Sahroi Kabir. Atlantika okeanidan Qizil dengizgacha hamda Atlas tog’lari etagi va O’rta dengiz sohilidan savannalar zonasining shimoliy chegaralarigacha cho’zilib yotgan bepoyon tropik cho’llar Sahroi Kabir (Katta Sahro) deb ataladi. U g’arbdan sharqqa tomon 2000 km masofaga cho’zilgan. Bu Yer sharidagi eng katta tropik cho’l bo’lib, uning maydonn 7 mln. km2 ga teng. Sahroi Kabirning geografik chegaralari g’arbda, shimolda va sharqda aniq ifodalangan. Faqatgina uning janubiy chegarasi ko’zga yaqqol tashlanmaydi. Bunga sabab tabiiy geografik sharoit janubga tomon asta-sekinlik bilan o’zgaradi. Natijada cho’l va chala cho’l landshaftlari savanna landshaftlari bilan almashinishda keng o’tkinchi polosa hosil qiladi. Sahroi Kabir tabiiy geografik o’lkasi butunlay Afrika platformasi ustida tarkib topgan. Shuning uchun uning asosini qadimgi kristall va vulkanik jinslar tashkil etadi. Bu qadimiy jinslar gorizontal joylashgan qalin cho’kindi yotqiziqlar bilan qoplangan. Ayrim joylarda burmalangan qadimgi kristall poydevor va vulkanik jinslar yer yuzasiga chiqib yassi platolar, baland tog’liklar va gumbazsimon tepaliklar hosil qilgan. Cho’kindi jinslar bilan qoplangan yuzalar uchun yassi platolar, qoldiqli tog’lar va kuest rel’ef shakllari xarakterli.
Sahroi Kabirning markaziy qismi g’arbiy va sharqiy qismlariga nisbatan ancha baland ko’tarilgan. Bu yerda Axaggar, Tibesti, Iforas tog’liklari joylashgan. Tibesti tog’ligining Emi-Kusi cho’qqisi okean sathidan 3415 m yuqori ko’tarilgan. Emi- Kusi cho’qqisi kelib chiqishiga ko’ra vulkanik tog’ bo’lib, kraterining diametri 12 km ni tashkil etadi. Tibesti tog’ligining ikkiichi baland cho’qqisi Tusida (3265 m) dir. Axaggar tog’ligining maksimal nuqtasi okean sathidan 2918 m (Taxat cho’qqisi) baland. Tog’liklar atrofini xalqasimon shaklda joylashgan Tanezruft, Tassilin- Axaggar, Jado, Tademait va boshqa kuestli platolar o’rab olgan. Tibesti tog’ligidan janubi-sharqiy tomonda tekis cho’l landshaftlari o’rtasida balandligi 1450 m keladigan Ennedi platosi alohida ko’tarilib turadi.
Markaziy Sahroi Kabir bilan Nil daryosi oralig’ida Liviya cho’li joylashgan va maydoni 2 mln. km2 ga teng. Cho’lning shimoliy katta qismini yirik qum massivlari egallagan. Uzoq masofaga cho’zilgan qum dyunalarining balandligi 300 m gacha yetadi. Liviya cho’lining shimoliy qismi qum bilan qoplangan pastekisliklardan iborat. Shimoli-sharqda chuqur tektonik chukmalar ko’p, ular El-Fayyum, Siva, Jarabub va yer yuzasi dengiz sathidan -133 m past bo’lgan Kattara botiqlaridir.
