Hind-Gangpastekisligi. Hind-Gang pattekisligi Himolay tog’lari bilan Hindiston yarim oroli oralig’ida joylashgan bo’lib, shimoliy chegarasi Himolay tog’ etaklaridan, janubiy chegarasi Dekan yassi tog’ligi etaklaridan o’tadi. U g’arbda Arabiston dengizi sohilidan sharqda Bengal qo’ltig’i sohiligacha 3000 km masofaga cho’zilgan, eni 250-350 km. Hind va Gang daryolari havzalari o’rtasida 250 m gacha ko’tarilgan suvayirg’ich, pastekislikni ikki qismga-g’arbiy va sharqiy qismlarga bo’ladi. Pastekislikning yuzasi suvayirg’ichdan daryo oqimi bo’ylab dengiz sohiligacha juda sekin pasayib boradi. Masalan, pastekislik yuzasining pasayishi o’rta qismida 1 km masofada 35 sm ni, quyi qismida 10 sm ni tashkil etadi. Allyuvial tekislikning ayrim joylaridagina jarlar uchraydi.
Kaynozoyda mavjud bo’lgan tog’oldi bukilmasidagi dengiz havzasi tog’lardan keltirilgan nuroq jinslar va allyuvial yotqiziqlar bilan to’la borgan. To’lish jarayoni bukilmaning cho’kish jarayoni bilan birgalikda davom etgan. Shuning uchun pastekislikni hosil qilgan qadimgi allyuvial yotqiziqlarning qalinligi 2500 m gacha yetadi. Hozirgi allyuvial yotqiziqlar mayda zarrachali qumoq-gillardan tarkib topgan. Sharqda pastekislik Bengal qo’ltig’i yaqinida maydoni 80 000 km2 bo’lgan Gang va Braxmaputra del’tasi bilan tugaydi. Del’tada daryolar ko’plab shoxobchalarga bo’lingan, botqoq bosgan yerlar keng tarqalgan. Hind-Gang pastekisligi o’lka tabiiy sharoiti jihatidan farq qiladigan bir necha qismlarga bo’linadi. Gang va Braxmaputra daryolarining quyi qismi Bengal pastekisligi, Hind pastekisligining yuqori qismi Panjob, o’rta va quyi qismi Sind pastekisligi deb ataladi. Hind pastekisligidan sharq tomonda Tar cho’li joylashgan.
O’lkaning sharqiy qismida, ayniqsa Bengal, Assam pastekisliklarida va Shillong massivida nam tropik iqlim hukmron. Yozda Hind okeanidan esadigan
ekvatorial passatlar katta miqdorda namgarchiliq olib keladi. Yiliga 1000-2500 mm atrofida yog’in tushadi. Shillong platosining janubiy yonbag’rida, 1358 m balandlikda joylashgan Cherrapunjada yog’in miqdori 12 000 mm dan ham oshadi. G’arbga borgan sari iqlim kontinentallashib boradi. Hind tekisligi Gang pastekisligiga nisbatan juda quruq. Bu yerga janubi-sharqiy musson ancha kuchsizlashib keladi, shimoli-g’arbiy shamollar esa quruqlikdan esadi. Uning hamma qismida yog’in miqdori 500 mm dan oshmaydi. Jumladan, yillik yog’in miqdori Panjobda 400 mm ni, Tar cho’lida 100-150 mm ni tashkil etadi. O’lkada kuchli issiq may oyida boshlanadi, o’rtacha harorat +30°+32°S ga yetadi. G’arbda yuqori harorat +38°S gacha ko’tariladi. Yanvarning o’rtacha harorati +18°+20°S ga teng. Pastekislikning musson iqlimli sharqiy qismida g’arbiy qismiga nisbatan daryo to’ri yaxshi rivojlangan. Allyuvial yassi tekislikni tog’lardan oqib tushadigan Hind, Gang, Braxmaputra, Jamna daryolari kesib o’tgan. Ularning irmoqlari Himolay tog’laridan boshlanib musson yomg’irlari, qor va muzlik suvlaridan to’yinadi. Hind havzasida va Gang havzasining g’arbiy qismida kanallar, to’g’onlar va suv omborlari qurilgan.
Gang daryosining vodiysida va del’tasida botqoq landshaftlar rivoj topgan. Botqoqlarda baland bo’yli o’tlar, orxideylar, paporotniklar, bambuklar, uzun bargli nipa palmasi va lianalar o’sadi. Suv havzalarida hind nilufari ko’p uchraydi. Gang va Braxmaputra del’tasining ancha qismi mangra va doimiy yashil o’rmonlar bilan qoplangan. Qishloqlar atrofini mango, figi daraxtlari, bambukzorlar, o’lkan bananlar o’rab olgan. O’lkaning g’arbiy qismidagi sho’rxok va qumli cho’llarda siyrak holda sho’ra, saksovul, yantoq va boshqa kserofit o’simliklar o’sadi. Ganga pastekisligida aholi nihoyatda zich joylashganligi tufayli tabiiy landshaftlar juda kam saqlangan. O’zlashtirilgan yerlarda sholi, shakarqamish, makkajo’xori, tariq, bug’doy, tola beradigan jut kabi madaniy ekinlar ekiladi. Bengal va Assam pastekisliklarida banan, kokos palmasi va choy plantasiyalari barpo etilgan. Hind tekisligida don va sabzavot ekinlari bilan bir qatorda ko’plab paxta ham ekiladi. Umuman, Gang pastekisligining o’rta va yuqori qismida, Hind tekisligida sug’orma dehqonchilik yaxshi rivojlangan.