MongoliyaOltoyi-Xentey. Bu tabiiy geografik o’lka Mongoliyaning shimoli- g’arbiy qismida joylashgan bo’lib, tog’ va tekisliklardan tashkil topgan. U tabiiy sharoiti jihatidan Shimoliy Osiyoning Janubiy Sibir tog’-tayga landshaftlaridan Markaziy Osiyoning eng qurg’oqchil yassi tog’lik cho’l landshaftlariga o’tishdagi o’tkinchi o’lka hisoblanadi. O’lka rel’efi uchun keng tarqalgan va katta balandlikka ko’tarilgan tog’ tizmalari, tog’oralig’i botiqlari va tekisliklar xarakterli. Asosiy tog’ tizmalari Mongoliya va Gobi Oltoyi, Xangay hamda Xenteylardan iborat. Tog’ tizmalari orasida eng kattasi va balandi Mongoliya Oltoyidir. U 1500 km masofaga cho’zilgan bo’lib, qadimgi kristalli slaneslar, granitlar, porfiritlar va porfiralardan tuzilgan. Tizmaning ayrim balandliklarida Al’p tipidagi rel’ef shakllari saqlangan. Eng baland nuqtalari Munx-Xayrxon-Ula tog’ida 4362 m ga va Tabin-Bogdo-Ola massividagi Nayramdal cho’qqisida 4356 m ga yetadi. Bu cho’qqilar muzliklar bilan qoplangan. Eng kattasi Potanin muzligidir. Gobi Oltoyi Mongoliya Oltoyining davomi bo’lib, 500 km masofaga cho’zilgan. Geologik strukturasi granit, qumtosh va ohaktoshlardan iborat. Eng baland joyi Ixe-Bogdo tog’ida 3957 m. Xangayning eng baland joyi Enx-Tayvan massivida 3905 m ga, Xenteyniki esa Dzaluchud tog’ida 2800 m ga teng.
Hududdagi tizma tog’lar oralig’ida tektonik botiqlar keng tarqalgan. Bu botiqlarning ko’pchiligida ko’llar uchraydi. Mongoliyaning g’arbiy qismida Mongoliya Oltoyi, Xangay va Tannu-Ola tog’lari oralig’ida Katta Ko’llar botig’i joylashgan. Uning maydoni 100 000 km2, dengiz sathidan balandligi 800 m dan 1500-2000 m gacha. Yer yuzasi qiya tekislik va mayda tog’lardan iborat. Katta qum massivlari va sho’rli yerlar ko’p. Botiqning past joylarida cho’l va chala cho’l landshaftlari, baland yerlarda dasht landshaftlari keng tarqalgan. Gobi Oltoyi bilan Xangay tog’i oralig’ida tekislik yuzasi 1400-2000 m bo’lgan ko’llar vodiysi joylashgan. Sharq tomonda Xentey bilan Katta Xingan o’rtasida dengiz sathidan 550-800 m baland ko’tarilgan keng botiq mavjud. Botiqning eng past joylari ko’llar va sho’rxoklar bilan band, uning janubi-sharqiy qismi Gobi yassi tog’ligi bilan tutashadi.
O’lkaning iqlimi quruq, keskin kontinental, qishda Osiyo maksimumi hukmronlik qiladi. Shu sababli qishi sovuq, kam qorli va serquyosh bo’ladi. Yanvarning o’rtacha harorati Ulan-Batorda -27°S ga teng, minimal harorat -50°S gacha pasayadi. Qattiq sovuqlar ko’pincha botiqlarda kuzatilib, harorat inversiyasi
vujudga keladi. Iyulning o’rtacha harorati o’lkaning shimoliy qismida +18°+19°S ni tashkil etadi, maksimal harorat +40°S gacha ko’tariladi. Yillik amplituda Yer shari bo’yicha eng yuqori bo’lib 90°S ga yetadi. Yog’in juda kam yog’adi, uning asosiy qismi yoz fasliga to’g’ri keladi. Yillik yog’in miqdori tog’ yonbag’irlarida 300-500 mm ga, botiqlarda 100-150 mm ga teng.
Past Markaziy Osiyoning boshqa hududlariga nisbatan bu yerda daryo to’ri yaxshi rivojlangan. Xangaydan boshlanuvchi Selenga, Orxon daryolari Baykal ko’liga quyiladi va Shimoliy Muz okeani havzasiga qaraydi. Xenteydan boshlanuvchi Korulen, Onon, Xaylar daryolari Tinch okean havzasiga qaraydi. Uncha katta bo’lmagan Dzabxon, Xunguy, Tes-Xem, Baydra-Gol daryolari berk havzalarga quyiladi. Barcha daryolar yozda to’lib oqadi, yozgi toshqin muzlikning erishi va yozgi siklon yomg’iri bilan bog’liq. O’lka hududida kelib chiqishiga ko’ra qoldiqli, tektonik va morena ko’llari uchraydi. Eng yirik qoldiqli ko’llar guruhi Katta Ko’llar botig’ida joylashgan. Bular Ubsu-Nur, Xirgis-Nur, Xara-Us-Nur, Xara-Nur, Duro-Nur va boshqa mayda ko’llardir. Ko’llar vodiysida Bon-Sagan-Nur, Orog-Nur ko’llari joylashgan. Sharqiy keng botiqda Dalay-Nur va Buyr-Nur ko’llari bor. Mongoliyaning shimoliy qismidagi tektonik cho’kmada, dengiz sathidan 1645 m balandda eng katta xushmanzarali Xubsugul ko’li joylashgan. U har tomondan baland tog’lar bilan o’ralgan, maydoni 2620 km2, maksimal chuqurligi 238 m.
Tog’larning shimoliy yonbag’irida o’rmonlar yaxshi rivojlangan. Janubga borgan sari o’rmonlar kamayib, ularning o’rnini dasht, chala cho’l va cho’l o’simliklari egallaydi. Xentey tog’ida va Xubsugul ko’li atrofida kedr, tilog’och va mayda bargli o’rmonlar uchraydi. Xangayda Sibir tilog’ochi va turli xil boshoqli o’tlar o’rmon-dasht landshaftlarini hosil qiladi. Gobi Oltoyi o’rmonlardan holi bo’lib, uning quyi mintaqasi cho’l, yuqori mintaqasi dasht o’simliklaridan tarkib topgan. Botiqlarda va o’lkaning sharqiy qismida cho’l va dasht o’simliklari siyrak holda o’sadi. O’rmonlarda tog’-podzol, dashtlarda tog’-kashtan, qora tuproqlar rivojlangan. Tog’larning 2300-2500 m dan yuqori qismida subal’p o’tloqlari, undan balandda tog’ tundra mintaqasi joylashgan. Qor chizig’i 3000-3500 m balanddan o’tadi. Fauna tarkibida Sibir taygasi va Markaziy Osiyo cho’llariga xos hayvonlar uchraydi. Tog’ o’rmonlarida qo’ng’ir ayiq, los, moral, kosulya, yovvoyi cho’chqa yashaydi. Dashtlarda Mongoliya sayg’og’i, antilopa, jayron, qo’shoyoq, tarbag’an sug’uri, bo’ri va tulkilar ko’p uchraydi.