Yapon orollari. Sharqiy Osiyodan Yapon dengizi orqali ajralib turgan Yapon orollari to’rtta yirik orol - Xokkaydo, Xonsyu, Sikoku, Kyusyularni, ulardan janubda joylashgan Ryukyu arxipelagini va boshqa mayda orollarni o’z ichiga oladi. Yapon orollari shimoldan janubga tomon 2300 km dan ziyod masofaga cho’zilgan. Maydoni 384 ming km2.
Yapon orollari Aleut, Kuril va Filippin orollari bilan birgalikda Tinch okean geosinklinal mintaqasiga kiradi. Orollar o’zining shakllanish tarixida paleozoydan boshlab so’nggi davrgacha bir necha burmalanish bosqichlarini boshdan kechirgan. Tog’ hosil bo’lish jarayoni ayniqsa mezozoyda kuchli bo’lib, vulkanlar faol harakat qilgan. Kaynozoyga kelib mezozoy qurilmalari qaytadan burmalangan. Neogen va antropogenning boshida yuz bergan vertikal harakatlar Yapon orollarining hozirgi rel’ef shakllarini vujudga keltirgan. Bu davrda vulkanlar faoliyati kuchli bo’lgan. Yaponiyada mavjud bo’lgan 150 ta vulkandan 40 tasi hozir ham harakatdagi vulkan hisoblanadi. Aksariyat vulkanlarning konuslari orollar rel’efini tuzilishida yetakchi rol o’ynaydi va ularning eng baland nuqtalari bo’lib xizmat qiladi. Bu yerda seysmik harakatlarning intensivligi yer yuzasining doimiy ravishda o’zgarib turishiga ham ta’sir ko’rsatadi.
Yaponiya orollari tog’lik va servulkan orollar bo’lib, pastekisliklar kam uchraydi. Orollardagi barcha tog’lar uchun bo’ylama yo’nalish xarakterli. Xokkaydo (77,7 ming km2) orolida joylashgan o’rtacha balandlikdagi Kitami va Xidaka tog’lari shimoli-g’arbdan janubi-sharqqa tomon cho’zilgan. Ular granit, kvarsit, ohaktosh va slaneslardan tuzilgan. Orolning eng baland nuqtalari Asaxi (2290 m), Tarumae (1893 m), Meakan (1503 m) va boshqa harakatdagi vulkanlar hisoblanadi. Isikari pastekisligi orolning asosiy qismidagi tog’larni Osima yarim orolidagi tog’lardan ajratib turadi.
Xonsyu Yaponiyaning eng katta oroli bo’lib, uning maydoni 223,4 ming km2, qirg’oq chizig’ining uzunligi 8298 km. Yaponiyaning 75% aholisi shu orolda joylashgan. Uning rel’efida past va o’rtacha balandlikdagi tog’lar ustunlik qiladi. Bu tog’lar Al’p burmalanishi natijasida ko’tarilgan qadimiy tekislangan yuzalardir. Orolning shimoliy qismidagi tog’lar vodiylar va botiqlar bilan ajralgan uchta
bo’ylama tizmadan iborat. Markaziy qismida Oybosh tizmasi joylashgan. Tizmadagi Ivate vulkani dengiz sathidan 2040 m baland. Bosh tizmadan g’arbda Deva tog’lari, sharqda Kitamaki va Abukuma tog’lari sohil bo’ylab cho’zilgan. Orolning o’rta qismida shimoliy va janubiy tog’ tizmalarini birlashtirb turgan Yaponiyaning eng baland, servulkan, seysmik harakatchan, chuqur tektonik uzilmalar bilan kesilgan yirik tog’ massivi joylashgan. Bu massivni Buyuk graben deb ataluvchi tektonik cho’kma Tinch okean sohilidan Yapon dengizi sohiligacha kesib o’tgan. Cho’kma vulkanik jinslar bilai to’lgan. Buyuk graben bo’ylab Yaponiyaning eng baland vulkani Fudziyama (3776 m) hamda Yarigatake (3190 m), Ontake (3063 m), Xanusan (2702 m) vulkanlari serjilo tabiati bilan yuksaklikka qad ko’tarib turibdi. Buyuk grabendan janubi-g’arbda Yaponiya Al’pi deb nom olgan va Al’p rel’ef shakllari xos bo’lgan Akaisi, Kiso va Xida tog’lari joylashgan. Orolning dengiz sohillarida va tog’oralig’i botiqlarida uncha katta bo’lmagan tekisliklar mavjud. Bular Kanto, Nobi, Kinki, Etigo va boshqa tekisliklardir. Sikoku orolida Surugi (1955 m) vulkani va Kyusyu orolida Kudzyu (1788 m), Aso (1592 m) va Kirisima (1700 m) vulkanlari past tog’lar ustidan yuqoriga bo’y cho’zib turadi. Bu orollardan janubda 98 ta mayda orollardan tarkib topgan yoysimon shakldagi Ryukyu arxipelagi joylashgan.
