Qattiq bargli doimiy yashil o’rmonlar va butazorlar (Subtropik zona). Subtropik tabiat zonalari Afrikaning shimoli-g’arbiy va eng janubiy qismlarida joylashgan. Subtropiklar materikning shimoli-g’arbiy qismida, O’rta dengiz sohillarida va Atlas tog’larining chekka qismlarida tarkib topgan bo’lib, iqlimi O’rta dengiz subtropik iqlim tipiga ega. Yog’in miqdori tekisliklarda va tog’ etaklarida 450-600 mm ga boradi, tog’ yonbag’irlarida esa 1200 mm dan ortadi. O’rta dengiz subtropiklarida yoz jazirama issiq va qish sernam iliq bo’langanligi sababli doimiy yashil o’simliklar keng tarqalgan. Bu yerdagi o’simliklar yozgi qurg’oqchil davrga yaxshi moslashgan, ularning bargi mayda va dag’al bo’ladi. O’rta dengiz iqlim sharoitida jigar rang, uncha qalin bo’lmagan qizg’ish-jigar rang tuproqlar hosil bo’lgan. Subtropiklar zonasining tabiiy o’simliklari zaytun daraxtlari, pistalar, eman (dub), mitti palmalar, butalardan makvis, ladannik, mirta, oleandralar o’sadi. Past tog’larning yon bag’irlarida O’rta dengiz zonasiga xos eman daraxtlaridan tashkil topgan o’rmonlar uchraydi. Shimoliy Afrikada bu zona sharqqa borgan sari subtropik cho’l va chala cho’l zonalari bilan almashinadi.
Janubiy Afrikadagi O’rta dengiz tipidagi subtropiklar zonasi materikning eng janubi-g’arbiy qismida tarqalgan. Bu yerda yozning o’rtacha harorati +210S ga, qishning o’ratcha harorati +12°, +15°S ga teng. Qishning ayrim kunlarida tuproq qoplami muzlashi mumkin. Yog’in 300-600 mm atrofida tushadi. Qish oylarida yomg’ir maydalab uzoq yog’adi. Bu esa tuproqlarni yaxshi namlantiradi va ularni yuvilib ketishidan saqlaydi. Janubiy subtropiklar zonasi o’simlik turlariga juda boy. Bu yerda Shimoliy Afrika, Yevrosiyo va Avstraliyaga xos bo’lgan o’simliklar uchraydi. Daraxt turlaridan Kap zaytuni, kumush daraxti, kapiris (sarvi), Afrika yong’og’i, Kap kashtani, sariq daraxt, kedr deb ataladigan ulkan qora archalar
o’sadi. Hayvonlardan Kap arsloni, qoplon, kanna antilopasi, qora ilon, buyvallar deyarli qirib yuborilgan. Qo’riqxonalarda ko’p miqdorda fillar saqlanib qolgan (Ilova, 3-rasm).