Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə124/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   120   121   122   123   124   125   126   127   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Alyaska Kordil’erasi. Alyaska Kordil’era tog‘lari landshaft o’lkaiga Alyaskaning barcha hududidagi (bundan eng janubiy Tinch okean sohili mustasno) va Kanadaning shimoli-g‘arbiy qismidagi tog‘lar – Aleut, Alyaska, Bruks tizmalari, Kuskovim, Berd, De-Longa, Richardson, Makkenzi tog‘lari, Yukon platosi va boshqalar kiradi.
Alyaska Kordil’erasining Tinch okean bo‘yi polosasidagi tog‘ tizmalari nevada burmalanishi davrida vujudga kelgan. Keyinchalik ular yangi tektonik harakatlar natijasida qaytadan yoshargan. Hozirgi relyef shakllarining hosil bo‘lishi yangi vertikal harakatlarning samarasidir. Yangi vertikal harakatlarga vulkanik jarayonlar hamroh bo‘lib, ularning faoliyati hozir ham tugagan emas.
Yoysimon shaklda cho‘zilgan va kuchli parchalangan Aleut orollaridagi tog‘lar Al’p burmalanish zonasiga mansub bo‘lib, ularning hududida 25 ga yaqin so‘nmagan vulkanlar mavjud. Orollardagi vulkanlarning balandligi 3000 m gacha yetadi. Bu zonaning davomi bo‘lgan Aleut tizmasi Alyaska yarim orolining katta qismini egallagan, Kenay yarim oroligacha davom etadi. Aleut tizmasida ham balandligi 3000 m dan oshadigan bir qator so‘ngan va harakatdagi vulkanlar bor. Kenay yarim orolidagi tog‘larning orografik davomi bo‘lgan Chugach tog‘lari Kopper daryosining chuqur daralari bilan kesilib, murakkab relyef shakllarini hosil qilgan. Uning mutloq balandligi 4000 m dan oshadi. Undan janubda Avliyo Ilya tog‘i joylashgan. Bu tog‘ Alyaska Kordil’erasi landshaft o’lkasining janubiy chegarasi bo‘lib, uning Logan cho‘qqisi okean sathidan 6046 m balandlikkacha ko‘tarilgan.
Alyaska Kordil’erasining yirik va eng baland tog‘laridan biri Alyaska tizmasidir. Tizma yoysimon shaklda 1000 km dan ortiq masofaga cho‘zilgan. Uning Mak-Kinli cho‘qqisi okean sathidan 6194 m ko‘tarilgan bo‘lib, Shimoliy Amerikaning eng baland nuqtasi hisoblanadi. Alyaska tizmasi Tinch okean bilan Bering dengizi o‘rtasida suvayirg‘ich vazifasini bajaradi. Uning suvayirg‘ich qismi granitlardan va chekka qismlari cho‘kma jinslardan tarkib topgan. Tizmaning yonbag‘irlari tik, qoyali, yuqori qismlari al’p tipidagi relyef shakllariga ega. Alyaska tizmasi Tinch okeanidan keladigan havo massalarini to‘sib qolib, iqlim ajratuvchi vazifasini ham bajaradi. Uning janubiy nam yonbag‘ri 800 m balandlikkacha igna bargli o‘rmonlari bilan qoplangan, yuqori qismida qor va muzliklar hukmronlik qiladi. Shimoliy kontinental yonbag‘irda tog‘ o‘rmonlarining chegarasi 1000-1100 m gacha ko‘tariladi. Undan yuqorida tog‘ tundra zonasi boshlanadi. Tizmaning janubi-sharqiy qismida balandligi 5000 m ga yetadigan vulkanik tog‘ massivi Vrangel qad ko‘targan. Bu tog‘lar hozirgi davr qor va muzliklari bilan qoplangan.
Tinch okean qirg‘oq tizmalaridan shimol va sharq tomonda Yukon daryosi va uning irmoqlari bilan kesilgan Yukon platosi joylashgan. Platoning kengligi 300 km, balandligi sharqda 1500 m dan, g‘arbda 1000-800 m gacha pasayib boradi va dengiz sohillarida pastekislikka aylanadi. Geologik tuzilishida kembriygacha bo‘lgan kristall jinslar, paleozoyning cho‘kindi va kristall jinslari yetakchi rol o‘ynaydi. Platoning tarkibiy qismlari yirik yassi tog‘li massivlardan va ularni bir-biridan ajratib turgan tektonik botiqlardan iborat. Tektonik botiqlarning yer yuzasi dengiz sathidan 150-200 m baland. Ular to‘rtlamchi davr flyuvioglyasial va allyuvial cho‘kindi qumoq, suglinkali jinslar bilan koplangan. Yassi tog‘liklarning yuzasi to‘lqinsimon va tepaliksimon relyef shakllariga ega. Ayrim joylarda ko‘tarilib turgan Kuskokvim va Kilbuk tog‘lari uchun materik muzligi ta’sirida vujudga kelgan va kuchli parchalangan al’p relyef shakllari xarkaterli.