Janubiy qismi balandligi 400-500 m atrofida bo’lgan platodan iborat. Liviya cho’lida Baxariya, Dahlxda, Sivo, Fayyum Xarga va boshqa vohalar mavjud. Sahroi Kabirning eng sharqiy qismida Nil daryosi bilan Qizil dengiz oralig’ida Afrika platformasi antekliza shaklida bir oz ko’tarilgan va ustki qismi ayrim joylarda mezozoyning qumtosh jinslari bilan qoplangan. Qizil dengiz sohili bo’ylab Etbay tog’ tizmasi cho’zilgan. Platformaning 2000 m balandlikkacha ko’tarilgan qismi quruq o’zanlar va daralar bilan kesilgan yassi platolarni hosil qiladi. Janubiy plato Nubiya cho’li deb atalib, uning maksimal baland joyi Asoteriba cho’qqisi 2216 m ga teng. Shimoliy plato Arabiston cho’lining maksimal balandligi Shaib-el-Banat tog’ida 2187 m ni tashkil etadi.
Sahroi Kabirning 80% maydoni balandligi 200-500 m atrofidagi tekisliklardan iborat. Ular bo’r va paleogen davrlarining ohaktoshlari, qumtoshlari va gil yotqiziqlari bilan qoplangan. Ohaktoshlar va qumtoshlardan tarkib topgan cho’llarda nurash natijasida vujudga kelgan toshloq yerlar keng tarqalgan, ular hammada deb ataladi. Sahroi Kabirda qumli cho’llar keng maydonlarni egallagan. Qum massivlaridan tashkil topgan katta-katta maydonlar Sahroi Kabirning g’arbiy qismida Ergdeb ataladi. Katta G’arbiy Erg, Katta Sharqiy Erg, Erg-Shesh, Erg-Igidi shular jumlasidandir. Sahroi Kabir cho’llari uchun mayda shag’al toshlardan tarkib topgan va ayrim joylarda yupqa qum qatlami bilan qoplangan tekis hududlar ham xarakterli va ular pegyoki serir deb ataladi.
Sahroi Kabirning iqlimi keskin kontinental, yil bo’yi quruq tropik havo massasi hukmronlik qiladi. Shuning uchun o’lkaning deyarli hamma hududida yog’in miqdori 50 mm dan oshmaydi. Nubiya cho’lida yillik yog’in miqdori 25 mm ga ham yetmaydi. Ichki hududlarda ayrim paytlarda doimiy bir necha yillar yog’in umuman bo’lmaydi. Yog’inning bir oz ko’payishi baland tog’liklarning yonbag’irlarida kuzatiladi. Ammo bu yerlarda ham yillik yog’in miqdori 100 mm dan oshmaydi. Sahroi Kabirda yog’in kam bo’lishi bilan birga mumkin bo’lgan bug’lanish nihoyatda kuchlidir. O’lkaning jazirama issiq iqlim sharoitida bir yilda 6000 mm suv qatlami bug’lanish imkoniga ega. Yog’in cho’lning shimolida qishda, janubida yozda bo’ladi. O’lka hududida havo haroratining sutkalik va yillik farqi katta. Yoz oylari nihoyat darajada issiq bo’lib, harorat +30°+50°S gacha ko’tariladi. Yer sharidaga eng yuqori harorat (+58°S) Sahroi Kabirda kuzatilgan. Tuproq yuzasi
+60°+80°S gacha qiziydi, kechalari harorat +30°S dan pastga tushmaydi. Qum bo’ronlari (samum) tez-tez takrorlanib turadi. Uning tezligi 50 m/sek. gacha boradi. Qish oylarida antisiklon to’liq o’rnashib olganligi sababli havo salqin va barqaror bo’ladi. Kunduz kunlari harorat +20°+25°S atrofida bo’lib, kechalari havo sovub 0°S gacha pasayadi. Sahroi Kabirning deyarli hamma joyida nisbiy namlik nihoyatda kam, ayrim hududlarda 25% ga ham yetmaydi. G’arbiy Atlantika qirg’oqlariga yaqin joylashgan qismida nisbiy namlik 75-80% ni tashkil etadi. Bunga sabab Kanar sovuq oqimidan keladigan havoning ta’siridir. Sahroi Kabirda oqar suvlar juda kam. Cho’lni faqatgina bitta yirik daryo - Nil kesib o’tgan. Cho’lning katta qismida aholini suv bilan ta’minlaydigan asosiy manba yer osti suvidir. Poyonsiz cho’llarda vohalarning bunyod etilishi ham yer osti suvlaridan unumli foydalanishning natijasidir. Yashil vohalar asosan buloq va quduqlar atrofida
vujudga kelgan. O’lkaning chekka qismlarida va ayrim tog’li hududlarida ko’llar kam uchraydi.
