Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə31/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Kongo botig’i. Kongo botig’i tabiiy geografik o’lkasi Markaziy Afrikada ekvatorning har ikkala tomonida joylashgan va Atlantika okeani qirg’oqlaridan boshlanib, Sharqiy Afrika yassi tog’ligigacha cho’zilib boradi. Uning shimoliy chegarasi tahminan 5° sh.k. dan va janubiy chegarasi 10° j.k. dan o’tadi. Bu tabiiy
geografik o’lka Kongo havzasining o’rta oqimidagi yassi botiqni va uni o’rab turgan platosimon balandliklarni o’z ichiga oladi. Kongo botig’i juda katta qalinlikdagi qadimgi ko’l yotqiziqlari va hozirgi davr allyuvial yotqiziqlari bilan to’lgan. Uning rel’ef tuzilishi botiq yuzasidan atrofga tomon zinapoyasimon shaklda ko’tarilib boradi. Botiqning yer yuzasi yassi tekis rel’ef shakliga ega bo’lib, o’rtacha balandligi 500 m dan oshmaydi. Uni atrofdan o’rab turgan yassi tog’liklar va platolarning eng baland joyi 2000 m gacha boradi.
Botiqni shimol tomondan o’rab turgan baland platolar Kongo havzasini Nil, Niger va Chad ko’li havzalaridan ajratib turadi. Botiqning janubiy qismida joylashgan Luanda yassi tog’ligi kenglik bo’ylab cho’zilib, Kongo va Zambezi daryo havzalari o’rtasida suvayirg’ich vazifasini bajaradi. Sharqda Kongo botig’i Sharqiy Afrika yassi tog’ligining tik ko’tarilgan yonbag’ri bilan chegaralangan. G’arbda qirg’oq bo’ylab cho’zilgan balandliklar botiqni Atlantika sohilbo’yi pastekisliklaridan ajratib turadi. Kongo daryosi bu balandliklarni kesib o’tib, o’nlab sharsharalarni hosil qilgan. Kongoning quyi oqimidagi barcha sharsharalar Livingston nomi bilan ataladi. Kongo botig’ini o’rab turgan balandliklar, platolar va yassi tog’liklarning zinapoyasimon ko’tarilgan yon bag’irlari daryo vodiylari va chuqur daralar bilan kuchli parchalangan. Baland plato va yassi tog’liklarning yuzasi tekislangan, ayrim joylarida cho’qqilar va vulkan konuslari ko’tarilib turadi. Kongo botig’i qimmatbaho foydali qazilmalarga juda boy. Botiqning atrofidagi kristall jinslardan tashkil topgan balandliklar va yassi platolarda mis rudasi qazib olinadi. Bu yerlarda mis rudasi bilan birgalikda qalay ham uchraydi. Kongo havzasining janubiy qismida dunyodagi eng yirik uran konlari joylashgan. Qadimiy kristall massivlarining tarkibida oltin va olmos keng tarqalgan. Qazib olinadigan olmosning asosiy qismi botiqning janubiy hududlariga to’g’ri keladi. Atlantika okeani qirg’oqlarida neft va toshko’mir konlari topilgan.
Kongo botig’i yil bo’yi bir me’yordagi yuqori haroratli va yog’in ko’p bo’ladigan tabiiy geografik o’lka hisoblanadi. Kongo havzasining tekislik qismi uchun yog’inning tipik ekvatorial rejimi xarakterlidir. Bu yerda o’rtacha yillik yog’in miqdori 1500 mm dan ortadi. Lekin yog’in botiqning hamma hududida ham yil bo’yi bir tekisda tushmaydi. Jumladan, botiqning shimoliy yarim sharda joylashgan qismiga nisbatan janubiy yarim sharda joylashgan kattaroq qismida yog’inning bir tekisda taqsimlanmaganligi yaqqol ifodalangan. Ayniqsa, uning janubi-sharqiy hududida qish oylarida quruq davr vujudga kelib, yog’in umuman bo’lmaydi. Dehqonchilik uchun botiqning yil bo’yi yomg’ir yog’adigan sernam markaziy qismiga nisbatan qurg’oqchil davr bo’ladigan janubi-sharqiy hududlari juda qulay. Xuddi shunday ekvatordan janubdagi Atlantika okeani sohilida ham Bengela sovuq oqimi tufayli yog’in miqdori ancha kamayadi. Kongo botig’ining janubi-sharqiy hududlariga o’xshash, bu yerda ham dehqonchiliq sun’iy sug’orish yo’li bilan amalga oshiriladi.
