Sharqiy Yevropa tekisligi. Yevrosiyo materigi tekisliklari o’rtasida Sharqiy Yevropa tekisligi maydonining kattaligi jihatidan birinchi o’rinda turadi va yer usti tuzilishining murakkabligi bilan farq qiladi. Bu tekislik kembriydan oldin vujudga kelgan eng qadimgi kristall jinsli platforma ustida hosil bo’lgan. U sharqda Ural tog’ etaklaridan boshlanib, g’arbda Pol'sha va Shimoliy Germaniya hududlarigacha davom etadi. Asosiy rel’ef shakllari mustaqil nomlarga ega bo’lgan tekislik, pastekisliklar (Boltiqbo’yi, Dvina-Mezen, Pechora, Meshchera, Polese, Oka-Don,
Qora-dengizbo’yi, Kaspiybo’yi) va balandliklar, kryajlar (O’rtarus, Valday, Dneprbo’yi, Belorus, Bugulma-Belebey, Yal’pi Sirt, Timan, Donesk) dan iborat. Sharqiy Yevropa tekisligining o’rtacha mutloq balandligi 370 m atrofida bo’lib, eng baland nuqtasi qirlarda va kryajlarda 380 m gacha yetadi. Kaspiybo’yi pastekisligi platformaning eng chuqur sinklizasida shakllangan akkumulyativ tekisliklar tipiga kiradi. Uning yuzasi dunyo okeani sathidan -26, -28 m pastda joylashgan. Bu pastekislik eng yosh dengiz yotqiziqlaridan tarkib topgan, parchalanmagan mezorel’ef va mikrorel’ef shakllari hukmronlik qiladi.
G’arbiySibirpastekisligi. Ural tog’lari bilan O’rta Sibir yassi tog’ligi oralig’ida joylashgan bo’lib, G’arbiy Sibir pastekisligi Yer yuzidagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Uning yer yuzasi tuzilishi Sharqiy Yevropa tekisligi va Turon pastekisligi yer yuzasining tuzilishiga nisbatan ancha oddiyligi bilan farq qiladi. G’arbiy Sibir pastekisligi epigertsin plitasi ustida shakllangan bo’lib, uning zaminini dislokasiyalashgan va metomorflashgan paleozoy yotqiziqlari tashkil etadi. Tekislikning yuza qatlami esa mezozoy va kaynozoyning dengiz hamda kontinental yotqiziqlaridan tarkib topgan. G’arbiy Sibir hududi dengiz havzasidan o’rta oligosenda ozod bo’lgan. Yuqori paleogendan qum-gil kontinental yotqiziqlari to’plana boshlagan. G’arbiy Sibirning umumiy yuza ko’rinishi botiq shakliga ega bo’lib, uning o’rtacha balandligi markaziy qismida 50-100 m ni, Uralyoni qismida va Oltoy tog’ etaklarida 150-250 m ni tashkil etadi. Yer yuzasining umumiy nishabligi janubdan shimolga tomon juda sekin pasayib boradi. G’arbiy Sibir pastekisligi odatda to’rtta yirik geomorfologik oblastga bo’linadi: 1) Shimoldagi dengiz akkumulyativ tekisliklar; 2) muzlik va suv-muzlik tekisliklar; 3) muzlikyoni ko’l-allyuvial tekisliklar; 4) janubiy muzlikdan tashqari tekisliklar. Bu geomorfologik oblastlar to’rtlamchi davr rivojlanish tarixi, yangi tektonik harakatlarning namoyon bo’lish xususiyatlari hamda hozirgi zamon ekzogen jarayonlarning zonalligi bilan bir-biridan farq qiladi. G’arbiy Sibir Yevrosiyo tekisliklari va pastekisliklari orasida eng kuchli botqoqlangan hudud hisoblanadi. Bu o’lkada botqoqliklar va botqoqlangan o’rmonlarning umumiy maydoni 128 mln. ga dan ortiq.