Sahroi Kabirning tuproq qoplami tropik cho’l va chala cho’lga xos bo’lgan oddiy tuproqlardir. Qumli va toshloq cho’llarda tuproqlar deyarli rivojlanmagan, o’simliklar umuman o’smaydi. Boshqa joylarda o’simliklar juda siyrak, o’lka hududida o’simliklarning 1200 turi mavjud. Ular qurg’oqchilikka chidamli qattiq boshoqli o’tlardan, butazorlardan va yog’indan keyin o’sib chiqadigan efemerlardan tashkil topgan. Cho’lning shimoliy qismida O’rta dengiz atrofiga xos oleandr, zaytun, yovvoyi pista, yuyuba kabi o’simliklar, janubda akasiya, yulg’un, chakanda o’simliklari o’sadi. Hayvonot olami tuproq va o’simlik qoplamiga nisbatan ancha xilma-xil. Bu yerda hayvonlarning 400 turi yashaydi, shulardan 60 tasi sut emizuvchilar. Antilopalar, muflonlar, g’izollar shular jumlasidandir. Yirtqichlardan tulki, chiyabo’ri, gepard, sirtlonlar, kemiruvchilardan qo’shoyoq, qumsichqon, cho’l quyoni yashaydi. Cho’l hayvonlarining ko’pchiligi tungi hayot kechiradi.
Sudan. Sudan tabiiy geografik o’lkasi Shimoliy Afrika tropik cho’llari va fasliy nam subekvatorial o’rmonlari oralig’ida joylashgan. O’lka hududi shimoldan janubga tomon 1000 km masofaga va g’arbdan sharqqa 5500 km masofaga cho’zilgan, maydoni 5 mln. km2 ga teng. O’lkaning rel’efi oddiy tuzilgan bo’lib, qo’shni o’lkalar rel’efidan keskin farq qilmaydi. Yer yuzasi tuzilishining asosiy xususiyati shundan iboratki, qadimiy sinklizalarda shakllangan keng yassi botiqlar bir-biridan kristall jinslardan tarkib topgan tog’ massivlari orqali ajralib turadi. Botiqlar bo’r, paleogen, neogen va to’rtlamchi davrlarga mansub bo’lgan katta qalinlikdagi cho’kindi yotqiziqlar bilan qoplangan. G’arbdan sharqqa tomon ketma- ket joylashgan Niger, Chad, Oq Nil botiqlarining yer yuzasi okean sathidan 200-400 m gacha ko’tarilgan. Ular balandligi 1500-2000 m ga yetadigan tog’lar va platolar bilan bir-biridan ajralib turadi. Sudanning g’arbiy chekkasida, Atlantika okeaniga yaqin joyda allyuvial yotqiziqlardan tashkil topgan Senegembiya pastekisligi joylashgan. Bu pastekislik Senegal va Gambiya daryo havzalarining katta qismini egallagan va janubi-sharqda Shimoliy Gvineya balandligi bilan chegaralangan. Balandlikdan shimol tomonda G’arbiy Sudan platosi joylashgan. Plato hududida platformaning kristall jinsli poydevori qalin qatlamli qumtoshlar tagida ko’milib qolgan. Daryo vodiylari platoni bir necha tepaliklarga bo’lib yuborgan.