Kongo botig’idagi barcha daryolar va irmoqlar yig’indisi Kongo daryo tizimini tashkil etadi va Atlantika okeaniga quyiladi. Bu daryo juda murakkab tarmoqli tizim bo’lib, uning katta qismi janubiy yarim sharda joylashgan. Kongo daryosining irmoqlari botiq atrofidagi plato va baland yassi tog’liklarning yon bag’irlarini kesib
o’tgan joylarda o’nlab ostonalar va sharsharalar, chuqur va tor vodiylar, daralar hosil qilib oqadi. Botiqning yassi tekislik qismida esa daryolar keng vodiylar hosil qilib, ularning o’zani tekislik yuzasini chuqur yemirmagan, qirg’oqlari past va juda sekin oqadi. Ayrim joylarda daryo o’zanining kengligi 20 km gacha yetadi. Maksimum yog’in davrida daryolarning suvi o’zanlaridan va qirg’oqlaridan toshib chiqib, katta masofadagi maydonlarni bosib ketadi. Bir-biriga yaqin joylashgan irmoqlar toshqin paytida o’zaro tutashib, daryolar oralig’idagi keng maydonlar suv ostida qoladi. Kongo botig’ining markaziy qismida eng qadimgi qoldiqli ko’llardan Tumba va Mai-Ndombe ko’llari mavjud. Daryo toshqini paytida ularning ham suv sathi ko’tarilib, yirik ichki suv havzalariga aylanadi.
Kongo botig’i yog’inning ko’pligi va rel’efning tekisligi tufayli botqoq va tropik o’rmon landshaft komplekslarining keng tarqalganligi bilan Afrikaning boshqa tabiiy geografik o’lkalaridan keskin farq qiladi. Suv bosmaydigan katta maydondagi qadimgi allyuvial va lateritli tuproqlarda nam ekvatorial o’rmonlar yaxshi rivojlangan. Bu o’rmonlar ekvatordan shimol tomonda, Sharqiy Afrika tog’ligi etaklarida va Atlantika okeani sohilida keng polosa bo’lib joylashgan. Janubda va janubi-sharqda esa qurg’oqchil fasl kuzatiladigan joylarda savannalar uchraydi. O’lkaning janubidagi va baland platolaridagi savannalar qizil-qo’ng’ir tuproqlar ustida shakllangan. Ular ko’pincha kesib va yondirib yuborilgan o’rmonlar o’rnida vujudga kelgan. Binobarin, bu tipdagi savannalar kelib chiqishiga ko’ra ikkilamchi xarakterga ega bo’lib, antropogen savannalarni tashkil etadi. O’rmonlardan tipik savannalarga o’tish polosasida savannalar o’rtasida bog’ tipidagi daraxtzorlar u yer-bu yerda takrorlanib, Yevropaning o’rmon-dasht zonasiga o’xshash o’rmon-savanna o’tkinchi zonasi hosil bo’lgan.
Kongo havzasidagi nam ekvatorial o’rmonlarda yog’ beradigan palmalar, seyba va muskat daraxtlari, qizil daraxt, kauchuk olinadigan daraxtlar o’sadi. Bu o’rmonlarda pigmeylar yashaydi. Ular ovchiliq, ozuqa uchun o’simliklar va mevalarni, yovvoyi asalni yig’ish bilan shug’ullanadilar. Pigmeylar yarim ko’chmanchi hayot kechiradilar. Hayvonlarni oddiy usul - nayza va yoy bilan ovlaydilar. Suv bosadigan botqoqliklarda, ko’l atroflarida va Kongo daryo tizimining vodiylaridagi botqoqlangan yerlarda baland bo’yli qalin botqoq o’simliklari o’sadi. Ular orasida papiruslar ko’pchilikni tashkil etadi. Nam ekvatorial o’rmonlar hayvonot olamiga juda boy. Maymunlarning gorilla, shimpanze, gveresa va boshqa turlari yashaydi. Eng yirik hayvonlardan fillar uchraydi. Qo’rqoq okaplar qalin changalzorlarni o’ziga boshpana qilgan. O’rmonlarda daraxt damanlari va yovvoyi cho’chqalar, daryo va ko’l bo’ylarida begemotlar, timsohlar yashaydi. Kongo botig’ida bulardan tashqari qushlar, sudralib yuruvchilar va hasharotlar faunasi keng tarqalgan. Afrikaning nam ekvatorial o’rmonlari uchun sese pashshasi xarakterli. U eng sernam joylarda, daryo va ko’llar atrofida yashab, juda tez ko’payadi.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin