TropikiqlimliSharqiyOsiyo. Tropik (yoki subekvatorial) iqlimli o’lka tarkibiga Sharqiy Osiyoning janubiy qismi, Tayvan va Xaynan orollari (Janubiy Xitoy) kiradi. Bu yerdagi fasliy nam tropik o’rmonlarning issiqlik va namlik rejimi subekvatorial musson o’rmonlaridan kam farq qilganligi uchun janubiy Sharqiy Osiyoning iqlimini subekvatorial iqlim deb ham qarashadi. O’lka hududi o’rtacha va past tog’lar hamda sertepa balandliklar bilan band. Ular qadimgi burmalangan strukturalardan tarkib topgan bo’lib, Janubiy Xitoy burmali tog’lari deb ataladi. Bu tog’lar mustaqil nomlarga ega bo’lgan Yunnan-Guychjou tog’ligi, Nanlin past tog’lari va Uishan tizmalariga bo’linadi. Janubiy Xitoy tog’larining maksimal balandligi Uishan tog’ida 2120 m, Yunnan-Guychjou tog’ligida 2050 m (Yuanbaoshan tog’i), Nanlin tog’ida 1922 m. O’lkaning materik qirg’oqlari kuchli parchalangan, mayda tog’li orollar nihoyatda ko’p. Eng yiriklari Tayvan (36 000 km2) va Xaynan (34 000 km2) orollaridir. Janubiy Xitoy tog’larining eng baland nuqtasi Tayvan orolida 3997 m ga yetadi. Orolning shimolida 13 ta so’ngan vulkanlar mavjud. Uning g’arbiy qismi sohil bo’ylab cho’zilgan pastekislik bilan band.
Tropik iqlimli Sharqiy Osiyo okeanga yaqin joylashganligi tufayli iqlimi nam, yog’in musson rejimiga ega, havo harorati yil davomida yuqori. Yanvarning o’rtacha harorati +15°+20°S, iyulniki +27°+28°S. Yog’in miqdori o’lkaning materik qismida 1500-2000 mm, Tayvan orolining g’arbida 1000 mm, tog’li qismida 2000- 4000 mm. Nisbiy namlik 80°/0 atrofida. Daryo to’ri qalin, lekin yirik daryolar kam. Eng katta daryosi Siszyan Yunnan tog’ligining sharqiy qismidan boshlanib Janubi- Xitoy dengiziga quyiladi. Uzunligi 2129 km, havzasining maydoni 357 ming km2 ga yaqin, o’rtacha yillik suv sarfi 8049 m3/sek. Musson yomg’irlaridan to’yinib, aprel-maydan to sentyabr-oktyabrgacha to’lib oqadi. Nisbatan kichiq bo’lgan Ouszyan, Minszyan, Xanszyan, Beyszyan daryolari ham sersuv va musson rejimli.
Tropik iqlim sharoitida rang-barang o’simliklar, ayniqsa ularning tropik elementlari yaxshi rivojlangan. Birgina Tayvan orolining florasi 3265 tur o’simliklardan iborat bo’lib, shundan 1605 turi endemikdir. Tog’ etaklarida va 500
m balandlikkacha bo’lgan mintaqada palma, fikus, pandus, bambuk va lianalardan tarkib topgan doimiy yashil nam tropik o’rmonlar o’sadi. 500-1800 m balandlikda kamfar dafnasi, tunga daraxti, magnoliya, daraxtsimon paporotnik va janub igna barglilaridan iborat subtropik tipdagi doimiy yashil keng bargli o’rmonlar mintaqasi joylashgan. 1800 m dan balandda igna bargli (sarv daraxti, pixta, yel) o’rmonlar tarqalgan. Tayvanshanning 3700 m dan yuqori qismida baland tog’ butazorlari joylashgan. Tropik o’rmonlar tagida qizil, sarg’ish-qizil, qizg’ish-qo’ng’ir tog’ tuproqlari rivojlangan. Daryo vodiylarida, tekisliklarda va terrassalashtirilgan tog’ yon bag’irlarida agrolandshaftlar barpo etilgan.
O’lkaning dehqonchiliq qilinadigan yerlarida banan, kokos palmasi, ananas, shakar qamish kabi tropiklarga xos madaniy ekinlar yetishtiriladi. Daryo vodiylarida va pastqam joylarda sholikorlik rivojlangan. Terrasalashtirilgan tog’ yon bag’irlarida choy butasi, limon, apelsin, mandarin va boshqa subtropik ekinlar ekiladi.