Yapon orollarining iqlimi mo’tadil va subtropik musson iqlim. Xokkaydo oroli va Xonsyuning shimoliy qismi mo’tadil mintaqada, Xonsyuning janubiy qismi, Sikoku, Kyusyu va Ryukyu orollari subtropik mintaqada joylashgan. Yozda tropik musson ta’sirida havo issiq va dim bo’ladi. Shimolda Oyya-Sivo sovuq oqimi tufayli harorat bir oz pasayadi. Iyulning o’rtacha harorati shimolda Xokkaydo orolida
+17°+210S ni, janubda Kyusyu orolida +25°+27°S ni tashkil etadi. Qishda sovuq havo massalari Yaponiyaning shimoliy qismiga ko’proq ta’sir etadi va haroratni pasaytiradi. Yanvarning o’rtacha harorati Xokkaydoda -3°-10°S ga, Kyusyu orolida
+8°S ga teng. Yaponiyaning janubiy qismida tayfunlar tez-tez takrorlanib, juda katta talafotlar keltiradi.
Yaponiyada daryolar va ko’llar juda ko’p, ammo ular qisqa va kichik. Xokkaydodagi Tesio (491 km) va Isikari (365 km) daryolari Yapon dengiziga quyiladi. Xonsyu orolida Sinano, Tone, Kiso daryolari bor. Ular musson yomg’irlaridan va qor suvlaridan to’yinadi. Yaponiyaning eng katta ko’li Xonsyudagi Biva (716 km2) tektonik ko’lidir. Xokkaydodagi vulkan kraterlarida Kuttyaro (76 km2), Sikosu (72 km2) va boshqa vulkanik ko’llar hosil bo’lgan. Dengiz sohillarida laguna ko’llari ko’p uchraydi.
Aholi nihoyatda zich joylashgan bo’lishiga qaramasdan Yaponiyaning 60% maydoni o’rmonlar bilan band. Ular shimoldan janubga tomon kenglik zonallik, tog’larda balandlik mintaqalari bo’ylab tarqalgan. Xokkaydoning shimoliy qismi Saxalin pixtasi, Xokkaydo yeli, qisman tilog’ochdan tarkib topgan tayga o’rmoni bilan qoplangan. Taygada podzol va torfli botqoq tuproqlar rivojlangan. Xokkaydoning janubidagi va Xonsyuning shimolidagi qo’ng’ir o’rmon tuproqlari keng bargli o’rmonlar bilan qoplangan. Uning tarkibi buk, eman, zarang, Manjuriya shumtoli, Yaponiya sarv daraxti, quyi yarusi yovvoyi gilos, magnoliya,
bambuklardan iborat. Tog’larda 500 m dan balandda keng bargli o’rmonlar igna bargli o’rmonlar bilan, undan yuqorida subal’p butazorlari bilan almashinadi.
Xonsyuning Xitati-Nomo yarim oroli kengligidan janubda doimiy yashil subtropik o’rmonlar paydo bo’ladi. Bu o’rmonlarda doimiy yashil eman, kamfar dafnasi, Yaman qarag’ayi, Yapon sarv daraxti, tuya, tis, kriptometriyalar ko’pchlikni tashkil etadi. Quyi yarusda bambuk, magnoliya, azaliya, aukubalar o’sadi. Yaponiyaning subtropik o’rmonlari aholi zich bo’lganligi sababli ko’proq kesilgan va ularning o’rnini turli xil madaniy o’simliklar egallagan. Tog’larning 500-800 m dan yuqori qismida subtropik o’rmonlar igna va keng bargli aralash o’rmonlar bilan, undan yuqorida tog’ taygasi bilan almashinadi. Kyusyu orolining janubiy qismida tipik tropik o’rmonlar shakllangan. Doimiy yashil subtropik o’rmonlar tog’ bag’irlab 1000 m gacha ko’tarilgan. Ryukyu orollarining 300-500 m balandligigacha bo’lgan qismi ham tropik o’rmonlar bilan qoplangan.
Yapon orollarining tekisliklari, daryo vodiylari va dengiz sohillari kuchli o’zlashtirilgan. Subtropik mintaqadagi o’zlashtirilgan yerlarda bug’doy, arpa, sholi, shakar qamish, araxis, batat, dukkaklilar ekiladi. Terrasalashtirilgan tog’ yon bag’irlarida sitrus plantasiyalari, choy butazorlari, tutzorlar, bambukzorlar barpo etilgan. Barcha orollar fauna turlariga ancha kambag’al. Xokkaydoda qo’ng’ir ayiq, olmaxon, sobol uchraydi. Subtropik o’rmonlarda janubga xos turlar-yapon qora ayig’i, makakalar yashaydi. Yenotsimon it keng tarqalgan. Suvda va kuruqlikda yashaydigan hayvonlardan salamandra saqlanib qolgan. Yaponiyada tabiatni muhofaza qilishga va uni sog’lom saqlashga katta ahamiyat beriladi. Xokkaydoda tashkil etilgan Taysetsudzan, Xonsyudagi Nikko va Kyusyudagi Aso milliy parklari buning isbotidir.