Gviana yassi tog‘ligi platformaning shimoliy qismidagi ko‘tarilma bo‘lib, u uncha katta bo‘lmagan Essekibo va yuqori Orinoko sinklizalari bilan uchta massivga bo‘lingan. Sharqiy massivda mezozoyda to‘plangan cho‘kindi jinslar to‘liq yuvilib ketgan. Uning markaziy qismidagi bo‘ylama yoriqlarda vertikal ko‘tarilishlar va parchalanishlar yuz berib, baland massivlar va tektonik erozion cho‘kmalar hosil bo‘lgan. Sharqiy massivning eng baland joyi uning shimoliy qismida joylashgan Vilgelmintog‘idir. U okean sathidan 1281 m baland ko‘tarilgan. Kristalli qalqonning shimoliy qanoti Gviana pastekisligining uchlamchi va to‘rtlamchi davr yotqiziqlari tagida qolib ketgan. Janubiy qanoti Amazoniya sinklizasi bilan tutashgan.
Markaziy massivda to‘g‘ri chiziqli tektonik yoriqlar va vertikal harakatlar qalqonning shimoliy qanotining keskin tik ko‘tarilishiga va janubiy qanotining nishab bo‘lishiga ta’sir etgan. Ko‘tarilgan joylarida bo‘r davrining qizil rangli qumtoshlari, konglomeratlari yaxshi saqlangan. Bu qatlamni intruziv jinslar yorib o‘tgan. Markaziy massiv Serra-Pakaraima kabi tik yonbag‘irli tizmalardan, alohida- alohida qoldiqli tog‘ massivlaridan, jumladan Gviana yassi tog‘ligining baland nuqtalari bo‘lgan La-Neblina (3014m), Rorayma (2810m) tog‘laridan, peneplenlashgan kristalli platolardan tarkib topgan.
G‘arbiy massiv plita shaklida bo‘lib, uning kembriygacha bo‘lgan zamini uchlamchi davrning kontinental yotqiziqlari bilan qoplangan. Balandligi 910 m gacha ko‘tarilgan Pardaos massivida bo‘r davrining qumtoshlari orollar shaklida ko‘tarilib turadi. Zinapoyasimon shaklga ega bo‘lgan g‘arbiy plato asta-sekin Orinoko va Amazonka sinklizalari tomon pasayib boradi.
Braziliyayassitog‘ligi. Janubiy Amerika platformasining eng yirik ko‘tarilmalaridan biri bo‘lgan Braziliya yassi tog‘ligi geostruktura jihatdan bir qator antekliza va sinklizalardan tarkib topgan. Bu morfostruktura oblastining relyefining shakllanishida uzoq davom etgan yemirilish, peneplenizasiya, yotqiziq jinslarni yuvib ketish, yangi ko‘tarilishlar kabi jarayonlar asosiy rol o‘ynagan. Bundan tashqari Braziliya yassi tog‘ligining relyefining shakllanishida tektonik yoriqlar, ichki cho‘kmalarni dengiz, vulkanik va parchalangan materiallar bilan to‘lish jarayoni ham ishtirok etgan. Parchalangan jinslarning yuvilib ketishi ko‘pincha yassi tog‘likning ancha ko‘tarilgan va nam bo‘lgan shimoliy hamda sharqiy rayonlari uchun, materiallarning to‘planishi esa markaziy cho‘kma hududlari uchun xarakterli.
Braziliya yassi tog‘ligining Atlantika okeani tomon qaragan sharqiy va janubi-sharqiy qismida baland ko‘tarilgan uzilmalar sohil bo‘ylab cho‘zilgan bo‘lib, ular kuchli parchalangan. Bu uzilmalar balandligi 2000-2800 m keladigan bir necha tog‘ tizmalarini hosil qiladi. Bular SerraJeral,Serra-du-Mar,Serra-da-Mantikeyra,Serra-du-Espinyasu tizmalari va Borborema platosidir. Tizmalarning o‘ziga xos cho‘qqilari bo‘lib, shundan Bandeyraokean sathidan 2890 m, Itambe2033 m, Igreja1808 m baland ko‘tarilgan. Bandeyra Braziliya yassi tog‘ligining eng baland nuqtasi hisoblanadi.
Braziliya yassi tog‘ligining markaziy, g‘arbiy va shimoliy qismlari uning sharqiy va janubi-sharqiy qismiga nisbatan ancha past. Bu yerda o‘rtacha balandligi 500-800 m dan oshmaydigan Serra-Dorada,Serra-du-Ronnador,Serra-dus-Paresis, Serra-Formoza, Serra-du-Kashimbu kabi tog‘lar va kristall zaminli Matu-Grosuplatosi joylashgan. Janubiy Amerika platformasining sinkliza morfostruktura oblastlari Orinoko, Amazonka va Markaziy pastteksiliklardan iborat.