KIRISH
Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi kursi tabiiy geografiya tizimidagi asosiy fanlaridan biri bo’lib, tabiiy geografik fanlar tizimida yetakchi o’rinni egallaydi. Tabiiy geografiyaning o’rganish ob’ekti - yer po’stining yuqori qatlami, atmosferaning quyi troposfera qismi, okean va materik suvlari, tuproq-o’simlik qoplami, hayvonot olami va ularning o’zaro aloqadorligidan tarkib topgan geografik qobiq va uning landshaftlaridir. Geografik qobiqning bir butunligi uni tashkil etuvchi komponentlarning va sodir bo’layotgan jarayonlarning o’zaro uzviy bog’liqligi va ularning bir-biriga ta’sir etishi negizida shakllangan. Shuning uchun avvalo, geografik qobiq va uning ajralmas tarkibiy qismi bo’lgan landshaft sferasi, ularning o’ziga xos xususiyatlari, vertikal chegaralari, qalinligi, strukturasi va rivojlanish tarixi, Quyosh issiqligining taqsimlanishi va iqlim mintaqalari, umumiy geografik qonuniyatlarini bilish muhim hisoblanadi.
Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi kursida Yerning geografik qobig’i va landshaft sferasi to’g’risida ta’lim berish bilan birga keng ko’lamni qamrab olgan inson xo’jalik faoliyati ta’sirida tabiiy landshaftlarda yuz berayotgan o’zgarishlar, buning oqibatida hosil bo’lgan ikkilamchi antropogen landshaftlar, buzilgan, kuchli o’zgartirilgan va madaniy landshaftlar to’g’risida ma’lumotlar beriladi. Bu fanni o’zlashtirishda avvalroq o’rganilgan “Umumiy yer bilimi”, “Geologiya”, “Topografiya va kartografiya asoslari”, “Geomorfologiya”, “Iqlimshunoslik”, “Gidrologiya”, “Tuproqlar geografiyasi”, “Biogeografiya” va boshqa tabiiy fanlardan olingan bilimlarning roli katta va ularga tayanadi.
Geografik qobiqdagi landshaftlarning zonal-regional tabaqalanishi, ularni tashkil etuvchi zonal, regional tabiat komplekslarini aniqlash, chegaralash, kartalashtirish va tavsiflash jarayoni tabiiy geografik rayonlashtirish asosida amalga oshiriladi. Geografik qobiqning muayyan hududlarini o’rganish bilan tabiiy geografiyaning tarmog’i hisoblangan regional tabiiy geografiya shug’ullanadi. Tabiiy geografiya bilan regional tabiiy geografiya o’zaro chambarchas bog’langan, chunki ularning o’rganish ob’ekti va predmeti geografik qobiqdir. Biroq, birinchi holatda geografik qobiq bir butunlik va umumiylik nuqtai nazardan qaralsa, ikkinchi holatda ichki tafovutlar va regional xususiyatlar nuqtai nazardan qaraladi. Regional tabiiy geografiya geografik qobiqning makonda tabiiy chegaralar bilan chegaralangan birliklarini o’rganadi. Bu birliklar miqyosiga ko’ra nihoyatda katta va kichik bo’lishi mumkin. Masalan, Avstraliya materigi, Hind okeani, Sahroi Kabir, O’rta Osiyo, Bering dengizi va boshqalar. Yirik regionlarni alohida-alohida o’rganish bilimni oshirishda katta ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda DTS asosida geografiya mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimida "Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi" kursi fundamental fan sifatida alohida o’rin egallaydi. Bu kursda barcha materiklar va unga yaqin joylashgan orollari bilan birgalikda batafsil o’rganiladi. Har qaysi materik va okeanlarning tavsiloti umumiy qabul qilingan reja asosida berilgan. Bu reja barcha komponentlarning o’zaro aloqadorligini, bir-biriga bog’liqligini va ularni geografik qobiq doirasida landshaft komplekslarining shakllantirishdagi rolini hisobga olgan
holda tuzilgan. O’quv qo’llanmada materiklar va okeanlarga tabiiy geografik tavsif berish bilan birga, ularning hozirgi davrdagi ekologik holati va tabiatini muhofaza qilish masalalari ham yoritilgan. Bu talabalarga ekologik ta’lim berish bilan birga, ularda ekologik madaniyatni ham shakllantiradi.
Materiklarni umumiy tabiiy geografik tavsiflash geografik o’rni, chegaralari, tekshirilish tarixi, geologik tuzilishi, materik muzliklari, rel’efi, foydali qazilmalari, iqlimi va iqlim mintaqalari, ichki suvlari, tuproq, o’simlik va hayvonot dunyosi, tabiat zonalari, antropogen landshaftlari va tabiatni muhofaza qilish tartibida berilgan. Umumiy tabiiy geografik tavsifdan keyin materiklarning regional tavsifi berilgan.
Okeanlarning tabiiy geografik tavsifi Dunyo okeani tabiatining asosiy xususiyatlari - okean tagining geologik tuzilishi va rel’efi, suvlari, okeandagi hayot, okean yuzasidagi va okean tagidagi geografik zonalar, okean tabiatini muhofaza qilishning asosiy muammolari tizimida yoritilgan. Har qaysi okeanning tabiiy geografik sharoiti quyidagi tartibda ta’riflangan: geografik o’rni va chegaralari, tekshirilish tarixi, dengizlari va orollari, okean tagi rel’efi va geologik tuzilishi, iqlimi va suvlari, oqimlari, organik dunyosi, okeanning tabiat zonalari va xalq xo’jaligidagi ahamiyati.
Kursda materiklarning tabiiy geografik tavsifi Afrika, Avstraliya (Okeaniya), Antarktida, Janubiy va Shimoliy Amerika hamda Yevrosiyo materigi o’rganiladi. Okeanlarni tabiiy geografik tafsiloti Dunyo okeani, Tinch, Atlantika, Hind va Shimoliy Muz okeanlari tarzida amalga oshirilgan.
Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi kursi geografiya fanidan mutaxassis kadrlar tayyorlash uchun zarur bo’lgan materiallar tizimli ravishda bayon qilingan. Talabalarning bilim, ko’nikma va malakasi darajasini oshirish uchun qo’shimcha ilmiy adabiyotlardan, geografik atlaslardan foydalanishni tavsiya etamiz.
Dostları ilə paylaş: |