G’arbiy Sudan platosidan sharq tomonda Niger daryosi kesib o’tgan Niger botig’i joylashgan. Toshqin paytida botiqning katta qismini suv bosadi. Ayrim joylarda esa bir necha tepaliklar keng akvatoriyadan orollar shaklida ko’tarilib turadi. Niger botig’ining shimoliy qismida qumoq jinslar ko’p, siyrak o’simliklar bilan qoplangan dyunalar uchraydi. Niger botig’ining sharqiy qismida maksimal balandligi 1735 m bo’lgan, kristall jinslardan tarkib topgan Bauchi (Jos) platosi qad ko’targan. Sharq tomonda Bauchi platosi tik yonbag’ir hosil qilib, Chad ko’li botig’i bilan tutashadi. Botiqning eng past qismi Bodele cho’kmasi bo’lib, uning yuzasi okean sathidan atigi 200 m baland joylashgan. Plyuvial iqlim davrida bu cho’kma o’rnida yirik ko’l bo’lgan. Chad ko’li botig’i sharqda Darfur platosi (Marra, 3088 m) va janubda Adamava tog’lari bilan o’ralgan. O’lkaning sharqiy qismida Oq Nil botig’i joylashgan, sharqda Efiopiya tog’ligi bilan va janubda Sharqiy Afrika yassi
tog’ligi bilan chegaralangan. Chad va Oq Nil botiqlarini bir-biridan balandligi 500- 700 m keladigan kristall jinsli plato ajratib turadi. Sudanning iqlimi subekvatorial, musson xarakterga ega. Qishda shimoli-sharqiy passat shamollari (xarmattan) esadi. Kontinental tropik havo hukmronlik qiladi. Eng salqin oyning o’rtacha harorati
+20°+26°S ni tashkil etadi. Yozda janubi-g’arbiy musson shamollari: hukmronlik qiladi. Nam ekvatorial havo massasi o’zi bilan katta miqdorda namlik olib keladi. Harorat +30°+35°S atrofida, maksimal harorat +40°S dan oshadi. Yog’in miqdori shimolda 300 mm dan janubda 1500-2000 mm gacha ko’payadi. Sudanning janubiy qismida yog’in miqdori g’arbda 2000 mm dan, sharqda 1000 mm gacha kamayadi.
O’lka hududlaridan yirik daryolar oqib o’tib, Atlantika okeani havzasiga quyiladi. G’arbiy Sudanning asosiy suv tarmoqlarini Niger, Senegal va Gambiya daryolari tashkil etadi. Sharqiy Sudanning eng yirik daryosi Oq Nil va uning sekin oquvchi irmoqlari hisoblanadi. Daryo vodiylari bo’ylab kuchli botqoqlangan yerlar uzoq masofaga cho’zilgan. Markaziy Sudan Sharqiy va G’arbiy Sudandan farq qilib, ichki berk havza hisoblanadi. O’lkadagi platolar va tog’lardan boshlanuvchi Shari, Komadugu-Yobe, Ngadda, Mbuli daryolari Chad ko’liga quyiladi. Chad ko’lining qirg’oqlari past, yassi tekis, botqoqlangan. Yomg’ir faslida ko’lning akvatoriyasi kengayadi va maydoni ikki hissaga ortadi.
O’lkada janubga borgan sari o’t o’simliklari qalinlashib, boabablar, soyabonsimon akasiyalar, dum palmalari va boshqa daraxtlarning soni orta boradi. Sudanning janubiy qismida qizil tuproqlarni qoplab olgan baland bo’yli boshoqli o’tlar, o’rmonli savannalar keng tarqalgan. Doimiy yashil va bargini to’kuvchi o’rmonlar daryo vodiylarida ko’pchilikni tashkil etadi. Vodiy o’rmonlarida palmalar, kola, karite va seyba daraxtlari o’sadi. Chad ko’li qirg’oqlaridagi va Oq Nil botig’idagi botqoqliklarda qamishzorlar, qiyoqzorlar va papiruszorlar katta-katta maydonlarni egallab olgan. Botqoqlangan yerlarda hayvonot dunyo yaxshi saqlangan. Chad ko’li atrofida fillar, karkidonlar, arslonlar va boshqa hayvon turlari yashaydi.