Plato hududi subarktika iqlim mitaqasida joylashgan, kontinental xarakterga ega. Qishi qahraton sovuq va davomli. Yanvarning o‘rtacha harorati -15°-20°S, o‘rtacha mutloq minimum harorati -50° C. Yoz juda salqin va qisqa, iyulning o‘rtacha harorati +9°+15°S atrofida. Yillik yog‘in miqdori 250-300 mm. Iqlimning sovuqligi tufayli ko‘p yillik muzloq yerlar keng tarqalgan. Botiqlarda daryo qayirlari past, tekis va kuchli botqoqlangan. Tuproq qoplami yassi tog‘liklarda tog‘ muzloq tayga va tog‘ tundra tuproqlaridan iborat. Yukon daryosi va irmoqlarining qayirlarida past bo‘yli tol-terak o‘rmonlari, terrasalarda va vodiyga yaqin yonbag‘irlarda oq yel, amerika tilog‘ochidan tarkib topgan o‘rmonlar o‘sadi. Yassi tog‘liklarning 400 m dan yuqori qismida siyrak o‘rmonlar zonasi, 600-700 m dan balandda butazorli va o‘tloq-tundra zonasi joylashgan. Plotoda boreal o‘rmonlarga xos (qo‘ng‘ir ayiq, los, silovsin) va tundraga xos (qutb tulkisi, lemming, shimol bug‘usi) hayvon turlari yashaydi.
Yukon platosidan shimol tomonda kenglik bo‘ylab cho‘zilgan Bruks tog‘i g‘arbda tepaliklardan boshlanib, sharqda 2800 m balandlikkacha ko‘tariladi. Bruks tog‘i ko‘ndalang daryo vodiylari bilan kesilgan va kuchli parchalangan. Tog‘ning hamma qismida Qutb Uraliga o‘xshash sovuq nurash natijasida parchalangan tosh uyumlari mavjud.
Bruks tog‘idan sharqda meridional ravishda yo‘nalgan Richardson tog‘i bor. Undan janubi-sharqqa tomon cho‘zilgan Makkenzi va Seluin tog‘lari joylashgan. Makkenzi tog‘ining o‘tkir qirralari 2500 m balandlikkacha ko‘tarilib, qoyali yonbag‘irlar hosil qilgan. Seluin tog‘i ham Makkenzi tog‘iga parallel ravishda shimoli-g‘arbdan, janubi-sharqqa tomon cho‘zilgan bo‘lib, uning eng baland nuqtasi 2972 m. Seluin tog‘i Makkenzi va Yukon daryo havzalari o‘rtasda suvayirg‘ich rolini bajaradi. Bu tog‘larda aholi yashash uchun geografik sharoit noqulay bo‘lganligi tufayli tabiiy landshaftlar juda kam o‘zgargan. Makkenzi tog‘idan sharq tomonda, Makkenzi daryosi o‘rta oqimining o‘ng qirg‘og‘ida Franklin tog‘i joylashgan. Alyaska Kordil’erasi foydali qazilmalarga boy. Ayniqsa oltin konlari keng tarqalgan. Ko‘pchilik rayonlarda mis, kumush va boshqa rangli metallar bor. Mezozoy yotqiziqlaridan toshko‘mir qazib olinadi. Paleogen yotqiziqlaridan neft va gaz konlari topilgan.
O’lkaning iqlimi Tinch okean sohillaridan materik ichkiqismiga tomon o‘zgarib boradi. Qirg‘oqqa yaqin joylar va janubi-g‘arbga qaragan tog‘ yonbag‘irlari Tinch okeandan keladigan havo massalari ta’sirida bo‘lganligi sababli nam dengiz iqlimi xarkaterli. Alyaska va Kenay yarim orollarida iyulning o‘rtacha harorati
+10°S atrofida. Tinch okeanga qaragan yonbag‘irlarda yillik yog‘in miqdori 1000 mm dan 3000 mm gacha ko‘payadi. Yog‘inning asosiy qismi kuz va qish oylariga to‘g‘ri keladi. Tumanli kunlar yil davomida kuzatiladi. Qor chizig‘ining o‘rtacha balandligi 500 m ni tashkil etadi. Vrangel tog‘lari butunlay qor va firn muzliklar bilan qoplangan. Uning yonbag‘irlaridan vodiy muzliklari siljib tushib, dunyodagi eng uzun tog‘ muzligini hosil qiladi. Bu uzunligi 90 km ga yetadigan Nabesna muzligidir. Avliyo Ilya tog‘idan siljib tushgan al’p muzliklari kengligi 100 km va maydoni 4000 km 2 keladigan Malyaspina tog‘ oldi muz massivini hosil qiladi.
Alyaska Kordil’erasi ichki qismlarining iqlimi Tinch okean sohillari iqlimiga nisbatan ancha sovuq va kontinental. O’lkaning ichki qismlarining iqlimi Sharqiy Sibirning keskin kontinental iqlimi bilan taqqoslash mumkin. Tog‘ tizmalaridan shimolda yassi tog‘liklarning ichki botiqlarida minimal harorat -40°-50°S gacha pasayadi. Yanvarning o‘rtacha harorati -15°-30°S ni tashkil etadi. Yillik yog‘in miqdori 350 mm dan oshmaydi. Daryolari kam suvli va muzliklardan to‘yinadi. Shimoliy Muz okeani qirg‘oqlariga qarashli joylari tipik arktika iqlim xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Qishi juda qattiq sovuq, qariyb 10 oy davom etadi. Keng tarqalgan ko‘llar va botqokliqlar yilning aksariyat paytlarida muz bilan qoplanib yotadi.
Tinch okean sohillari va tog‘larning quyi yonbag‘irlari igna bargli o‘rmonlar bilan, Bruks tog‘i va Shimoliy Muz okeani sohillari tundra o‘simliklari bilan qoplangan. Makkenzi tog‘ida igna bargli o‘rmonlari 1200-1600 m balandlikkacha ko‘tariladi. Aksariyat tog‘larning 1000-1500 m dan yuqori qismlarini tipik tog‘ tundralari egallagan.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   120   121   122   123   124   125   126   127   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin