Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə128/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   124   125   126   127   128   129   130   131   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Nazorat savollari:


  1. Tabiiy geografik rayonning o’lkalarga ajralish sabablarini ayting?

  2. Kordil’era tog’lari tabiiy sharoitiga tavsif bering?

  3. Tabiiy geografik o’lkalarga qiyosiy tavsif bering?

  4. TGRning o’lkalarga ajratishning geografik tomonlarini aniqlang?



      1. MARKAZIY AMERIKA TABIIY GEOGRAFIK RAYONI




Tayanch so’z va iboralar: Markaziy Amerika, gidrografik to‘r, Panama bo‘yni, Taxumulko, Serra-Madre, laterit tuproq, seysmik harakatlar.

Markaziy Amerika Shimoliy Amerikaning eng janubiy kambar qismidagi maydoni jihatdan Sharq va G‘arb o‘lkalariga nisbatan kichik tabiiy geografik o‘lka hisoblanadi. U shimol tomonda Meksika tog‘ligining janubiy etagidagi Balsas vodiysi tektonik botig‘idan boshlanib, janubda Shimoliy Amerikani Janubiy Amerika bilan tutashtirib turuvchi Daren qo‘ltig‘igacha davom etadi. Markaziy Amerika shimoli-sharq tomonda Atlantika okeanining Meksika qo‘ltig‘i va Karib dengizi bilan o‘ralgan bo‘lsa, janubi-g‘arb tomonda Tinch okean bilan o‘ralgan. Uning uzunligi 2400 km, kengligi Panama bo‘ynida 48 km, Yukatan yarim oroli kengligida 960 km ni tashkil etadi. O‘lkaning xarakterli xususiyatlaridan biri shundan iboratki, uning barcha hududida seysmik harakatlar ancha faol bo‘lib, hozirgi zamon vulkanlari tez-tez harakatga kelib turadi. Buning natijasida vaqti- vaqti bilan kuchli zilzilalar sodir bo‘lib, katta talafotlar keltiradi.


Markaziy Amerikaning Tinch okean sohili kambar pastekislik bo‘lib, dengiz, allyuvial va vulkanik yotqiziqlardan tashkil topgan. Qirg‘oq chizig‘i shimolda tekis va kam, janubida esa aksincha qo‘ltiqlar bilan kuchli parchalangan, yarim orollar va orollar hosil bo‘lgan. Kuchli parchalangan janubiy sohilda Teuantepek, Papagayo, Nikoya, Koronado, Osa, Chiriki, Asuero va Panama qo‘ltiqlari joylashgan. Meksika qo‘ltig‘i va Karib dengizi sohillari tekis, parchalanish kam va qo‘ltiqlar ham sanoqli. Meksika qo‘ltig‘i sohilida Kampechi qo‘ltig‘i va Karib dengizi sohilida Gonduras hamda Maskitos qo‘ltiqlari bor. Qirg‘oq yaqinlarida marjon orollari va morjon riflari keng tarqalgan.
Markaziy Amerikaning tog‘lari asosan uning g‘arbiy qismida joylashgan. Ular Janubiy Serra-Madre va Serra-Madre tog‘lari deb ataladi. Sharqiy qismida,
Meksika qo‘ltig‘i va Karib dengizi sohillarida pastekisliklar keng polosa hosil qilib cho‘zilgan. Tinch okean sohilidagi kambar pastekisliklar ustidan kristall, burmalangan cho‘kindi va vulkanik jinslardan tuzilgan tog‘lar va tog‘ massivlari okean sathidan 2000-3000 m baland ko‘tarilgan. Ayniqsa Tinch okean yonbag‘ri bo‘ylab joylashgan so‘ngan va harakatdagi vulkanlarning balandligi 4000 m dan ham ortadi. Markaziy Amerikaning eng baland nuqtasi Gvatemala tog‘laridagi Taxumulko so‘ngan vulkanidir (4220 m). Balandligi jihatidan undan keyingi o‘rinda Takana vulkani (4046 m), Mamatombo (1280 m) turadi. Kosta-Rikadagi Irasu vulkanining balandligi 3452 m ga, Panamadagi Chiriki vulkanining balandligi 3374 m ga yetadi. Harakatdagi Fuego, Santa-Mariya va Atitlan vulkanlarining balandligi 3000 m dan oshadi. Janubiy Serra-Madre, Serra-Madre va undan janubi-sharqdagi tog‘lar tektonik cho‘kmalar, botiqlar va chuqur daryo vodiylari bilan kesilib, bir qator tizmalarga, tog‘ massivlariga bo‘lingan. Tektonik cho‘kmalarda, botiqlarda va vodiylarda hosil bo‘lgan baland tekisliklar Markaziy Amerika davlatlarining aholi zich yashaydigan va sanoat markazlari rivojlangan asosiy rayonlari hisoblanadi.
Markaziy Amerikaning sharqiy Meksika qo‘ltig‘i va Karib dengizi qirg‘oqbo‘yi pastekisliklari Tinch okean sohilidagi pastekisliklarga nisbatan kengligi bilan farq qiladi. Ayniqsa, Yukatan yarim orolining deyarli hamma hududi katta masofaga cho‘zilgan keng pastekislikdan iborat. Meksika qo‘ltig‘i va Karib dengizi sohilidagi pastekisliklar gil yotqiziqlari bilan qoplangan. Yukatan yarim orolida esa paleogen va neogen davrlarining ohaktoshlari yer yuzasiga chiqib yotadi va karst tipidagi relyef shakllarining yaxshi rivojlanishiga qulay sharoit yaratadi. Sohillarda botqoqlangan yerlar, lagunalar, qum tillari, dyuna gryadalari keng tarqalgan.
Markaziy Amerikaning hududi kichik bo‘lishiga qaramasdan ikkita iqlim mintaqasida – tropik va subekvatorial mintaqalarda joylashgan. Ular o‘rtasidagi chegara Nikaragua tektonik cho‘kmasidan o‘tadi. Iqlim sharoitining xarakterli xususiyati eng issiq oy bilan eng salqin oyning harorati o‘rtasidagi farqning juda kam bo‘lishidir. Bunday farq atigi 3-5°S ni tashkil etadi. Pastekisliklarda va tog‘ etaklarida eng salqin oyning o‘rtacha harorati shimolida +210+24°S ga, janubida
+26°S ga, eng issiq oyning o‘rtacha harorati +27o+28°S ga teng.
Markaziy Amerikada yog’in bir tekisda taqsimlanmagan. O‘lkaning sharqiy Atlantika okeaniga qaragan qismi shimoli-sharqiy passatlar keltiradigan nisbatan nam bo‘lgan tropik havo massalari ta’sirida bo‘ladi. Bu havo massalari yil davomida harakatda bo‘lib, yoz oylarida juda intensivlashadi. Shuning uchun Markaziy Amerika tog‘larining sharqiy yonbag‘irlari va dengiz sohillaridagi keng pastekisliklar uchun nam tropik iqlim xarakterli bo‘lib, yog’in yil bo‘yi takrorlanib turadi. Yog’inning maksimal qismi yoz fasliga to‘g‘ri keladi. O‘rtacha yillik yog’in miqdori shimolda 1500-2000 mm dan janubda 3000-4000 mm gacha, hatto ayrim yonbag‘irlarda 7000 mm gacha boradi. G‘arbiy Tinch okean yonbag‘irlarida nam iqlim faqat yoz oylariga to‘g‘ri kelib, yog’in shimolda 1000 mm atrofida tushadi. Quruq davr bir yilda 6-7 oy davom etadi. Janubda esa yog’in miqdori 1700 mm gacha ko‘payib, quruq davr 3 oygacha qisqaradi. Ichki botiqlarda va Yukatan yarim orolining shimoli-g‘arbiy qismida yog‘in miqdori 500 mm dan oshmaydi.
Markaziy Amerikaning eng janubiy qismi subekvatorial iqlim mintaqasida joylashgan. Bu yerga namlikni janubdan va janubi-g‘arbdan ekvatorial havo massalari olib keladi. Yog‘in asosan yoz oylarida bo‘ladi.
Markaziy Amerikaning deyarli barcha daryolari qisqa, tez oqar, jo‘shqin, sersuv va gidroenergiya zahirasiga boy. O‘lkaning bosh suvayirg‘ichi Atlantika okeaniga nisbatan Tinch okeanga yaqin joylashgan. Shuning uchun sharqqa qarab oquvchi, Meksika qo‘ltig‘i va Karib dengiziga quyuluvchi daryolar uzunroq hamda yil bo‘yi to‘lib oqadi. Tinch okeanga quyuluvchi daryolar esa juda qisqa, faqat yozda to‘lib oqadi. Yukatan yarim orolida atmosfera yog‘inlari yetarli darajada bo‘lishiga qaramasdan gidrografiya to‘ri rivojlanmagan. Chunki, karst hodisalarining keng tarqalganiga sababli yog‘innning hamma qismi yer ostiga singib ketib, karst gidrografiyasini hosil qiladi. Bu yerda yashaydigan aholi suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun yer ostida to‘plangan karst suvlaridan foydalanadi.
Tog‘ tizmalarini bir-biridan ajratib turuvchi tektonik botiqlarda ko‘plab ko‘llar vujudga kelgan. Ana shunday tektonik ko‘llardan eng yiriklari Nikaragua va Managua hisoblanadi. Nikaragua Markaziy Amerikaning eng katta ko‘li bo‘lib, uning maydoni 8430 km2, uzunligi 167 km va maksimal chuqurligi 70 m. Ko‘lning suv sathi quruq va nam fasllarga qarab o‘zgarib turadi. Tipitapa daryosi Managua ko‘lidan oqib chiqib Nikaragua ko‘liga quyiladi. Nikaraguadan San-Xuan daryosi oqib chiqadi va Karib dengiziga quyiladi. Ko‘lning g‘arbiy qismida Ometepe oroli va shu nomli vulkan joylashgan.
Markaziy Amerikaning tuproqlari va o‘simliklari iqlim mintaqalariga va yer yuzasining orografik tuzilishiga moslashgan holda taqsimlangan. Uning shimoli- sharqiy qismidagi pastekisliklarda va tog‘ yonbag‘irlarining 800 m balandlikkacha bo‘lgan hududlarida podzollashgan laterit tuproqlari keng tarqalgan. Yevropaliklar kelgunga qadar bu yerlar nam tropik o‘rmonlari bilan qoplangan. Keyinchalik o‘rmonlarning kesilib ketishi tufayli ularning maydoni qurib qolgan. Saqlanib qolgan o‘rmonlarda qimmatbaho yog‘och beradigan nim pushti, qora rangli daraxtlar, qizg‘ish maxagoni daraxti, xilma-xil palmalar, dafnalar, bambuklar, paparotniklar (qirqquloqpar) va fikuslar o‘sadi. O‘rmonlarda liana va epifitlar yaxshi rivojlangan. O‘zlashtirilgan pastekisliklarda va yonbag‘irlarning quyi qismida banan, shokolad daraxti, shakarqamish plantasiyalari barpo etilgan.
Tog‘larning 1000-1500 m dan yuqori bo‘lgan shimoli-sharqiy yonbag‘irlari eman, qarag‘ay, daraxtsimon paparotniklar (qirqquloqlar) bilan, 3200 m balandlikkacha bo‘lgan qismi eman, magnoliya, igna bargli daraxtlar bilan qoplangan. Bu mintaqalarda o‘rmonlar quyi mintaqaning nam tropik o‘rmonlariga nisbatan yaxshi saqlangan. Undan yuqorida subal’p va al’p o‘tloqzorlari joylashgan.
O‘lkaning janubi-g‘arbiy namlik yaxshi bo‘lgan va qizil tuproqlar rivojlangan quyi mintaqada seyba va sedrella o‘rmonlari o‘sadi. Atmosfera yog‘inlari kam tushadigan tog‘ etaklari mimoza va akasiyalardan tashkil topgan siyrak o‘rmonlar hamda kserofit butazorlar bilan qoplangan. Quyi mintaqaning o‘zlashtirilgan maydonlari tamaki va paxta ekinlari bilan band. Okean sathidan 600-900 m balandliklar oralig‘ida kofe yetishtiriladi. O‘rta mintaqaning o‘rmonlari eman, oq zirk, likvidambar va boshqa daraxtlardan tashkil topgan. O‘zlashtirilgan yerlarda
makkajo‘xori, bug‘doy, loviya, no‘xat kabi don ekinlari eqiladi. Yuqori mintaqada qarag‘ayzorlar keng tarqalgan bo‘lib, yel va pixtalar aralash holda o‘sadi. Yassi tog‘liklar yaylov sifatida foydalaniladi. Madaniylashtirilgan hududlarida kartoshka, arpa va dukkakli o‘simliklar ekiladi. Binobarin, o‘simliklar geografiyasini tahlili shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Amerikaning flora tarkibida Nikaragua tektonik botig‘idan shimolda Shimoliy Amerikaga xos turlar, janubda Janubiy Amerikaga xos turlar hukmronlik qiladi.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   124   125   126   127   128   129   130   131   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin