax milliy bog’lari, Sharqiy Yevropadagi Astraxan, Xopyor, Darvin, Belovej pushasi qo’riqxonalari, Kavkazdagi Ritsa, Teberda, Borjomi qo’riqxonalari, Sibirdagi Barguzin, Sayan-Shushen, Oltoy qo’riqxonalari, Uzoq Sharqdagi Xingan, Sixote-Alin, Ussuri qo’riqxonalari, Janubi-Sharqiy Osiyodagi Doyintxanon milliy bog’i, Malakka yarim orolidagi Taman-Megara milliy bog’i va boshqalardir.
G’arbiy Yevropada sanoatning jadal rivojlanishi sababli materik tabiati muntazam ifloslanib, ekologik sharoiti buzilib, atmosferaga sanoat korxonalaridan turli xil zaharli moddalar - azot birikmalari, oltingugurt, gazlar ko’tariladi. Ularni havo massalari yuzlab va minglab kilometr masofaga olib ketib tarqatadi va yomg’ir bilan yerga tushadi. Natijada o’rmonlar, daryolar, ko’llar, tuproqlar zararlanmoqda. Atmosferaning ifloslanishi inson salomatligiga ham ta’sir etmoqda. O’rta Osiyoning markaziy qismida vujudga kelgan Orol ekologik tanazzuli ham Markaziy Osiyo davlatlarini va bu regionda yashaydigan barcha xalqlarni tashvishga solmoqda.