Nazorat savollari:
Tabiiy geografik rayonning asosiy xususiyatlari nimada?
TGRda gidrografiya qanday rivojlangan?
O’lkalarga qiyosiy tavsif bering, asosiy xususiyatlarini ajrating?
TGRning o’lkalarga ajratishning geografik tomonlarini aniqlang?
G‘ARB TABIIY GEOGRAFIK RAYONI
Tayanch so’z va iboralar: Kordil’era, Alyaska Kordil’erasi, Kanada Kordil’erasi, AQSh Kordil’erasi, Serra-Nevada, Qoyali tog‘lar, Meksika Kordil’erasi.
Kordil’era Shimoliy Amerikaning g‘arbiy qismidagi murakkab geotektonik va orografik strukturaga ega bo‘lgan yirik tog‘ tizimi. U shimolda Bruks tizmasidan boshlanib, janubda Balsas daryosi vodiysi tektonik botig’igacha davom etib, shu oraliqdagi masofa 7000 km ni tashkil etadi. Kengligi turli xil hududlarda turlicha kenglikka ega: Alyaskada 1200 km, Kanadada 800 km, AQSh da 1600 km va Meksikada 1000 km. Kordil’era bir-biriga parallel ravishda joylashgan tog‘ tizmalaridan va ularning ichki qismidan o‘rin olgan platolardan, yassi tog‘liklardan va botiqlardan iborat.
Kordil’eraning meridional ravishda yo‘nalgan g‘arbiy baland tog‘ tizmalari Tinch okeanidan keladigan nam havo massalarini to‘sib qolib, ichki plato va yassi tog‘liklar tomon o‘tkazmaydi. Tinch okeanning materikka bo‘lgan ta’siri faqat qirg‘oq bo‘yi polosasi va tog‘larning g‘arbiy yonbag‘ri bilan chegaralanadi. Qirg‘oq tizmalaridan sharqda iqlim kontinentallashib boradi. Orografik sharoitga bog‘liq bo‘lgan bunday iqlim xususiyatlari butun Kordil’era bo‘ylab yaqqol seziladi.
Bundan tashqari shimoldan janubga tomon iqlim mintaqalarining birin-ketin almashinishi tog‘ tizmalarini iqlim sharoitini o‘zgarishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Binobarin, Kordil’era tog‘ tizimida iqlimning vertikal va gorizontal yo‘nalishlardagi o‘zgarishi rang-barang tog‘ landshaftlarini va ularning ichki zonal farqlarini vujudga keltiradi. Kordil’era tog‘li o‘lkasi kenglik zonallik xususiyatlariga ko‘ra to‘rtta tog‘ landshaft o’lkasiga bo‘linadi: Alyaska Kordil’era tog‘lari, Kanada Kordil’era tog‘lari, AQSh Kordil’era tog‘lari va Meksika Kordil’era tog‘lari.
Dostları ilə paylaş: |