Foydaliqazilmalari. Afrika kontinenti turli xil qimmatli tabiiy boyliklarni o’z zaminida asrab yotgan ulkan xazinadir. Bu yerdagi qazilma boyliklarning ko’pchiligi dunyodagi eng yirik konlardan hisoblanadi. Ularning geografik tarqalishi va hosil bo’lishi materikning geologik tuzilishiga hamda uning rivojlanish tarixiga bog’liq. Afrikada magmatik jinslarning keng tarqalishi rudali foydali qazilmalarning ko’p bo’lishiga sabab bo’lgan. Ular yer po’stining tektonik yoriqlari va uzilmalari orqali oqib chiqqan magmatik jinslarda hosil bo’lgan. Sharqiy va Janubiy Afrikadagi foydali qazilmalarning aksariyati ochiq usul bilan qazib olinadi, chunki bu yerdagi rudali qadimgi kristall jinslar yer yuzasiga yaqin yotadi. Afrikaning asosiy qazilma boyliklari kembriydan oldin va kembriy davrida hosil bo’lgan. Jumladan olmos, oltin, uran, xromit, mis, temir rudasi, boksit, qalayi, polimetall konlari kembriydan oldingi magmatik jinslar tarkibida uchraydi. Afrika olmos qazib chiqarishda dunyoda birinchi o’rinda turadi. Dunyoda qazib chiqariladigan olmosning 98% ga yaqini Afrika hududidan olinadi. Olmosdan qimmatbaho toshlar tayyorlanibgina qolmasdan, undan sanoatda ham keng foydalaniladi.
Afrikada magmatik yo’l bilan paydo bo’lgan foydali qazilmalardan tashqari cho’kindi yo’l bilan hosil bo’lgan tabiiy boyliklar ham ko’pchilikni tashkil etadi. Materikning pastqam, cho’kindi jinslar to’plangan joylarida toshko’mir, neft, tabiiy gaz, marganes rudalari, tuzlar, fosforitlar keng tarqalgan. Materikning shimoliy qismida Atlantika okeani sohilidan Qizil dengiz sohiligacha cho’zilgan keng maydonda katta zahiraga ega bo’lgan fosforit konlari ko’p tarqalgan. Sahroi Kabirning Jazoirga qarashli qismida va Liviyada neft va gaz konlari, Marokashda marganes rudalari, Jazoir va Tunisda temir, qo’rg’oshin va rux konlari mavjud. Rodeziyada oltin, Gvineyada boksit konlari, Ganada marganes rudasi, boksit va oltin konlari, Nigeriyada kumush va kolumbit konlari hamda Marokashda kobalt va polimetall konlari bor.
Markaziy Afrikaning mis mintaqasi kembriy davrida hosil bo’lgan magmatik jinslar orasida ko’p uchraydi. Bu mintaqada keng tarqalgan mis konlaridan tashqari uran rudasi, kobalt, rux konlari, Janubi-G’arbiy Afrikada berilliy, vanadiy va litiy konlari uchraydi. Janubiy Afrika materikning boshqa hududlariga nisbatan foydali qazilmalarga ancha boy. Bu yerda olmos, uran, kumush, xromit, marganes, temir, titan-magnetit, korund, flyuorit, surma, toshko’mir, asbest va boshqa konlar keng tarqalgan. Shimoliy Afrikada va Gvineya qo’ltig’i sohillarida katta neft konlari mavjud. Atlas tog’larida, Atlantika okeani sohillarida cho’kindi jinslardan hosil bo’lgan temir rudalari bor. Liviyada kaliy tuzi qazib olinadi. Atlas burmali tog’larining sinklinal zonalarida neft va fosforit konlari mavjud.